«Xo‘jaobod» konida yangi FES qurilmoqda
UzLITI Engineering kompaniyasi qator yirik loyihalarni, jumladan, Andijon viloyatidagi «Xo‘jaobod konida muqobil elektr energiyasi manbai»ni ishlab chiqishda ishtirok etmoqda.
Loyiha bosh muhandisi Umid Bahodirov bu borada amalga oshirilayotgan ishlar haqida gapirib berdi:
«Loyihani belgilangan me’yoriy hujjatlarga muvofiq ishlab chiqilgan fotoelektrik stansiyasini qurish bosh rejasi asosida amalga oshirmoqdamiz. Fotoelektrik konvertorlar, ularni joylashtirish uchun metall konstruksiyalar, tarmoq stringli invertorlar, shuningdek, qo‘riqlash va server xonalari bo‘lgan ma’muriy bino qurilishi ko‘zda tutilgan. FESning umumiy quvvati 5 MVt bo‘lib, ikki bosqichda — 3 MVt (I bosqich) va 2 MVt (II bosqich) — quriladi va stansiyaning o‘zi, yer usti elektr tarmoqlari va 220 kVt quvvatga ega podstansiyani o‘z ichiga oladi. Shu bilan birga, energiya ishlab chiqarish zonasi 4 massivga bo‘lingan, u yerda fotoelektrik panellar o‘rnatilgan va atrofdagi hudud jihozlanadi, xodimlarga xizmat ko‘rsatish qulay bo‘lishi uchun 20–40 fraktsiyali shag‘al bilan qoplangan. Barcha 4 ta KTP (0,4/6 kV kuchlanishli komplekt-transformator podstansiyalari) markaziy invertor bilan tarmoqqa birlashtirilgan. Fotoelektrik generatsiya zonasining o‘zi esa panjara bilan o‘ralgan va 2 ta qo‘riqlash punkti bo‘lishi ko‘zda tutilgan».
Drenajlar FESning butun hududida mavjud oqava suv tizimiga quyilishi ko‘zda tutilib loyihalashtirilgan va transport yo‘llari ikki xil fraktsiyali shag‘al bilan qoplanmoqda, bu ularning mustahkamligini ta’minlaydi. Ikkita bino — nazorat-o‘tkazish punkti va konteyner tipidagi nazorat-o‘tkazish punkti bo‘lgan ma’muriyat binosi bo‘lib, atrofi obodonlashtiriladi. Quyosh panellari monolit temir-beton poydevorlarga o‘rnatilgan metall ramkalarga qotirilmoqda.
«Elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun loyiha SYMN144TBD570 tipidagi fotoelektrik konvertorlardan foydalanishni nazarda tutadi. Doimiy tok quvvatini yig‘ish uchun 125 KTLX-G4 tipidagi uch fazali invertorlarni o‘rnatish ta’minlanadi. Doimiy tok kabel liniyalari metall konstruksiyalarga yotqizish uchun mo‘ljallangan, o‘zgaruvchan tok tarmoqlari esa invertorlardan NO‘Pgacha yerdagi transheyaga yotqizilgan», — dedi Umid Bahodirov.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, loyihani amalga oshirish bo‘yicha ishlar 50 foizga bajarilgan bo‘lib, bugungi kunda ish sur’ati yuqori.