Hayotimning oyna pardalari
Har tong hayotim yangi sahifa ochadi.
Soat 6:30 da uygʻonib, yana oʻsha tanish, biroq qaysidir maʼnoda begona boʻlgan kunni qarshi olaman. Koʻzguga qarab, oʻzimga yuzlandim: "Bugun kim boʻlaman ?" Bu savollarga baʼzan javob topish oson emas.
Yangi maktab. Bir hafta avval hayotimning navbatdagi burilish nuqtasi bo‘ldi. Bu yerda hammaga tanish bo‘lishni xohlardim, lekin odamlarning nigohi faqat bir lahzalik edi. (sir bo'laqolsin) degan bola menga yaqinlashdi. Oddiy salom, keyin bir-ikki kulgu. Biz birga yuramiz, kechqurun gaplashamiz. Lekin har safar suhbat tugaganda ichimda savol tug‘iladi: bu chin do‘stlikmi yoki vaqtinchalik tanishlik?
Do‘stlik... Bir paytlar men chin dildan ishonardim. Biroq bir kun kelib bu tuyg‘u so‘nib, uning o‘rniga bo‘shliq qoldi. Endi o‘zimga va yolg‘izligimga suyanaman. O‘tmishdagi tajribalarimni kitobga yozmoqchiman. Har bir sahifada haqiqiy hissiyotlarni aks ettirishga intilaman: o‘zgacha do‘stlik, kutilmagan xiyonatlar va boshqalar.
Hayotimning eng og‘ir damlari esa kichkina Ominaa bilan bog‘liq. Uning go‘zal jilmayishi hali ham qalbimda jaranglaydi. Uch oy davomida bu dunyoga quvonch olib kelgan bu mo‘'jaz yurak birdan to‘xtadi. O‘sha kuni ichimda nimadir uzildi. Unga atalgan sahifalarim yurakni teshib o‘tadigan real voqealarga to‘la bo‘ladi.
Kechqurun yotoqxonamga qaytaman. Yozuv stoli, daftarlar va kitoblar... Ularga boqib, yana bir bor o‘z hayotimni qayta ko‘rib chiqaman. Hayotimning oyna pardalari orqasida nimani yashiraman? Balki yolg‘izlik, balki kuchli iroda. Ammo bu men – IyaMakh!
Har bir qiyinchilikni ko‘tarib, faqat oldinga intilaman. Balki yangi kun yana nimadir o‘rgatar, balki yangi hikoya boshlanar. Lekin bitta narsa aniq: men hayotimni o‘zgartirishni davom ettiraman.