Vaʼda qilingan baxt qushi
I BOB
Tuzoq
4-yanvar 2010-yil
Tun. Qorongʻu osmonni yulduzlar koʻmagisiz faqat toʻlin oyning yorugʻligi yoritayotgan bir ajib vaqtda, shaharning gʻala-gʻovuri biroz pasaygani zamon qaysidir shifoxonada baxtli ona bir qizaloqni dunyoga keltiradi. Soʻngra otasi unga Rivanna ismini loyiq koʻradi.
Rivanna — sokin daryo, rahm-shafqatli oqim maʼnosini anglatadi.
Oradan 3 yil vaqt oʻtgandan soʻng esa qizaloqning otasiniki kabi zulmatni yodga soluvchi koʻzlari va ikki qalbning birlashuvi natijasi hosil boʻlgan malla hamda baʼzi joylarida qop-qora tolalar boʻlgan sochlari bilina boshlaydi.
U goʻzal va yoqimtoy qiz boʻlsada, uning bir katta kamchiligi bor edi. Uning oyoqlari ishlamas edi. Shu tufayli qarindoshlari tomonidan koʻplab eʼtirozlar boshiga yogʻilgan onasi hotirjam boʻla olmas edi.
Uning barcha qarindoshlari bir dasturxon oldida yigʻilib, Rivannaning shodiyona kunini nishonlashar ekan, uning oʻzi xona burchagida oʻyinchoqlarini oʻynash bilan bant edi.
— Nogiron nevaram borligidan koʻra boʻlmagani yaxshi — derdi buvisi past ovozda, doim koʻzi Rivannaga tushgan paytda.
— Menimcha uning kelajagi yoʻq. Endi sizlarga bir umrlik yuk boʻlibdi — qoʻshib qoʻydi ammasi yuzini burishtirib.
— Bu sizlarning muammoyingiz emas. Qizim haqida bunday gapirishni toʻxtatsangiz yaxshi boʻlardi. Hali koʻrasiz, u oldingizga oʻz oyoqlari bilan bir kun yurib keladi. Qani, dasturxonga qaranglar — javob berdi oyisi yumshoq ohangda, ammo asabiylashayotgani yuz ifodasidan maʼlum edi.
Hayot hech qachon toʻgʻri chiziq kabi bir oqimda davom etmaydi. U baland va past qiyinchiliklar hamda kutilmagan hodisalar bilan goʻzaldir. Bu yoʻl qanday ekanligi emas, muhimi siz qanday his qilishingiz va qanday bosib oʻtishingizdir.
Kunlar ketidan kunlar oʻtgani sayin onasining sabri tugab, qizini qarindoshlaridan uzoqroqqa, yaʼni, boshqa shaharga koʻchib ketishni istadi. Uning otasi ham buni anglab, poytaxtga koʻchib ketishadi. Bu ishning asl sababi qochish emas, Rivannani davolatish edi.
Rivanna ogʻriqli uzoq davolanishdan soʻng, oddiy odamlar kabi yura boshlaydi va shu yerdan yangi hayot boshlanadi.
Muallif: Mana sizga men qahramonimizning oʻtmishi haqida qisqagina gapirib berdim. Endi hikoyamizning asosiy qismiga yaqinlashishimiz mumkin. Tushunishga harakat qilishni maslahat beraman doʻstim, negaki men hammasini tezroq sizga aytib berishni istayman.
12-oktyabr 2022-yil
Rivanna allaqachon 12 yoshda edi. Maktab darslari tugab, u uyi tomon qadam tashlar ekan yoʻlni kesib oʻtish uchun svetofor ostida qizil chiroq yonishini kutib turdi. Biroz kech boʻlganiga qaramay, quyosh hamon tark etmoqchi emasdek koʻrinar, atrof esa tirbantlikdan hosil boʻlgan mashinalar shovqini bilan toʻla edi. U doim yoʻldan oʻtishdan oldin kimdir unga ergashishini yoki undan oldin ketishini kutardi. Uning fikricha bu ancha xavfsizroq. Balki shahardagi daryo kabi oqib keladigan mashinalar sabrsizligi tufaylidir?
Shunday qilib u atrofdagi bir necha odam bilan bir qatorda yoʻlni kesib oʻtish uchun qadam tashlar ekan, unga bir hassaga suyanib qolgan, yoshi 80 dan oshgan qari chol hansirab murojat qiladi:
— Hoy qizim, yoʻldan oʻtishimga yordam ber. Oʻzim eplolmayman. Koʻrib turganingdek qarib qolganman...
— Albatta — javob berdi qiz va cholning bir qo'lini avaylab ushlab, yo'lning narigi beti tomon yoʻnaltira boshladi.
