June 18, 2020

KREDIT-MODUL O‘QITISH TIZIMI bu o’zi nima?

So‘nggi yillarda, mamlakatimiz OTMlarida ham bosqichma bosqich kredit-modul o‘qitish tizimiga o‘tish ishlari boshlab yuborilgan. Xususan, 2030 yilgacha kredit-modul tizimi joriy etiladigan OTMlar soni 2 tadan 85 taga yetkazish rejalashtirilmoqda. Bugungi kungacha, o‘qitishning ushbu tizimi Toshkent davlat yuridik universiteti va Toshkent axborot texnologiyalari universitetida amaliyotga joriy etilgan.

"Bu eng avvalo “kapitalistik” mamlakatlar joriy etgan ta’lim tizimi ekanligini unutmaslik lozim. Bu tizimda kredit to’plash ya’ni xuddi foydali mablag’ birligi kabi ball yig’ib borish uslubida ish olib boriladi" degan tanqidchilar ham ancha topiladi oramizda. Xo’sh, ta’lim bu biznes bo’lsa, tarbiya qanday baholanadi? Modul tizimi oliy ta’lim miqyosida o’tilsa, demak bu yoshdagi talabalarga hech qanday tarbiya kerak emasmi!? Bizning sharqona qarashlarimizdan an'anaviy ta'lim tizimidan umuman voz kechish kerakmi!?

Keling bu tizimni muhokama qilishdan oldin asosiy tushunchalarni ko’rib o’tsak:

Avvalo modul tushunchasi haqida. Modul – bu alohida individual o‘quv fani. O‘zida bilimga egalik qilish va kasbiy jihatlarini qamrab olgan bo‘lib, ta’lim oluvchilarning o‘quv dasturini o‘zlashtirish natijasida shakllangan bilim, ko‘nikma va kompetensiyalarni nazorat qilishning tegishli turi bilan yakunlanishni nazarda tutadi.

Kredit-modul o‘qitish tizimi esa, har bir o‘quv moduli tarkibini tuzishga asoslangan modulning o‘quv natijalari va yakuniy nazoratni kuzatib borish orqali ta’lim oluvchilarning bilim, ko‘nikma va kompetensiyalarini muntazam ravishda baholab boruvchi o‘quv dasturini o‘zlashtirish jarayonini tashkil etish tizimi hisoblanadi.

Mazkur o‘qitish tizimi ma’ruza, nazariy, amaliy, seminar, laboratoriya mashg‘ulotlari, o‘quv amaliyoti, klinik o‘quv amaliyotlar, kurs loyihasi (ishi), shuningdek ta’lim oluvchilarning mustaqil mashg‘ulotlari bo‘yicha haftalik soat yuklamasi va ta’lim oluvchilarning faoliyatini baholash mezonlarini aks ettiradi. Ta’lim oluvchilar tomonidan barcha majburiy faoliyat turlari bajarilgandan va ular baholangandan so‘ng kreditlarni to‘plash mumkin.

Kredit birliklari tizimiga to‘xtaladigan bo‘lsak, bu kredit dasturlarini uning tarkibiy qismlari, ya’ni modullar, modullar bloklari, kurslar va boshqalarga biriktirish orqali ta’lim dasturlarini tavsiflashning tizimli usulidir.

Kredit-modul o‘qitish tizimi o‘quv jarayonining quyidagi shakllaridan tashkil topadi:

·       auditoriya mashg‘ulotlari – ma’ruza, nazariy, amaliy, seminar, laboratoriya mashg‘ulotlari, o‘quv (klinik) amaliyoti;

·       auditoriyadan tashqari mashg‘ulotlar – ilmiy kutubxonada ishlash, mustaqil ishlar, individual maslahatlar, klinik vazifalar, ishlab chiqarish (malaka) amaliyoti, kurs ishi, bitiruv malakaviy ishi, ta’lim oluvchilarning ilmiy anjumanlarda qatnashishi, magistratura mutaxassisliklarida ilmiy faoliyat turlari va boshqalar.

Odatda, kredit ta’lim oluvchi tomonidan o‘quv rejasi bajarilishining ko‘rsatkichi bo‘lib, tegishli o‘quv ishlarini bajarishga ketadigan vaqt (soat)lardan tashkil topadi. Bu modul xususiyati va bo‘lajak mutaxassisni shakllantirish uchun o‘quv ishlarining muhimligidan kelib chiqib ta’lim muassasasi tomonidan belgilanishi mumkin. Har bir modul mustaqil kreditga ega bo‘ladi.

Qayd etish o‘rinliki, kredit-modul tizimiga o‘tish – davr talabi. Bu tizimda o‘qituvchilarni talabalar tanlaydi. Tanlov fanlari soni ko‘paytiriladi, ya’ni talaba o‘z yo‘nalishi bo‘yicha tanlab o‘rganishi mumkin bo‘lgan fanlar soni ko‘p bo‘ladi.

Ammo kredit-modul tizimida kerakli ballni yig‘a olmagan talabalar OTMlarda uzoq yillar o‘qishiga to‘g‘ri keladi.

Ta’limning kredit tizimi barcha ta’lim shakllari nazoratini (auditoriya va auditoriyadan tashqari) o‘z ichiga olganligi, ta’lim jarayonida o‘qilgan soatlar miqdorini emas, balki erishilgan natijani ko‘rsatib beruvchi o‘lchov birligi hisoblanishi sababli ham ta’lim samaradorligini oshirishda muhim ahamiyatga molikdir.

