Oʻyin cheksizligi
7-qism. Laboratoriya himoyasidagi gʻayritabiiy kuch
Luna qochib ketti. U yana oʻzining qoʻrquviga ergashdi. Balki u uchun bu dunyo-yu u dunyo qoʻrqinchli va iblislarga boy joydir? Bu yerda uni hech kim himoya qilmaydi, balki qila olmaydi. Uni hozirgacha oʻzini zaif va kuchsiz his qilishiga, omadsiz boʻlishiga sabab boʻlgan yagona narsa bu oynadagi aksidir. Ammo buni anglamaydi. Unga berilgan bu kuch va shu falokatli holat unga oʻzini namoyish qilish uchun berilganini tushunmaydi. Aslida eng kuchlisi hozir uning oʻzi edi. Balki faqat Luna emas, boshqa insonlar ham oʻzlarini shunday his qilishar?
Olivierning oʻlimini bilgan Olivia esa oʻyinni davom ettira olmasligi aniq. Uning ongi egizagining oʻlimini qabul qilolmay, tushkunlikka tushishni boshladi va tezda boshqa xonaga koʻzyoshlarini yashirish uchun yugurib ketdi. Hozir u yolgʻiz boʻla olishi mumkin boʻlgan xona bu albatta yotoqxona. Uni hech kim va hech narsa bezovta qilishga jurʼat etmaydigan, barcha his tuygʻularini toʻkib sochish mumkin boʻlgan joy. Ortidan esa Nico havotirli koʻzlari bilan boqib, borishi kerakmi yoki yoʻqmi deb ikkilanib qoldi.
Maya hozirda aslida maxluq uning yonginasida boʻlganini va allaqachon oʻlgan odamni tutish uchun chaqirgan jamoadoshlari oldida aybdordek his qilib, bir vaqtning oʻzi jaxli chiqardi. U tezda oʻgirildida ortida turgan Rafael va Damianga qaradi:
— Uni qochirib yubordik. Endi nima qilamiz?
Damian hoʻrsinib, peshonasiga tushgan soch tolalarini qoʻli bilan ortga tarab:
— Uni ortidan yugurishga hozir vaqtimiz yoʻq, ortga qaytamiz — dedi-yu Nova, Maya, Solara va Rafaelni teleport qilib, hammalari gʻoyib boʻlishdi.
Uyda sukunat hukm surardi... Eshik va derazalar ochiq qolib, ichkaridagi oppoq pardalarni ohista u yoqdan bu yoqqa sekin koʻtararilar, xonadagi kichik mojaro hosil qilgan chang ham tashqariga chiqib ketardi. Uyda faqat devorga osilgan soatning chiq-chiq qilishi eshitiladi... Olivia yotoqxona eshigini ichkaridan qulflagancha, eshikka suyanib, sodir boʻlgan bu voqeani qabul qilishga va tinchlanishga urinar, ammo oppoq yuzlariga oqib tushayotgan qaynoq koʻzyoshlarini toʻxtata olmas, yuragi qisilib borishda davom etardi. Olivier u uchun har doim eng muhim va eng yaqin insoni boʻlgan. U Olivia kabi "tinch" odam boʻlmaganligi uchun balki uning oʻrni yillar davomida bilinadi va unutilmaydi. Oyisi esa doim ular birga boʻlishi va bir-birini himoya qilishi kerakligini koʻp marotaba taʼkidlaganligi sababli Olivia jimgina oʻzini haqoratlardi.
Nico yotoqxona eshigi oldida tik turgancha eshikni taqillatishga botinolmay Oliviaga teskari suyanib olgandi. Hozir ularni ajratib turadigan yagona narsa bu eshik edi.
U chuqur nafas oldi. Ichkarida Olivia hali ham yig‘layotgandi. Uning og‘ir nafas olishi, bo‘g‘iq ovozlari eshitilib turardi. Nico og‘zini ochib, nimadir deyishga harakat qildi, lekin nima deyishini bilmasdi. Unga hozir qanday tasalli berish mumkin? Yoki yolgʻiz qoldirish kerakmi?
Eshikka suyanib turarkan, u Olivia haqida o‘yladi. U har doim jimgina kuzatib yuradigan, kuchli ko‘rinishga harakat qiladigan inson edi. Ammo hozir? Hozir esa Olivia butkul parcha-parcha bo‘lib, qulash arafasida edi.
