February 26

Shirinliklar festivali

#5

Doʻkon... Kunning yarmi va yana mijozlar oʻtiradigan stulda oyoqlarimni choʻzib soat chiqqillashini eshityapman. "Chiq-chiq, chiq-chiq...". Shu kunlarda mijoz kamaygan. Balki bizning davr tugab biz omadsiz deb sanagan odamlarniki boshlangandir? Bu aniq, axir hozir Pavellar doʻkonida mijozlar keti uzilmaydi. Bu keskin burilish, ular uchun.

Men shu oʻylar bilan band oʻtirganimda biroz uzoqroqdan yangi keltirilgan idishlarni joylayotgan dadamning sokin ovozlari eshitildi:

— Bugun deyarli mijoz yoʻq. Oʻzim eplay olaman hozircha. Sen bir Pavellar doʻkoniga aylanib kelchi, biror shirinlik sotib ol. Ularning qaysi ingriendlari bunchalik mashhur qilganiga qiziqayapman.

— Hop — dedim-u dadamdan yetarli miqdorda pul olganimdan soʻng iliqroq ustki kiyim kiyib, atrofni kuzatgancha Pavellar tomon yoʻl oldim.

Pavellar do‘koni – bu oddiy savdo nuqtasidan ko‘ra ko‘proq narsani anglatadi. U tashqaridan ko‘rimsiz bo‘lsa-da, ichkariga kirgan zahotingiz darrov o‘zgacha muhitga tushib qolgandek his qilasiz. Do‘kon eshigi tepasidagi kichik jiringlovchi qo‘ng‘iroq har bir mijozni iliq kutib olgandek, mayin ohangda jaranglaydi.

Ichkarida shirinliklarning o‘ziga xos hidi havo bilan qorishib, beixtiyor og‘izni sug‘urtiradi. Tokchalar did bilan joylashtirilgan, har bir maxsus shirinlik o‘zining yorqin, jozibali qadoqlarida turib, xaridorlarni o‘ziga chorlaydi.

Mijozlar – asosan yosh bolalar, talabalar va hatto yoshi kattalar. Ularning yuzlarida Pavellar mahsulotlariga bo‘lgan ishonch ifodasi bor. Har biri qo‘lidagi qog‘oz paketni mahkam ushlagancha kassaga yaqinlashmoqda.

Do‘kon devorlariga qizg‘ish, issiq yorug‘lik tushib turibdi, shirinliklarning jilosi bu nurni yanada jonlantirgandek. Har burchakdan o‘zgacha shirinliklar nomlari yozilgan jadvallar ko‘zga tashlanadi: "Oltin karamelli bulochkalar", "Gilosli ko‘klam torti", "Sirli vanilli truffle".

Orqa tomonda esa kulib turgan sotuvchi – Pavellar do‘konining eng muhim qismi. Uning yuzi do‘stona, lekin ayni paytda mag‘rur va g‘ururlangan. Axir u do‘konining mashhurligidan yaxshi xabardor. U mendan nima olishimni so‘rashdan oldin, biroz vaqt ko‘zlarini suzdirib kulimsiraydi.

— Qani, mehmon, nima sotib olmoqchisiz? – deydi u, qiziqish bilan birga istehzoli ohangda.

Sotuvchi hali ham jilmaygancha menga tikilib turardi. Tokchalarga tezda ko‘z yugurtirib, eng e’tiborni tortgan shirinlikni tanladim. U qalin, yumshoq va yuzasi shokolad parchalari bilan qoplangan kekslar edi. Qadoq ustida mayda, bejirim yozuv bilan “Tilla tong keksi” deb yozilgandi.

— Bir pachka "Tilla tong keksi" olaman, — dedim, hali ham sotuvchining sirli ohangidan chiqmagan holda.

U sekin bosh irg‘ab, kekslarni oppoq qog‘oz paketga joylarkan, yana qiziqarli narsa aytishidan umid qilib kutdim.

— Zo‘r tanlov, — dedi u nihoyat. — Bilasanmi, bu keksni tatib ko‘rgan odamlar ba’zan tushlarida g‘alati narsalarni ko‘rishadi… ba’zida esa, umuman hech narsa.

