Yesterday

“O‘zbekgidroenergo” AJ va Jahon banki guruhi o‘rtasida respublikamizda mikro GES loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha uchrashuv o‘tkazildi

“O‘zbekgidroenergo” AJda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-martdagi “Respublika hududlarida mikro gidroelektr stansiyalari tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-129-son qarori ijrosini ta’minlash doirasida Jahon banki guruhi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Uchrashuvda respublika hududlarida mikro va kichik gidroelektr stansiyalarini rivojlantirish, istiqbolli loyiha maydonlarini aniqlash, ularni texnik-iqtisodiy jihatdan baholash, moliyalashtirishga tayyorlash hamda xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Mazkur Qarorga muvofiq, 2025-2026-yillarda jami quvvati 164 MVt bo‘lgan 2 983 ta mikro GES qurish, yiliga 500 mln kVt.soat ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqarish hamda yangi mikro GESlarni ishga tushirish hisobiga 200 ming nafar aholini elektr energiyasi bilan ta’minlash rejalashtirilgan. Shuningdek, aholi va sanoat korxonalarining yillik tabiiy gaz iste’molini 150 mln metr kubga kamaytirish hamda 251 ming tonna karbonat angidrid chiqindilarini qisqartirish ko‘zda tutilgan.

Muloqot davomida mazkur maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish uchun loyiha portfelini shakllantirish, istiqbolli maydonlarni saralash, suv resurslari va gidrologik ko‘rsatkichlarni chuqur tahlil qilish, shuningdek, loyihalarning banklar va investorlar uchun jozibadorligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.