Nico ohista eshikni barmoqlari bilan taqillatdi.
— Olivia… — dedi u past ovozda.
Ichkaridan hech qanday javob kelmadi. Faqat Olivianing titroq nafaslari eshitildi.
— Men… men seni yolg‘iz qoldirishni xohlamayman, – davom etdi u. – Agar xohlasang, hech narsa demayman. Faqat shu yerda qolishimga ruxsat ber.
Uning so‘zlari havoda muallaq qoldi. Ichkarida Olivia bir necha soniya davomida harakatsiz qoldi. So‘ng asta siljib, sekin yurib keldi-da, eshik tutqichiga qo‘l uzatdi. Nico yuragi tez urayotganini his qilib, kutdi. Olivianing yuzlari qip-qizil bo‘lib ketgan, ko‘zlari esa shishib ketgandi. U Niconing nigohiga bir lahza qaradi-da, hech narsa demay, shunchaki uning yonidan o‘tib, devorga suyanib o‘tirdi.
Nico ham unga yaqin kelib, Olivia yonida joy oldi. Ikki yosh jim o‘tirdi. Hech qanday so‘z kerak emasdi.
Faqat ichkaridagi soatning chiq-chiq ovozi va shoʻx shamolning sokin ovozi eshitilib turardi…
Drakogrifentaurni tashkil etuvchi 3 ta alohida yengish zarur boʻlgan maxluqlar bor. Ular tasodifiy odam tanasiga oʻrnashib olgach, maʼlum vaqtdan soʻng nazoratni yoʻqotishga olib keladi, yaʼni, ular tirik odamlarni isteʼmol qilishni boshlaydilar. Nega inson tanasiga oʻrnashib olib u orqali inson yeyish gʻalati va turli tuman savollar tugʻdirishi tabiiy. Chunki bu maxluqlar kuchli boʻlishi bilan birga juda aqlli hamdir.
1. Voltreon — u ajdaho koʻrinishida boʻlib, uning asosiy qobiliyati tezlik va oʻlimga olib keluvchi elektr uchqunlarini jonlantira olishdir.2. Nekromexis — u oʻtkir 4 shoxli qoʻrqinchli va katta panjasida ajal tirnoqlarga ega boʻlgan, aql bilan harakat qilishi bilan bir qatorda mitti maxluqchalar chaqirish qobiliyatiga ham ega.3. Zarvadrak — katta va uzun ilon koʻrinishidagi maxluq. U haqida toʻliq maʼlumot mavjud emas.
Kitobdagi bu yozuvlarni Nova ovoz chiqarib hamrohlariga oʻqib berdi. Birinchi uchratilgan maxluqni ovlash muvaffaqiyatsiz yakunlangani bois ular ushbu iblislar haqida toʻliq maʼlumotni oʻrganisha boshlagan edi. Albatta bu maʼlumotlarning barchasi Nico himoya qilish uchun qabul qilgan oʻyin haqidagi barcha sir asrorlar bitilgan kitobdan oʻqildi va bu kitobni Nova olib kelgan. Chunki unga aynan kitobni oʻgʻirlash vazifasi buyurilgan edi.
Ularning qarorgohi yer ostida joylashgan boʻlib, bu haqiqiy xavfsizlik va qulaylik yaratardi. Ortiqcha tovushlar kelmaydi va eshik mavjud boʻlmagan yagona joy. Bu yerdan faqatgina teleportatsiya orqali chiqish mumkin. Yer ostidagi bu "mitti qasr" aslida juda katta boʻlib, Voltreon kabi maxluqlar bemalol sigʻadi va barcha uchun alohida xona mavjud.
Novaning yonidagi stulda oʻtirgan Damian oldiga qoʻyilgan qahvadan bir hoʻplab:
— Ularning birortasi qayerda ekanligi haqida aytilganmi? — soʻradi Novadan u.
Nova kitobni keyingi betini varoqlar ekan:
— Faqat Voltrean haqida aytilgan. U oʻrmondagi laboratoriya markazida himoya qilinadi. Ammo qaysi oʻrmon ekanligi aytilmagan.