Barcha odamlar yoʻlni oson oʻtib ketishdi, ammo u chol bilan boʻlgani uchun hamon yoʻlning yarmigacha bora olmadi. Chunki chol juda sekin yurar va bu yetmagandek Rivannaga butun hayoti haqida soʻzlab ketardi. Ular oʻtishini kutib turgan mashinalar esa signal chalib, tezroq oʻtishlariga ishora qilardilar.
— Meni yakkayu yagona qizim bor edi. Uni ham uzatib yuborganmiz. Shunday qilib men yolgʻiz yashayman. Eh, bolam... Harbiy xizmatda qancha yillar o‘tdi, oxiri podpolkovnik bo‘ldim. Juda mas’uliyatli martaba edi u, oson yetishmadim... Qoʻlimdagi xatlarni esa Rossiyaga berib yuborishim kerak. U yerda meni uyim va mashinam bor va yana 12 mln dollarim ham. Bu yerga kichik ish bilan kelgan edim... — darhaqiqat, uning koʻkragidagi uchdan ortiq nishonlar va qoʻlidagi qandaydir xatlar buni isbotlardi. Lekin bir narsa Rivannani oʻyga soladi, agar u shunchalik boy boʻlsa, nega piyoda yuribdi?
Nihoyat yoʻlni kesib oʻtishdi va u bir muddat chol soʻzini oxiriga yetkazishini kutdi, koʻrinishidan u hali toʻxtamoqchi emas. Nimanidir bahona qilib tezroq uyga joʻnash kerak.
— Kun ham kech boʻlib qoldi, endi men tezroq uyimga ketishim kerak — cholning gapini boʻldi Rivanna hijolatli tabassum bilan.
— Meni uyim shu atrofda. Anavi binoni koʻryapsanmi? — deb koʻrsatkich barmogʻi bilan ulardan biroz uzoqroqda turgan osmon oʻpar binolardan biriga ishora qilib — Oʻsha binoning uchinchi qavati meni uyim. Meni kuzatib qoʻysang yaxshi boʻlardi.
— Lekin men ham shoshayapman. Kech qolsam otamdan gap eshitishim mumkin — unga doim oyisi "Qariyalarga yordam ber, ammo hech qachon uyigacha olib borib qoʻyma" deb qayta-qayta uqtirardi. Shu sababli u buni rad etdi.
— Ha, mayli. Unday boʻlsa mana shu oʻrindiqqacha yetib olaylik. Meni shu yerda qoldirib ketishing mumkin.
Qariya sekin oʻrindiqqa oʻtirar ekan yana Rivannaga yuzlandi:
— Sen aqlli qiz ekansan, seni yoqtirib qoldim. Men doim kechki paytlari shu yerda oʻtiraman. Gaplashishni istasang, oldimga kelsang, men senga barcha sir asrorlarni aytaman — dedi-yu, qizning bir qoʻlini ushlab unga xatlardan birini muloyim jilmayish bilan tutqazdi.
Rivanna hech narsa demay xatni qabul qildi va uyi tomon tezroq qadam tashlardi. Qariyaga yarim soatdan ortiq vaqt sarfladi va quyosh sekingina berkinishga qaror qilganini payqadi. Chol qolgan oʻrindiqdan ancha uzoqlashgandan soʻng, ortga koʻz tashlab qoʻyganida qariya u yerda yoʻq edi, yoki allaqachon uyiga ketgan boʻlishi mumkin.
— Demak, odamlarga yordam berish shunday ekanda... Xursandman. Bu ajoyib tuygʻu. — oʻyladi Rivanna ichida.
Shu tariqa qiz uyiga yetib keldi. Eshikdan ichkariga kirar ekan oyisi undan kech qolganini sababini soʻrashidan oldin tezda oyoq kiyimlarini yechib, eshik burchagida qoldirdi.
Bunday paytda oyisi oshxonada boʻlishi aniq edi. Kelganini bildirish uchun u turgan xona eshigidan bosh suqib gapiradi:
— Qaytishda bir qariyaga yoʻldan oʻtishga yordam berdim. Shuning uchun biroz kech qoldim. U menga deyarli hayoti davomida qilgan barcha ishlarini aytdi. Juda koʻp gapirdi. Agar eshitganimda haligacha tinmay gapirayotgan boʻlar edi. Men esa bahona qilib qaytdim.
Ovqat tayyorlayotgan oyisi qizining qaytganini payqab tabassum qiladi va:
— Assalomu alaykum — dedi qizining nomidan. Chunki Rivanna kirishi bilan birdaniga asosiy mavzuga oʻtib ketdi.
— Ha... Assalomu alaykum.
— Yaxshi ish qilibsan, barakalla. Lekin hech qachon ularni uyigacha kuzatib qoʻyma, hatto bir qadam qolgan boʻlsa ham. Chunki tashqi koʻrinish aldamchi boʻladi. Endi esa tezroq kiyimlaringni almashtirgin-da ovqatga tush. Hozir dadang ham kelib qolsa kerak.
