February 25

Shirinliklar festivali

#4

Oradan vaqt oʻtib darslar bir-biriga joy boʻshatishda davom etar, vaqti-vaqti bilan tanaffus boʻlganligini bildiruvchi moslama jaranglab turardi. Aynan shu paytda barcha sinf eshiklari ochilib tashqariga oʻquvchilar huddi chumolilar uyasidan chiqqanlari kabi chiqib kelishganida sokinlik butunlay yoʻqolib, atrof ularning turli xil gap-soʻzlari, qahqahalari-yu shovqinlariga toʻladi.

Kichik ammo ogʻir sumkamni yelkamga osgancha osmondagi tiniq koʻrinib turgan bulutlarga tikilib maktabning oʻrtacha kattalikdagi darvozasidan tashqariga chiqib kelayotganimda ortimdan tanish ovoz eshitildi:

— Ozodlik~... — dedi u hoʻrsingan koʻyi koʻzlari yengil yumilib.

Men ortga oʻgirilganimda u parallel sinfdagi qiz ekanini bildim. Uni doʻstim desam ham boʻladi, chunki u bilan deyarli yarim yildan buyon yaqinmiz:

— Salom, Eliza! — dedim unga qarab sekin qoʻl silkib.

— Oho, kimlarni koʻryapmiz? — dedi u quvonib, men tomon qadam tashladi.

— Koʻrinmay ketding?

— A, men doim shu yerdaman. Darslar turli vaqtlarda tugaydi axir — hotirjam javob berdi Eliza.

Biz suhbatni tugatmay uylarimiz tomon yurib suhbatlashishni davom ettirdik. Yoʻlimiz bir xil, faqat mening uyim unikidan ikki bekat uzoqroq.

— Dars jadvalingiz oʻzgardimi deyman? — soʻradim men atrofdagi ulkan, ammo yoʻl chetida qad rostlab turgan yoʻgʻon daraxtni kuzatib.

— Yoʻq albatta. Shunchaki geografiya oʻqituvchini tobi yoʻq ekan. Dars boʻlmasligi aniq edi, shunga chiqib kelaverdimda.

— Tushunarli...

Oradan bir necha daqiqa vaqt oʻtganidan soʻng Eliza undan yana soʻradi:

— Aytgancha, festival haqida gaplashmadik. Nima boʻldi oʻzi? Lekin, bu safar ham gʻolib boʻlishingizni kutgandim — dedi u jilmayib.

— Eh... Omadim kelmadi-da! Keyingi safar yaxshiroq harakat qilaman — dedim yelka qisib.

Eliza bir oz sukut saqladi,
keyin esa birdan esiga nimadir tushgandek davom etdi:

— Aytgancha! Pavellar oilasi yangi shirinliklarini taqdim qila boshlagan ekan.

Men unga ajablanib qaradim:

— Pavellar? Ular festivalda g‘olib bo‘lgan o‘sha oilami?

— Ha, aynan o‘shalar! Lekin ular ilgari bu qadar mashhur emas edilar, to‘g‘risi. Endi esa har joyda ularning shirinliklari haqida gapirishyapti, reklamalari ham ko‘paygan.

Men chuqur nafas oldim. Festivaldagi mag‘lubiyatimni eslash yoqimli emasdi, lekin Pavellar oilasi oldindan unchalik kuchli boʻlmagan. Ammo Elizaning gaplari menga biroz g‘alati tuyuldi.

— Ha, ular yaxshi tayyorgarlik ko‘rishgan, — dedim sekin. — Lekin... shunchaki g‘olib bo‘lishgan bo‘lsa, nega birdaniga bunday katta mashhurlikka erishishdi?

Eliza ham yelka qisdi:

— Bilmayman, lekin bu menga juda g‘alati tuyuldi. Go‘yo kimdir ularga orqadan yordam berganday...

Men o‘ylanib qoldim. Pavellar oilasining bu darajada tez ko‘tarilishi ortida qandaydir sir yotganday edi...

Shu payt yonginamizdan notanish ovoz eshitildi:

— Agar Pavellar oilasi haqida pichinglaringda davom etsang, boshingga balo yogʻilishi mumkin! — dedi jaxl bilan.

Men va Eliza hayrat bilan yon tomonga qaradik.

U qo‘llarini ko‘kragiga chalishtirib, tizzalarida qora yupqa etak, oyoqlarida esa festival paytida ham kiygan baland poshnali tuflisi bor edi. Uning shaddod nigohi shundoqqina menga tikilgan, lablari esa yengil qimtillgan edi.

— Tanya? — Eliza hayrat bilan uning yoniga bordi. — Nimaga bunday deyapsan?

Tanya qoshlarini chimirib, jahldor ohangda javob berdi:

— Chunki siz bu oilani yomonotliq qilishga harakat qilyapsiz. Pavellar oilasi g‘alaba qozongan, hammasi adolatli bo‘lgan! Endi esa siz...

U menga tikilib, yomon qiyofada jilmaydi:

— ...yutqazganingni ko‘tara olmayapsanmi?

Qarshimda turgan qizning ohangi meni shunchalik g‘azablantirdiki, deyarli hech narsa deya olmadim. Eliza esa gapni bo‘lishga shoshildi:

— Tanya, biz faqat...

— Jim bo‘l! — dedi u Elizaga tikilib. — Agar Pavellar oilasiga qarshi nimadir reja qilayotgan bo‘lsalaring, yaxshilab o‘ylab ko‘ring. Chunki ularni mag‘lub etish uchun ham kuch, ham aql kerak bo‘ladi. Sen esa... — u yana menga yuzlandi, — shunchaki orzularingni ushlab qololmagan nochor odamsan.

Uning so‘zlari qizigan ko‘mir kabi qalbimga botdi.

Tanya atrofga shoshilmay qarab oldi, so‘ng orqasiga o‘girilib, yengil qadamlar bilan yo‘lida davom etdi.

Biz esa jimgina uning ortidan qarab qoldik.

Eliza yonimga kelib pichirladi:

— Pavellarlarga kimdir yordam berganini yana ham aniqroq bilishni istayapsanmi?

Men bir lahza sukut saqladim, keyin bosh irg‘adim.

— Ha. Va men bu safar bu sirni ochishdan to‘xtamayman.