— Men bilaman — dedi nihoyat ulardan biroz uzoqroqdagi devorga suyangancha qoʻllarini koʻkragiga chalishtirib kuzatayotgan Solara — Abadiy soyalar oʻrmonida boʻlishi mumkin.
— Hm... Men bu haqida qachonlardir eshitganman... — oʻylanib qoldi Damianga qarama qarshi stulda oʻtirgan Rafael — O, esladim! Bu Solaraning xaritasida alohida belgilangan qora oʻrmonmi? U yer juda daxshatli va maxluqlar makoni deyishadi. Laboratoriyagacha yeta olmasdan oʻlib ketamiz — hazilomuz ohangda boʼlsada rostini aytib qoʻya qoldi.
— Lekin qilishimiz kerak, axir Boss bizga ishonadi — qatʼiyat bilan gapirdi Novaning oldida turgan Maya.
— Lekin kimningdir aybi bilan biz Nekromexisni yoʻqotdik menimcha — Mayaga jiddiy tikilib qoʻydi Damian.
— Bu bilan nima demoqchisan? Men vazifamni bajarayotgandim! Shunchaki qaysi ekanligini bilib olmoqchi edim! Hammasiga sizlarni sekin harakatlaringiz aybdor! — yuzini yonga jaxl bilan burdi Maya.
— Hh, bu qanday axmoqona reaksiya? — bezovta qosh chimirdi Damian.
Mayaning doimiy janjallari va baland ohangi yer osti sukunatni buzib, yanada jarangdor chiqayotgan edi. Shu bois doim Damian va Nova bundan juda bezovtalanadi. Unga gapirish befoyda ekanligini bilishsada, baʼzida ular uchun ogʻzidan portlab chiqmoqchi boʻlgan haqoratli soʻzlarni boshqarish qiyinlashishi mumkin. Ular ikkisi ham tabiatan nazoratchi va ularning oʻzi jamoa uchun yetarli. Damian esa uchinchi vaysaqi va yuzaki aqlli ortiqchaligini bilsa ham undan yoshi katta ekanligini oʻylab, tinchlanishga urinadi.
Oraga bir zum sukunat choʻkkach bu sukunatni Solaraning jiddiy ammo tiniq ovozi buzdi:
— Nekromexisni yotganimiz hammasini yoʻqotdik degani emas. Qolaversa, agar bizda Voltreon haqida maʼlumot va qayerdaligi aytilgan boʻlsa, uni tuta olamiz. Shunday yuraversak balki ularni ham kimdir olib ketadi.
To‘rtlik uzoq kutishdi, keyin esa qasr ichidagi yagona teleportatsiya nuqtasiga yaqinlashishdi. Havoda qora energiya girdobi hosil bo‘lib, ular birin-ketin ichiga qadam tashlarkan, atrofda mayin, ammo tahlikali shivir-shivir eshitila boshladi. Abadiy Soyalar O‘rmoni ularni allaqachon kutayotgan edi.
Abadiy Soyalar O‘rmonidagi laboratoriya
O‘rmonning ichida, qalin tuman va zulmat bilan o‘ralgan joyda, bu laboratoriya qator asrlardan beri yashirincha faoliyat yuritib keladi. Tashqaridan qaraganda, u go‘yo oddiy, unutilgan inshootga o‘xshaydi — g‘ishtlari qoraygan, devorlari zax, eshiklari esa zang bosgan. Ammo ichkariga bir qadam tashlash bilanoq, bu joyning dahshati yaqqol seziladi.
Katta va keng zal. Yorug‘lik deyarli yo‘q — faqat tomdagi ba’zi chiroqlar o‘lik nur taratib, devorlarda g‘ira-shira soyalarning o‘ynashiga sabab bo‘ladi. Havo og‘ir, nafas olish qiyin. Yo‘l-yo‘lakay joylashtirilgan kapsulalarda nimadandir qochmoqchi bo‘layotgandek ko‘rinadigan bolalar bor. Ular vahm va dahshat ichida qaltiraydi, biroq tizim ularni mustahkam ushlab turadi.
Bu yerga kelgan bolalar hech narsadan shubhalanmagan. Ularga bu joy o‘yin va’da qilgan, ilmiy markaz deb ko‘rsatilgan. Aslida esa ular shafqatsiz tajribalar uchun maxluqlarga boqilayotgan, oxir-oqibat ularning oziqasiga aylanishlari aniq edi.
