Oʻyin cheksizligi
8-qism davomi
Olivianing yengil libosi shamolda ohista silkinardi. Uy ichidagi shovqin pasaygan, mehmonlar tarqalgan, ammo yuragi hanuz g‘ash. Ichidagi bo‘shliq bayram quvonchidan ham ustun kelardi.
U sekin tashqariga chiqdi. Uy orqasidagi maysazorga ohista qadamlar tashlab yurib bordi. Oy charaqlab turardi, atrofi yolg‘iz yulduzlar bilan qoplangan. U yashil maysalar ustiga oyoqlarini quchoqlab o‘tirdi.
Maysalar salqin, havoda gul hidi aralash namlik sezilardi. Osmonga tikilib, xayol surdi. Hammasi shunchalik g‘ayritabiiy, shunchalik notabiiy tuyulardi. Tug‘ilgan kuni odatdagidan boshqacha o‘tdi. Nimadir yetishmayotgandi va bu yetishmayotgan narsa nimaligi aniq edi.
Orqasidan qadam tovushlari eshitildi. O‘girilmadi. Kimligini bilardi.
— Uxlay olmayapsanmi? — Nico uning yoniga o‘tirdi.
Ikki yosh jim qoldi. Tun iliq, xotirjam. Ichkaridagi yorug‘lik uzoqdan miltillab ko‘rinadi, ammo bu yerda hammasi boshqacha. Olivia oydan ko‘z uzmasdi.
— Bugun o‘zimni baxtli his qilishim kerak edi.
Nico bir muddat sukut saqladi, keyin past ovozda javob berdi:
— Har doim ham shunday bo‘lavermaydi.
— Ba’zan sen hech narsani his qilmaydigandek tuyulasan.
— Odamlar nimani ko‘rishni istasa, shuni ko‘radi — dedi Nico past ovozda.
— Demak, hislaringni yashirasan.
Nico javob bermadi. Olivia so‘zini davom ettirdi:
— Baribir uxlay olmagan bo‘lsang, ichingda nimadir qaynayapti. Faqat menga o‘xshab aytishga o‘rganmagansan, xolos.
U osmonga qaradi, so‘ng Olivia tomon o‘girildi.
— Sen shu tun baxtli bo‘lishing kerak edi, lekin huddi bu Vernonni tugʻilgan kuniga oʻxshaydi. U sendanda baxtli koʻrinadi — dedi jilmaygancha unga qarab Nico.
— Tug‘ilgan kun bu shunchaki sana. Haqiqat o‘zgarmaydi.
— Balki, — dedi Nico sokin ohangda. — Lekin hozirgi lahzadan zavqlanib qolishni ham bilish kerak.
Olivia bir oz o‘ylanib, unga yaqinroq surildi.
Tun davom etardi – uzoq, sokin, lekin yuraklarni ozgina bo‘lsa ham yengillashtirgan holda. So‘zlar ortiqcha edi. Olivia osmonga tikildi. Shu tobda yuragidagi bo‘shliq sal yumshaganini sezdi.
— Sen har doim shunday mehribon bo‘lganmisan?
Olivia unga tikildi. Ovozi past, ammo unda qandaydir mayinlik bor edi. Bu savol tasodifan aytilgandek tuyulsa-da, u javobni bilishni istardi.
Nico jim qoldi. Bir lahzaga o‘ylandi. So‘ng osmonga qarab, biron nimani eslayotgandek chuqur nafas oldi.
— Mehribonlik—bu tanlov, — dedi u ohista. — Ba’zan odamlar bizni bunga majbur qiladi.
— Shuning uchun ham boshqalarga shunday muomalada bo‘lasanmi?
Nico Olivia tomon burildi. Uning ko‘zlarida qandaydir iliqlik, lekin shu bilan birga, so‘zga aylanmagan g‘am bor edi.
— Balki shundaydir, — dedi u yengil jilmayib. — Yoki balki faqat sen bilan shundaydirman.
Olivia yuragining tez urayotganini his qildi. Bu gap uning ichidagi qandaydir nozik tuyg‘ularni silkitib yuborgandek bo‘ldi. Oy nurida Nico yuziga tushgan soya uning qiyofasiga chuqur jiddiylik bag‘ishlardi.
U sekin qo‘lini Olivia tomon uzatdi. Ularning barmoqlari bir-biriga tegdi, Olivia beixtiyor qaltirab ketdi.
— Demak, sen men bilan boshqalardan boshqacha bo‘lasan? — Olivia past ovozda so‘radi.
Olivianing yuragi yana bir bor qattiq urdi. U bu holatdan qochmoq...ni istadi, lekin bu lahza uni o‘ziga tortardi. Nimadir ichida uni shunday sokin kechada, faqat oy nuri ostida turgan bu bolaga yaqinlashishga undardi.
Nico hali ham unga qarab turardi. Uning nafas olishi sekin, lekin yuragining urishini his qilsa bo‘lardi. Olivia asta qo‘lini tortmoqchi bo‘ldi, biroq Nico barmoqlarini biroz siqdi.
— Agar men boshqacha bo‘lsam, bu senga yoqadimi? — dedi u shivirlab.
Olivia javob bera olmadi. Lekin uning nigohi allaqachon javobni berib bo‘lgandi.
Nico sekin egildi. O‘rtadagi masofa qisqardi. Olivia nafasi ichiga tiqildi. Barchasi sekin, o‘ta tabiiy sodir bo‘layotgandek edi. Nihoyat, ularning lablari bir-biriga tegdi.
Bu bo‘sa sokin va mayin edi. Go‘yo ularning yuraklari bir lahza birlashgandek. Olivia ko‘zlarini yumdi, qo‘llari o‘z-o‘zidan Nico yelkasiga qo‘ndi. U endi hech narsa haqida o‘ylashni istamasdi. Faqat shu daqiqani his qilishni xohlardi.
Nico esa Olivia yuzini ohista ushlab, bo‘sani chuqurlashtirdi. Bu harakatda ortiqcha shoshqaloqlik yo‘q edi, lekin ichida nimadir yonayotganini sezish mumkin edi. Ularning yurak urishi faqat o‘zlariga eshitilardi.
Tun sukunat ichida davom etardi. Oy nuri maysalarga tushib, ularning yonidagi daraxtlar shoxlarini yoritardi.
Bu lahza uzoq davom etmadi. Nico asta chekinib, Olivia yuziga bir lahzalik jilmayish bilan tikildi.
— Bilasanmi, — dedi Olivia pichirlab, — men hech qachon bu haqda o‘ylamaganman.
Nico qoshlarini biroz ko‘tarib, jilmaydi.
— Endi esa... o‘ylab ko‘rasanmi?
Olivia yengil kulib yubordi. Yuragi hamon tez urardi, lekin endi bu uni qo‘rqitmasdi.