February 28

Shirinliklar festivali

#6

Hammasi shunday jumboqlar ortidan jumboqlar qoʼshilishni davom etar ekan Dadam Andrey amakiga qoʻngʻiroq qilib aniqlik kiritishga qaror qildilar. Kassa stoli ustida qoldirgan telefonlarini yoqqancha raqamlarni terar ekanlar havotirlanayotganliklari yuz ifodalaridan maʼlum edi.

Birinchi urinish — javob yoʻq.
Ikkinchi urinish — javob yoʻq.
Uchinchi urunish — "Raqam mavjud emas"
Toʻrtinchi urunish — "Raqam mavjud emas"

Koʻrib turganingizdek ishlar chatoq. Menimcha Andrey amaki hech qachon qoʻngʻiroqlarni javobsiz qoldirmasdi. Lekin bu vahima qilish uchun yetarli sabab emas. Chunki yangi raqam olgan boʻlishlari ham mumkin edi.

— Qoʻshni shaharga bir sayr qilib kelaylikchi, uning bunday kibrlanishiga nima sabab boʻldi ekan — deb qoldilar dadam birdan.

Garajimizdan dadam avtomobilni chiqarganidan soʻng men ham dadamga ergashdim. Doʻkonni esa buguncha yopib turishimizga toʻgʻri keldi.

Yoʻlga chiqqanimizda havo biroz tund va ogʻir edi. Osmonni qalin bulutlar qoplagan, goʻyo yomgʻir yogʻishiga oz qolgandek. Koʻchalar har doimgidek gavjum emasdi, faqat yoʻl chetidan ohista ketayotgan ba’zi bir piyodalar va shoshayotgan mashinalargina hayot belgisi berardi.

Avtomobilimiz tor va uzun yoʻlaklardan oʻtib, shahar tashqarisiga yoʻl oldi. Atrof asta-sekin oʻzgarib, shahar gavjumligi oʻrnini daraxtzorlar, qishloq uylari va keng dalalar egallay boshladi. Yoʻl boʻylab eski chiroqlar oʻrnatilgan boʻlib, ba’zilarining nuri zaiflashgan, ba’zilari esa allaqachon oʻchib boʻlgandi.

Qorayib borayotgan osmon ostida uzoq-yaqinda yengil tuman koʻrinib turardi. Uzoqdan biror narsa koʻrish qiyinlashayotgan boʻlsa-da, dadam avtomobilni bir maromda haydardi. Har ikkimiz ham jim edik, faqat mashina motorining bir maromdagi ovozi va shisha ortida mayin izgʻirin esayotgan shamolning hushtagi eshitilib turardi.

Bir necha kilometr yoʻl bosib oʻtganimizdan soʻng, yoʻl kengayib, oʻrtasi chiziqlar bilan ajratilgan avtomagistralga aylandi. Shundan keyin mashinalar soni ortib, atrofdagi shahar chiroqlari koʻrina boshladi. Koʻz oʻngimizda oʻsha qoʻshni shahar paydo boʻlayotgandi – u bizni o‘z sirlarini yashirib kutib olayotgandek edi.

Shaharga yetib kelganimizdan soʻng, avtomobilni Andrey amakining doʻkoni joylashgan ko‘cha bo‘ylab asta haydadik. Kechki chiroqlar yoqilgan, lekin bu yerda hayot unchalik jonli emas edi. Odatda gavjum boʻladigan ushbu hudud bugun gʻayrioddiy tarzda huvillab qolgandi.

Dadam mashinani yo‘l chetida to‘xtatib, derazadan do‘konga ko‘z yugurtirdilar. Tashqi ko‘rinishi avvalgidek – eski, lekin mustahkam bino. Ammo do‘kon eshigi berk edi. Chiroqlar o‘chiq, ichkarida hech qanday harakat sezilmasdi. Derazalar ortidan hech qanday jonli belgi ko‘rinmas, faqat qorong‘ulik.

Dadam mashinadan tushib, eshikni bir necha marta taqillatdilar. Javob yo‘q. Keyin tutqichni tortib ko‘rdilar – eshik qulflangan edi. Shu payt devorga ilingan ish jadvaliga ko‘zim tushdi. Unga ko‘ra, do‘kon bugun ishlashi kerak edi.

— Bu aniq g‘alati… — deya pichirladi dadam, qoshlarini chimirib.