Laboratoriya tub zulmat va iflos tuman ichida joylashgan. O‘rmonning daraxtlari shunchalik eski va g‘amginki, ularning tanalaridan qora suyuqlik sizib chiqadi. Hech qanday qush yoki mayda hayvon ovozi eshitilmaydi, faqat nimadir shivirlayotgandek tuyuladi. Bu yerda quyosh hech qachon chiqmaydi, hatto oy ham o‘zini ko‘rsatmaydi. Faqat sharpasimon mavjudotlar, kimsasiz yo‘laklarda o‘rmalayotgan maxluqlar va o‘z hayotidan kechib bo‘lgan bolalarning ojiz faryodlari bor.
Eng chuqur qismda — xonalar, sirli hujayralar va tibbiy laboratoriya joylashgan. Bu yerda bolalar ongini manipulyatsiya qilish, ularni asta-sekin maxluqlarga aylantirish jarayonlari olib boriladi. Shu yerda Voltreon saqlanayotgan bo‘lishi ehtimoli katta. Uning mavjudligi butun laboratoriyani doimiy elektr zaryadi bilan to‘ldirib, havo orasida ingichka uchqunlarning chaqnashiga sabab bo‘ladi.
Bu joyda faqat kuchli va aqlli jonzotlar omon qolishi mumkin. Zaiflar esa maxluqlarning yemagiga aylanadi.
Nova va uning jamoasi Abadiy Soyalar O‘rmonining ichkarisiga kirarkan, atrofdagi zulmat tobora quyuqlashardi. Havo og‘ir, tutundan nafas olish qiyin. Daraxtlarning qora tanalari orasidan nimadir harakatlangandek, lekin ko‘z ilg‘ashi mushkul. Oy bu yerlarga nigoh tashlashdan bosh tortgandek, faqat sukunat va shivir-shivir bor. Qadam bosilgan har bir joyda yer yumshoq va nam, go‘yo tagida nimadir o‘rmalayotgandek tuyular edi. Solara yo‘l ko‘rsatib, oldinga yurdi. Uning xaritasida belgilangan nuqta yaqin.
Oldinda qorayib turgan inshoot paydo bo‘ldi. Laboratoriyaning tashqi qiyofasi yo‘qotilgan umidni eslatuvchi dahshatli manzara: devorlari zang bosgan, ba’zi joylari o‘pirilgan, lekin ichkaridan qandaydir zaif chiroqlarning miltillashi ko‘rinib turibdi.
Rafael past va titroq ovozda gapirdi:
— Bu joy menga yoqmayapti...
Damian yon-veriga qarab, boshi bilan ichkarini ko‘rsatdi:
— Barcha javoblar shu yerda. Qochadigan yo‘l yo‘q.
Nova atrofni kuzatib, chuqur nafas oldi. Ularning kelishini allaqachon sezishgan bo‘lishiga ishonchi komil edi. Ular hech qanday shovqin chiqarmay, laboratoriya tomon yaqinlasha boshladi. Laboratoriyaga shunchaki yurib kirish ahmoqlik. Qo‘riqchilar soni noma’lum, maxluqlar esa nazoratdan chiqishi mumkin. Ichkarida esa bolalar, tajribalar va ularga tahdid solayotgan Voltreon bor. Hammasini hisobga olib, reja ishlab chiqish kerak.
Nova jamoaning eng oldida turib, past ovozda gap boshladi:
— Oldin vaziyatni o‘rganish kerak. Ichkarida qancha qo‘riqchi borligini bilmasdan, urib kirish — o‘z jonimizga qasd qilish bilan barobar. Solara, xaritangda qanday yo‘llar bor?
Solara quyuq soyalardan himoyalanib, qo‘lida ushlab turgan kichik ekranli moslamaga qaradi.
— Laboratoriyaning yon tomonida xizmat tunnel bor. U orqali ichkariga maxluqlarning oziq-ovqati kiritiladi. Balki shu yo‘lni ishlata olamiz.
Rafael kulimsiradi:
— "Maxluqlarning oziq-ovqati" degani nimani anglatishini bilamiz…
Damian keskin ovozda shivirlab gap qotdi:
— Agar bu yo‘ldan kirsak, o‘zimiz ham oziqqa aylanishimiz mumkin. Boshqa variantlar bormi?