Uning bu gapidan biroz sergak tortdim, lekin o‘zimni bildirmadim. Pulni uzatdim va paketni olib tashqariga chiqdim. Do‘kon eshigidan chiqqach, qo‘limdagi shirinlikka qarab qoldim. Chunki koʻzimga tanish koʻrindi, qayerdadir shu kabi keksni koʻrganman... Lekin eslolmayapman. Ha mayli, axir koʻpchilik shirinliklar koʻrinish jihatdan biroz oʻxshash boʻladi, balki ularda ham yetkazib berish xizmati bordir? Hm... Hozir bu unchalik muhim emas. Gʻalati narsalar aslida juda koʻp.

Uyga qaytish uchun unchalik uzoq vaqt ketmadi. Borganimdan koʻra qaytishim tezroq boʻldi. Chunki men bu kekslarni tezroq tatib koʻrmoqchiman. Doʻkonimizga qaytganimdan soʻng dadam turgan peshtaxta tomon yurar ekanman oldinga qaraganda ifodalari anchagina jiddiylashganini payqadim. Albatta bunga sabablar olam-olam.

Men kekslarni qadogʻidan xalos qilganimdan soʻng dadam ulardan birini qoʻliga olib oʻziga yaqinlashtirgancha oldiniga uzoq tikilib turdi keyiniga esa huddi buni oldin koʻrgandek zerikarli tikildi, yoʻq balki ajablangandir? Oʻzim ham oldin qayerdadir koʻrganim uchun shunday deb oʻylayapmanmi? Xullas bu ifoda tushunarsiz, balki jaxllari chiqqandir?

— Sen Pavellar doʻkoniga bormadingmi? — deb soʻradilar toʻsatdan.

— Bordim. Bu shirinlik Pavellar doʻkonidan — javob berdim biroz hayron boʻlib.

— Ular hech qachon bunday keks pishira olmaydi, toki mahsulotlarning vazifasini toʻliq anglamaguncha. Lekin bu yerda hozir boshqa narsa — deganlaridan soʻng keksning ustiga butunlay qoplangan kichik shokolad zarrachalarini tarelkaga sekin toʻkdilar — Mana! Koʻrinishi ham hidi ham Andrey oilasining retseptlaridan biri, nega ular buni tayyorlab shunchaki ustiga shokolad zarrachalarini toʻkib qoʻyishgan?! Bu haqiqiy nohaqlik! — bunchalik sezgir qandolatchi boʻlish uchun qanchalik aqlli boʻlish kerak?

Qandolatchi Andrey bizga qoʻshni shaharda yashaydi. Bu shaharga kamdan kam keladi, lekin dadam bilan yaqin doʻst deb oʻylayman.

Men dadamning qovog‘i osilgan chehrasiga qarab qoldim. U tarelkadagi shokolad zarrachalariga go‘yo jinoyat dalilidek tikilar, barmoqlari esa bilinmasdan mushtga aylana boshlagandi.

— Dada, bu shunchaki keks-ku, — dedim yumshoq ohangda. — Balki shunchaki tasodifdir? Retseptlar bir-biriga o‘xshab ketishi mumkin axir.

U menga jiddiy qaradi. Ko‘zlarida shubha, hayrat va biroz achchiqlik bor edi.

— Yo‘q, bu tasodif emas, — dedi u sekin. — Andreyning oilaviy retseptlari shunchaki oddiy retseptlar emas. Har birining o‘z tarixi, sirli jihati bor. Ularni shunchaki o‘g‘irlab, Pavellar do‘koni nomidan sota olishmaydi!

U chuqur nafas oldi va qo‘lidagi keksni yana bir bor sinchkovlik bilan ko‘zdan kechirdi.

— Lekin tushunmayapman... agar bu haqiqatdan ham Andrey oilasining retsepti bo‘lsa, unda Pavellar do‘koni buni qayerdan oldi? Andrey bu shaharga kam keladi. Demak, kimdir unga yaqin bo‘lgan yoki... kimdir bu retseptni qandaydir yo‘l bilan qo‘lga kiritgan.

Men asta bo‘shashgan holda stulga o‘tirdim. Oddiygina keks sotib olish shu qadar sirli holatga aylanib ketishini kutmagandim.

— Balki Andrey amakining o‘zi ularga berib qo‘ygandir? — dedim ehtiyotkorlik bilan.

Dadam bosh chayqadi.

— Uning bunday qilishiga ishonmayman. Lekin buni tekshirish kerak.