April 27, 2019

Denovda yoshlarning huquqiy madaniyatini oshirish va huquqiy ongini yuksaltirishga bagʻishlangan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi

2018-yil 26-aprel kuni Termiz davlat universiteti Denov filialida “Yoshlar kelajagi-qonunga rioya qilishdan boshlanadi” loyihasi doirasida navbatdagi targʻibot tadbirlari boʻlib oʻtdi.

Tadbirni filiali direktori U.Eshkarayev kirish soʻzi bilan ochib, uchrashuvga tashrif buyurgan mutaxassislar va yigʻilish kun tartibidagi masalalarbilantanishtirib oʻtdi. Shundan soʻng soʻzni Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi muassisligidagi “Yosh huquqshunoslar” Kengashi boʻlim boshligʻi N.Jumayevga berdi. N.Jumayev oʻz soʻzida Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyov tashabbusi bilan bugungi kunda yoshlar kelajagi uchun davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratilib, yoshlarga barcha imkoniyat va qulayliklar yaratib berilayotganligi, yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish, yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya etish, ularni har tomonlama barkamol boʻlib voyaga yetishi uchun qisqa davr mobaynida muayyan ishlar amalga oshirilgani, bu borada 45 dan ziyod meʼyoriy hujjatlar qabul qilingani haqida taʼkidlab oʻtdi.

Shuningdek, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining yoshlarga berilayotgan imtiyozlari haqida ham qisqacha fikr yuritlib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi oʻrtasida 2017-yil 5-dekabrda imzolangan yoshlar masalalari sohasidagi oʻzaro hamkorlik Memorandumi toʻgʻrisida ham gapirib oʻtdi. Uchrashuv davomida yigʻilganlarga mavzuga oid videorolik namoyish etildi.

Shundan soʻng Yosh huquqshunoslar Kengashi masʼul xodimi B.Jumayev soʻzga chiqib, yoshlar oʻrtasida tashqi mehnat migratsiyalari toʻgʻrisida oʻzlarining kerakli maʼlumotlarini berib, talabalar bilan fikr almashishdi. Uchrashuv davra suhbati tarzida oʻtkazilib, unda talabalar oʻzlari qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan kerakli javob olishdi. Uchrashuv soʻngida savol-javobda faol ishtirok etgan talabalarga Markaziy Kengashi muassisligidagi “Yosh huquqshunoslar” Kengashi masʼul xodimlari tomonidan eng sara kitob va mavzuga oid tarqatma materiallari topshirildi.