February 22

Shirinliklar festivali

#3

Mening bu magʻlubiyatim men qilgan eng katta xatolardan biri edi. Men harakat qilishim mumkinligini bilardim lekin nega hech nima qilmadim hayronman. Festivalda Pavellar oilasi gʻolib boʻldi. Doʻkonimiz yigirma yildan ortiq vaqtdan buyon faoliyat yuritayotgan boʻlsa, oilamiz orasidan birinchi marotaba kimgdir magʻlub boʻlishi... Yoʻqolgan retseptga kelsak, men uni aniq uydan chiqishimdan oldin sumkamga boshqa buyumlar bilan birga solganimni eslayman. Men yetib borganimda uni hali ochib ulgurmasimdan u yoʻqolgan edi. Balki uyda unutgandirman deb yana bir bor qaytib kelganimda uyning har bir burchagini tekshirim chiqdim. Ammo bu lanati retsept yerda ham koʻkda ham yoʻq. Lekin mening magʻlubiyatim doʻkonimiz obroʻsiga zarracha taʼsir qilmaydi. Axir bu dadam va bobomning yillar davomida ter toʻkib erishgan yutugʻidir. Har holda shunday deb umid qilaman...

Mening oila aʼzolarim festivaldan juda kech qaytishdi. Deyarli qorongʻu tushishni boshlaganda. Shunchalik uzoq davom etishi mumkinmi? Nahotki shovqin ularning jaxlini chiqarmasa? Men xonamda yoʻqotib qoʻygan retseptimni eslab qayta tiklash uchun yozishga harakat qilar ekanman, atrofim buklangan yoki yirtilgan varoqlarga toʻlib ketdi. Juda chalkashib ketdi hammasi. Nega men buni koʻproq takrorlab koʻrmadim-a? Oʻshanda buni yana kamida 2-3 marotaba tayyorlaganimda esimda qolgan boʻlardi. Dadam maqullagani uchun yana mashq qilishim shart emas deb oʻylagandim. Nima boʻlganda ham endi oʻtmishni eslashdan foyda yoʻq, hammasi allaqachon sodir boʻldi. Keyingi yilgi festivalda agar meni oʻrnimga opamni qoʻyishmasa yangi retsept yarataman va bu safar aniq gʻolib boʻlaman. Bungacha hali juda uzoq vaqt bor. 345 kun bu 11 oy-u 15 kun, 8,280 soat va 496,800 daqiqa.

Men shular haqida oʻylar bilan band boʻlganimda xonam eshigi taqillashi meni fikrlarimdan bir zum xalos qildi. Bu mening kichik ukam Nikita va u kechki dasturxonga chaqirish uchun kelgan menimcha. Lekin bugun hamma shundoq ham shirinliklardan urib-tiqib yeb kelishgan. Balki kimlardir haligacha hazm qila olmay qiynalib yurgandir. Yoki shifoxonada koʻngli aynib oʻtiribdi... Eh, oʻylayversam chuqurlashaveraman, yaxshisi shunchaki ularning oldiga boray.

Tartibsiz stolni tartibsizligicha qoldirib ular oʻtirgan xona tomon borar ekanman gʻalati boʻlib ketdim. Ular meni bu axmoqona harakatimga qanday reaksiya bildirishadi? Xullas, nima boʻlsa ham endi ortga yoʻl yoʻq.

Ularga yaqinlashib borayotganimda hammaning kayfiyati aʼlo ekanligini koʻrdim. Ammo bitta odamdan tashqari, dadam juda jiddiy oʻtirgan edi. Men ular oʻtirgan stol atrofidagi stullardan biriga oʻtirib, jim kuzatdim. Dadam bir zum sukut saqladi va jiddiy ohangda gap boshladi:
— Men shu paytgacha qandolatchilik bilan shugʻullanib kelayotgan boʻlsam, biror marta shu kabi bellashuvlarda magʻlub boʻlmaganman. Ajdodlarimiz ham shirinliklar bilan shugʻullangan va Ivanovlar oilasi mukammal shirinlik ustalari boʻlgan — menga qattiq tikilib gapirishda davom etdilar — Pavellar oilasi esa buning teskarisi. Ular hech qachon shirinlikni tushunishmaydi va abadiy magʻlub boʻlishlari kerak edi. Lekin sen qanday qilib bunga yoʻl qoʻya olding? Bu haqiqiy fojia! — ovozlari unchalik baland boʻlmasa ham gʻazabli koʻzlar bilan tikilgan nigohlar va aniq jaranglagan soʻzlar yuragimga hanjardek sanchildi.

— Kechiring — dedim deyarli eshitilmaydigan ohangda.

Ertasi kuni maktabga borganimda, har doimgidek tinchlikni kutgandim. Ammo eshikdan endigina ichkariga qadam qo‘yganimda, sinfdoshlarimning past ovozda shivir-shivir qilayotganini sezdim. Men sinfxonaga yaqinlashgan sari, ular to‘xtash o‘rniga yanada qiziqib gaplashishda davom etishardi.

— Haqiqatan ham Ivanovlar oilasi yutqazdimi?
— Pavellar oilasi qanday qilib g‘olib bo‘ldi? Axir ular shirinlik tayyorlay olishmasdi-ku!
— Eshitishimcha, Ivanovlarning retsepti yo‘qolganmish...

So‘zlar qulog‘imga shundoq urildi. Bu gaplarning barchasi men haqimda edi! Odatda hech kim men bilan qiziqmasdi, lekin bugun hamma men haqida gaplashardi. Bu g‘azabimni qo‘zg‘atdi.

Sinfxonaga kirganimda, qizlardan biri — har doim hamma yangilikni birinchi bo‘lib biladigan Liza — menga g‘ayritabiiy iljayib qaradi.

— Voy, Ivanovna! Sen judayam qiziqarli inson bo‘lib chiqding-ku, — dedi u kinoyali ovozda. — Festivalda nima bo‘ldi o‘zi? Axir sizning oilangiz doim g‘olib chiqardi-ku!

Men chuqur nafas oldim va xotirjam javob berishga harakat qildim:

— Ba’zan hamma narsa reja bo‘yicha ketavermaydi.

Ammo bu ularni qiziqtirishdan to‘xtatmadi. Boshqalar ham menga savollar yog‘dira boshlashdi.

— Rostdan ham retsepting yo‘qolib qolganmi?
— Uni kimdir o‘g‘irlagan bo‘lishi mumkinmi?
— Pavellar oilasi seni aldab, shirinligingni buzib qo‘ymaganmikan?

Men esa faqat bitta narsani o‘ylardim: axir bu mish-mishlar qaerdan tarqaldi?