Maya, endi jiddiylashgancha:
— Bu joy faqat qo‘riqchilar bilan to‘la emas. Ichkarida ilmiy xodimlar ham bor. Agar ularning kiyimini qo‘lga kiritsak, ichkariga bemalol kirishimiz mumkin.
Nova chuqur o‘yladi:
— Demak, ikkita variant bor. Birinchisi, xizmat tunnelidan yashirincha kirish va maxluqlarning e’tiborini chalg‘itish. Ikkinchisi, ilmiy xodimlarning kiyimlarini topib, ularga singish.
Solara bosh chayqadi:
— Boshqa yo‘limiz yo‘q. Lekin esda tuting, ichkarida xavf darajasi yuqori. Agar kimdir qo‘lga tushsa… u yo‘qoladi.
Jamoa bir-biriga qaradi. Har birining ko‘zida ikkilanmasdan qaror qilishga urinish aks etgan.
Nova nihoyat xulosani aytdi:
— Ilmiy xodimlar kiyimini qo‘lga kiritamiz. Ichkariga yashirincha kirish oson bo‘lmaydi, lekin hech bo‘lmaganda e’tiborni jalb qilmaymiz. Agar kerak bo‘lsa, xizmat tunnelini ham ishlatamiz, lekin hozircha bu ikkinchi variant.
Damian qo‘llarini cho‘ntakka solib:
— Ilmiy xodimlarning joylashgan joyini bilish kerak.
Solara xaritaga yana bir nazar tashladi va ko‘zlarini qisib qoʻydi:
— Orqa tomonda kichik barak bor. U yerda qo‘riqchilar ovqatlanadi va ilmiy xodimlar vaqtincha dam oladi. Bizga aynan shu joy kerak.
Nova bosh ishonch bilan irg‘adi:
— Demak, boshlaymiz. Tez, jim va aniqlik bilan harakat qilamiz.
Jamoa asta-sekin qorong‘ulik ichida yo‘qoldi. Maqsad aniq. Xatolar o‘lim bilan teng.
...sirli soyalar o‘ynatadi. Havoda suyuq azot va boshqa kimyoviy moddalar hidini eslatuvchi keskin hid tarqalgan. Stol va shkaflar laboratoriya jihozlari bilan to‘la, ammo ulardan ba’zilari allaqachon chang bosib yotibdi. Lekin asosiy narsa – laboratoriyaning markazida joylashgan ulkan shisha kapsula edi.
Bu kapsulaning ichida Voltreon qotib yotardi. U osmon rangi tangachalar bilan qoplangan, uzun tanasi bo‘ylab o‘tkir suyak qavariqlari chiqib turgan ajdahoga o‘xshardi. Uning och sariq rangdagi ko‘zlari yoniq holda edi, go‘yo u hushyor, ammo qimirlay olmayotgandek. Kapsulaning pastki qismidan elektr uchqunlari sizib chiqayotganini ko‘rib, Nova past ovozda shivirladi:
— Bu joy... juda ham noto‘g‘ri ko‘rinadi.
Damian sekin oldinga yurib, kapsulaning yoniga kelib, bir necha sekund davomida kuzatdi. Keyin esa kitobdan o‘qigan narsalarini eslab, shivirlagancha o‘ziga gapirdi:
— Voltreon – tezlikka ega va elektr orqali tirila oladi... Agar uni uyg‘otsak...
— U uyg‘onmaydi, – dedi Solara sovuqqina ohangda, kapsulaning tepasiga ishora qilib.
Haqiqatan ham, kapsulaning ustki qismida g‘alati belgilarga o‘xshash ko‘k rangdagi muhrlar bor edi. Bu muhrlar unga harakat qilish imkonini bermayotgan bo‘lishi mumkin.
— Demak, biz uni bu joydan olib chiqib ketishimiz kerak. Lekin qanday qilib? – so‘radi Rafael, qo‘llarini musht qilib tugib.
— Ko‘ramiz... – Nova kapsulaning yonidagi kompyuter ekraniga yaqinlashdi. Bu ekran allaqachon yoqilgan bo‘lib, unda bir nechta buyruqlar ko‘rsatilgan edi. Nova tugmalarga asta-asta bosib, tizimni sinab ko‘ra boshladi. Ekranda bir muddat titroq yuz berdi va so‘ng "Kapsulani ochish" degan yozuv paydo bo‘ldi.