Rivanna javoban bosh irgʻab xonasi tomon qadam tashlaydi. Ichkariga kirishi bilan yelkasidagi sumka va qariya bergan xatni deraza yaqinidagi stol ustida qoldiradi.
Rivannaning xonasi unchalik katta emas. Ammo eshikdan ichkariga kirishingiz bilan butunlay boshqa olamga tushib qolgandek boʻlasiz. Chunki uning xonasidagi devorlari oʻzi mahorat bilan chizgan suratlarga toʻla, shift esa sunʼiy yorqin yulduzchalar va devor chetlarida pastka tomon osib qoʻyilgan sunʼiy yashil barglar bor. Deraza yonida esa kichik tuvakda kaktus turardi. Eshikdan kirganda oʻng tomonda turadigan, devorga qotirilgan kitob javonida muhabbat mavzusidagi kitoblarga qaraganda fantastik kitoblar koʻpriq edi. Albatta yonida 5-6 ta koʻp varaqli katta daftarlar, ularga asosan tuygʻulari va baʼzi fantastik dunyo qarashlari haqida yozilgan. Balki boshqa narsalar ham bordir, bilmadim, chunki uni faqat Rivannaning oʻzi biladi.
Maktab formasini qulay kiyimga almashtirib, shamolda tartibsiz holga kelgan sochlarini ot dumi uslubida yigʻib qoʻyganidan soʻng koʻzi stol ustida turgan konvertga oʻralgan xatga, yaʼni, qariya unga tutqazgan xatga tushadi. Uni hamon ochib koʻrmaganligi tufayli nima yozilganiga qiziqdi. Konvertni sekin ochib, oppoq qogʻozga tushirilgan yozuvni oʻqir ekan koʻzlari daxshatdan kattalashib ketadi.
Agar sen bu xatni oʻqiyotgan boʻlsang men allaqachon oʻldirilganman. Jasadim hali topilmagan. Ammo mening qotilim seni ham kuzatmoqda.
Baxt qushini top. Shunda ozod boʻlasan.
— Bu... Hazillashyapsizlarmi...? Baxt qushi yana nimasi?
U xatni olgan joyi tomonga uloqtirib, oshxona tomon shoshildi. Chunki uning butun tanasi qoʻrquvdan titrardi va oyisining yonida boʻlsa xavfsiz boʻladi deb oʻylagan edi. Ammo u uyda butunlay yolgʻiz qolganligini kech payqadi.
— Ha-ha! Meni kim deb oʻylayapsiz?! Sizningcha shu oddiy soʻzlar meni qoʻrqita oladimi?! — dedi ishonch bilan baland ovozda oʻzini tinchlantirish uchun.
Oradan bir necha daqiqa oʻtib devorga osilgan soat 12 boʻlganligini bildirib baland ovoz chiqaradi. "Bom... Bom... Bom... Bom...". Bu tovush uni butunlay talvasaga soladi va u uydagi asosiy eshik, tashqariga chiqquvchi eshik tomon yurib uni ochish uchun dastagini buraydi va itarib koʻradi. Oʻndan ortiq urinishdan soʻng ham eshik ochilmaydi. Aynan shu joydan boshlab Rivanna bilan gʻalati voqealar sodir boʻlishni boshlaydi. Uyda undan tashqari biror tirikjon yoʻq, butunlay qamalib qolgan. Hatto derazalar ham qotib qolgan... Bu qiz oʻlganligini anglatadimi? Yoʻq, u hali nafas olayapti va oʻylayapti. Demak, oʻlim endi kelishi mumkin... U eshik oldida shok holatda qotib qoldi va hozir nima qilishni bilmaydi. Qochish kerak, lekin qayoqqa? Balki kim bilandir yoki nima bilandir kurashish kerak, lekin oʻsha narsa nima yoki kim?
Bir lahza vujudida butunlay salqinlikni his qildi va uning quloqlariga urilgan bu qishning ayozi kabi bugʻ bilan birga chiqayotgan aniq tovushlar u yolgʻiz emasligidan dalolat berardi.
— Qoʻrquv qalbingni egallashiga ruhsat ber... Daxshatni his qil... Sen zaifsan. Seni hech kim himoya qilmaydi. Tonggacha aynan shu yerda seni murdangni koʻraman... Tuzoqqa tushgan sichqon kabi, seni ham qiynab oʻldiraman. — dedi unga notanish ovoz.
Shu zahoti Rivanna hushini yoʻqotdi.
Rivanna:
Huddi cheksizlikka tushib qolgandekman... Hech narsani his qilmayapman...
Ammo zulmat ichra bir nuqtadan tushuvchi zaif yorugʻlik bor... Nega? Chunki men oʻlmasligim uchun yetarlicha sabab bor. Men hali hech narsani boshlamadim.