Xulosa qilib aytadigan bo’lsak, ushbu tizimga o’tish davr talabi ya’ni ta’limni rivojlantirishning ustuvor yo’nalishi sifatida qaralar ekan, albatta barchamiz xalqaro tajribadan kelib chiqib, yutuqlaridan unumli foydalanishimiz, kamchiliklarini takrorlamasligimiz lozim. Albatta bu jarayonni unumli amalga oshirishda xorijiy mamlakatlarning tajribasini yaqindan o’rganishga Buxoro davlat universiteti Xorijiy tillar fakultetidagi chet tillarni o’zlashtirgan yuqori salohiyatli yetuk pedagoglarning jonkuyarliklari ayni muddao bo’lar edi.

P.S.

Kredit ta’lim to‘g‘risidagi nizomda qo‘llanilgan asosiy tushunchalar:

1. GPA (Grade Point Average) – ta’lim oluvchinig dastur bo‘yicha o‘zlashtirgan ballarining o‘rtacha qiymati;

2. Akademik mobillik – qabul qiluvchi muassasada talabaning vaqtincha ta’lim olish davrida sinov birliklarini o‘zlashtirish va ularni jo‘natuvchi muassasa tomonidan tan olinishi;

3. Jo‘natuvchi muassasa – ta’lim oluvchi yoki professor-o‘qituvchini mobillik dasturi asosida ta’lim olish yoki o‘qitish uchun jo‘natuvchi muassasa, ishlab chiqarish yoki boshqa tashkilot;

4. Malaka beruvchi ta’lim muassasasi – belgilangan miqdordagi sinov birliklarini tan olishni hisobga olgan holda ta’lim va malaka to‘g‘risidagi hujjat beruvchi muassasa;

5. Mehnat xarajatlari – ta’lim dasturi bo‘yicha o‘qitish jarayonida kutilayotgan natijalarga erishish maqsadida o‘rtacha o‘zlashtirayotgan talabaga zarur bo‘ladigan o‘quv faoliyatining ma’ruza, seminar, loyiha, amaliy topshiriqlar, ish joyidagi stajirovka, mustaqil ishlar kabi turlarni amalga oshirish uchun talab qilingan vaqtni taxminiy baholash;

6. Sinov birliklari (kreditlar) – ta’lim olish natijalari asosida o‘qitish hajmi va u bilan bog‘liq mehnat xarajatlari. Sinov birliklari qoidaga muvofiq butun sonlarda ifodalanadi.

7. Sinov birliklarini berish – malaka yoki uning alohida qismlariga qo‘yilgan talablarga muvofiq erishilgan ta’lim olish natijalariga ko‘ra talaba yoki boshqa ta’lim oluvchilarga sinov birliklarini rasmiy taqdim etish jarayoni;

8. Sinov birliklarini ko‘chirish – malakaga ega bo‘lish maqsadida bir ta’lim muassasasi, ta’lim dasturida olingan sinov birliklarining boshqa ta’lim muassasasida tan olinishi;

9. Sinov birligi soati – ma’ruza, laboratoriya, seminar, studiya, va amaliy mashg‘luotlar hamda amaliyotlarning 1 akademik soati 40 daqiqaga teng;

10. Sinov birliklarini tan olish – boshqa ta’lim muassasasida erishilgan va baholangan ta’lim olish natijalarinining Universitetdagi mavjud fan dasturlaridan birining talablariga javob berishini tasdiqlash;

11. Sinov birliklarini to‘plash – ta’lim elementlarini o‘zlashtirish va boshqa yutuqlarga erishish natijasida taqdim etiladigan birliklarni to‘plash;

12. Ta’lim elementlari – ta’lim olish natijalariga erishish va ta’lim dasturida ko‘rsatilgan bilimlarni o‘zlashtirishga o‘zlashtirishga ko‘maklashuvchi o‘qitish turi;

13. Ta’lim olish natijalari – talaba tomonidan o‘zlashtirilgan va baho bilan tasdiqlangan malaka darajasini aks ettiradigan, ta’lim jarayonini muvaffaqiyatli tugallagach, o‘zlashrtirgan ko‘nikmalari, topshiriqlarni teshuntirish va ularni bajarish qobiliyatining tavsifi;

14. Ta’lim to‘g‘risidagi ma’lumotnoma – o‘zlashtirgan fanlar, to‘plangan sinov birliklari miqdori, olingan baholar aks ettiriladigan talabaning akademik o‘zlashtirishi bo‘yicha guvohnoma.

15. Transkript – ta’lim olishning tegishli davrida o‘zlashtirilgan sinov birliklari va baholarining harf va raqamlardagi ifodasi ko‘rsatib o‘tilgan fanlar ro‘yxatini o‘z ichiga olgan belgilangan shakldagi hujjat;

16. Tyutor – ma’ruzachi tomonidan o‘qitilayotgan fanni o‘zlashtirishda ta’lim oluvchilarga yordam beruvchu shaxs;

17. Edvayzer – tegishli mutaxassislik bo‘yicha ta’lim oluvchiga akademik murabbiy funksiyasini bajaruvchi, ta’lim trayektoriyasini (shaxsiy o‘quv rejasini) shakllantirishda va o‘qish davrida ta’lim dasturini o‘zlashtirishda ko‘maklashuvchi o‘qituvchi.

Ma'lumot tayyorlovchi muallif

Odilshoh Bobokalonov,

BuxDU Xorijiy tillar fakulteti