— Bu juda oson bo‘lib ketmadimi? – dedi Maya, shubhalanib.
— Balki bu tuzoqdir, – Solara oyoqlari ostiga qarab, asta bir qadam orqaga tisarildi.
— Tuzoqlarga vaqt yo‘q. Agar hozir harakat qilmasak, kimdir oldimizdan olib ketishi mumkin, – dedi Damian, jag‘ini qattiq qisib.
Nova og‘ir nafas oldi va "Enter" tugmachasini bosdi. Shu zahotiyoq laboratoriyaning butun devorlari bo‘ylab qizil chiroqlar yonib, sirena ovozi yangradi. Yer osti inshooti larzaga kela boshladi.
— Qani, shoshiling! – baqirdi Damian.
Biroq, ular qimirlay boshlagan kapsulaga tikilgancha, hech narsa qila olmay qolishdi. Ichkarida yotgan Voltreonning ko‘zlari asta-sekin yanada yorqinroq chaqnay boshladi. U uyg‘onayotgan edi.
Endi ular yoki qochishlari yoki qotib qolgan ajdaho bilan yuzma-yuz kelishlari kerak edi.
Jang uzoq davom etmadi. Voltreon harakatlari bilan yashin tezligini eslatsa-da, jamoa oldindan tayyorlangan edi. Damian va Rafael uni har tomondan siqib, Solara esa maxluqning harakatini sekinlashtiruvchi qurol bilan hujum qilib turdi. Maya esa, o‘zi bilmagan holda, hal qiluvchi zarbaga tayyorgarlik ko‘rayotgan Novaga yo‘l ochdi.
Nova ilonlarcha sirg‘alib oldinga o‘tdi. Uning qo‘lidagi maxsus muhr Voltreonni ichiga yutib yuborishi kerak edi. Buning uchun maxluq butunlay kuchsizlanishi lozim.
— Solara, hozir! — deya qichqirdi u.
Solara og‘ir metall nayzani otganida, Voltreon undan qochishga ulgurmadi. Yarim soniya ichida maxluq qonga belandi. Shu zahoti Nova uning ustiga sakrab, muhrni faollashtirdi. Havodan uchqunlar chaqnadi. Voltreon qattiq qichqirdi, lekin endi kech edi. Maxluqning tanasi yorug‘ nurga aylanib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri Novaning ko‘ksiga singib ketdi. U orqaga siljidi, qo‘llari titradi, yuragi esa misli ko‘rilmagan kuchni his qildi.
Bu bilan hammasi tugamadi.
Laboratoriya ichkarisida o‘rnatilgan maxsus mexanizmlar jamoaning muvaffaqiyatini his qilib, o‘z-o‘zini yo‘q qilish tizimini ishga tushirdi. Yorqin qizil chiroqlar miltillab, quloqni yoruvchi signal yangradi.
— Ular bizni yo‘q qilishmoqchi! — baqirdi Rafael.
— Tez, chiqish kerak! — buyurdi Nova, lekin ich-ichidan Voltreonning ichida ekanligini his qilardi.
Jamoa laboratoriya bo‘ylab yugurib, yo‘lini topishga harakat qilardi. To‘satdan kuchli portlash eshitildi. Devorlar yorildi, temir konstruksiyalar qulay boshladi. Barcha narsa qattiq silkinib, laboratoriyaning bir qismi yerdan ko‘tarildi. Solara teleportatsiya kuchidan foydalangan holda, birin-ketin hammani tashqariga chiqarib yubordi. Nihoyat, ular laboratoriyadan chiqib, o‘rmonning chekkasida paydo bo‘lishdi. Shu zahoti laboratoriya yorug‘ alangaga o‘ralib, osmonni yorib yuborgancha portlab ketdi.
Nova pastga qaradi. Uning kaftlari orasidan kichik elektr uchqunlari o‘ynab turardi. Ko‘kragida, aynan yuragi joylashgan hududda, issiq narsa bor edi. Voltreon endi unda yashardi.
Damian havotirli ammo doimgidek jiddiy ifoda bilan unga yaqinlashdi:
— Sen yaxshimisan?
— Shunday... Shekilli... — dedi Nova hansiragancha yutinib.