Men ham atrofga alangladim. Do‘kon yonida joylashgan boshqa binolar odatdagidek ochiq, odamlar bemalol kirib-chiqmoqda. Faqat Andrey amakining do‘koni g‘ayritabiiy sukunat og‘ushida edi.

— Balki u shunchaki dam olyotgandir? — dedim past ovozda, ammo ich-ichimda bu holat oddiy emasligini his qilardim.

Dadam bir muddat jim turdilar, so‘ng yon cho‘ntaklaridan telefonlarini olib, yana bir bor Andrey amakining raqamiga qo‘ng‘iroq qildilar. Biroq natija o‘sha-o‘sha – “Raqam mavjud emas.”

Dadam bir necha soniya do‘kon oldida sukut saqlab turdilar, so‘ng birdan yuzlarida qat’iyat paydo bo‘lib, mashinaga qaytib o‘tirdilar.

— Uyiga boramiz, — dedilar qisqagina.

Uzoq o‘ylashning hojati yo‘q edi. Agar Andrey amaki do‘konini tushunarsiz sabablarga ko‘ra yopgan bo‘lsa, demak, u uyida bo‘lishi kerak. Lekin ichimda qandaydir g‘alati sezgi paydo bo‘layotgandi.

Shahar markazini ortda qoldirib, torroq yo‘llarga burildik. Ko‘chalar bo‘shab, atrofdagi chiroqlar siyraklasha boshladi. Qorong‘ulik tobora quyuqlashib borayotgan edi. Nihoyat, shahar chetidagi uylar oralig‘ida Andrey amakining eski, ammo mustahkam hovlisiga yetib keldik.

Dadam mashinani yo‘l chetiga to‘xtatdilar. Uy qop-qorong‘i edi. Hech qanday chiroq yoqilmagan, ichkarida harakat sezilmasdi. Ichimdan titroq o‘tdi.

Dadam eshik tomon yurib, bir necha marta taqillatdilar.

— Andrey?! Bu men, och eshikni!

Jimlik.

Dadam yana taqillatdilar. Hech qanday javob yo‘q.

— Eshitdingmi? Ichkarda bo‘lsang, ovoz ber!

Yana sukunat.

— Hm… — Dadam og‘ir xo‘rsinib, atrofga qaradilar. Keyin eshikni ushlab, tutqichni asta tortib ko‘rdilar. Qulflangan.

Dadam shoshilinch ravishda orqaga o‘tib, derazalarga ko‘z yugurtirdilar, ammo ichkarini ko‘rish imkonsiz edi. Nihoyat, yuzlarida og‘ir qaror aks etgan holda eshik oldiga qaytdilar.

— Bu odobsizlik bo‘lsa ham, men eshikni ochishga majburman, — dedilar sekin, ammo qat’iyat bilan.

Keyin qo‘llarini cho‘ntagiga solib, eski tanish kalitlar orasidan bittasini olib chiqdilar. Bir lahza ikkilanib turdilar-da, eshik qulfiga soldi.

Klik.

Eshik ohista g‘iyqillab ochildi.

Ichkaridan sassiq hid urdi. Qon hidi.

Dadam birdan orqaga tisarildilar, men esa jimgina yerga mixlanib qolgandim.

Uy ichkarisidagi manzara yurakni muzlatardi.

Pol bo‘ylab to‘rt-besh odamning jasadi sochilib yotardi. Ko‘zlarimizni yaltillatib, ularga razm soldik. Ular shunchaki o‘lmagan… ularning barchasi vahshiylarcha o‘ldirilgan edi. Qorong‘u xonada qonga belangan tanalar har tomonga sochilib yotardi, ba’zilarining qo‘llari yoki oyoqlari g‘alati burchak ostida egilgan.

Ichimdagi nimadir bo‘g‘zimga tiqildi. Bu tush bo‘lishi kerak edi… Ha, shunchaki qo‘rqinchli tush.

Ammo yo‘q. Bu haqiqat edi.

Dadam asta oldinga qadam tashlab, o‘zlarini bosishga harakat qildilar. Oyoqlari polga yopishib qolgandek qattiq qadam tashlayotgandilar.

— Xudoyim… — dedilar past ovozda.

Men esa bir narsani payqadim. Jasadlar orasida Andrey amakining tanasi yo‘q edi…