March 6, 2025

Destined by the Sword

1-QISM: TAQDIRNING QILICHI


Osmon qalin bulutlar bilan qoplangan. Qoramtir osmonda yashin chaqnar, lekin hali yomg‘ir yog‘ayotgani yo‘q. Go‘yo tabiat ham kutayotganday. Saroy devorlari ortida esa tinchlik hukmron edi, ammo bu xotirjamlik aldov edi. Tungi shabada o‘z ichida kelajak haqida sirlarni olib kelayotganday tuyulardi.
SAROY ORZULARI VA HAQIQATLAR
Minso qirollik bog‘ida sekin yurib borardi. Uning libosi eng nafis ipakdan tikilgan bo‘lib, yenglari uzun va havoda raqsga tushganday hilpirardi. Sochlari uzun va qop-qora, mayin shamolda harakatlanar, yuzidagi ifoda esa qandaydir o‘ychanlikni bildirardi.
U o‘zi yashayotgan saroy devorlariga qaradi. Shu devorlar ortida qanday dunyo borligini hech qachon bilmagan, bilishni ham xohlamagan. Ammo bugun yuragi g‘alati tuyg‘ular bilan to‘lib-toshgandi. Go‘yo unga nimadir yetishmayotganday, go‘yo qalbida bir bo‘shliq bor edi.

Minso


— Malika Minso, siz bu yerda yolg‘iz turishingiz xavfli, — dedi bir ovoz.
Minso orqasiga o‘girildi. Qarshisida uzun bo‘yli, bardam yigit turardi. Uning kiyimidan jangchi ekani sezilib turardi. Ko‘zlari esa… ularning jilosida nimadir bor edi. Jasorat, mardlik, lekin ayni paytda, qandaydir ichki og‘riq ham ularni tark etmagandi.
— Sen kimsan? — so‘radi Minso.
Yigit chuqur ta’zim qilib javob berdi:
— Men Teahyung. Endi sizning soqchingizman.

Teahyung


Minso ko‘zlarini qisib, uni diqqat bilan kuzatdi. U allaqachon necha yillar davomida soqchilar bilan o‘ralgan bo‘lsa-da, bu yigit boshqalardan farq qilardi.
— Ota buyrug‘imi? — so‘radi Minso.
— Ha, malika. Qirol sizning xavfsizligingizni o‘ylayapti.
Minso nigohini uzoqqa tikdi.
— Men bu devor ortidagi dunyoni ko‘rmoqchiman, Teahyung.
Teahyung bir zum sukut saqladi, so‘ng mayin jilmaydi.
— Bu dunyo siz o‘ylaganchalik go‘zal emas, malika.
— Shunday bo‘lsa ham, men uni ko‘rishni xohlayman.
Teahyung bosh egdi.
— Unda men sizni himoya qilaman.
Minso yigitning bu so‘zlaridan qandaydir ishonch his qildi. Go‘yo u bilan birga bo‘lsa, hech qanday xavf unga yaqinlasha olmasdi.
TAQDIRNING BIRINCHI SINOVI
Kecha o‘rtalarida Minso saroy ayvonida yulduzlarga qarab o‘tirardi. Teahyung esa unga uzoqdan kuzatib turardi.
— Sen uxlamadingmi? — so‘radi Minso.
— Soqchi hech qachon uxlamaydi, malika.
Minso jilmaydi.
— Balki seni jang maydonidan olib kelib, bu yerda soqchilik qilishga majburlash noto‘g‘ridir?
Teahyung bir zum indamadi. So‘ng, yuzidagi qat’iyat o‘zgarmagan holda javob berdi:
— Mening hayotim qirollikka xizmat qilish uchun atalgandi.
Minso chuqur nafas oldi.
— Yolg‘on. Sen o‘zingga yolg‘on gapiryapsan.
Teahyung beixtiyor unga qaradi.
— Nima demoqchisiz?
— Men senga qarab turib, ko‘zlaringdan his qilyapman, Teahyung. Sen jangchi bo‘lishni emas, erkin bo‘lishni istagansan. Sen bu devor ortidagi dunyoga chiqishni istagansan. Sen ham men kabi…
Teahyung bu gaplarni inkor eta olmasdi. Haqiqat shunday edi. U bolaligida oddiy hayot orzu qilgan edi, lekin urushlar, qirollik nizolari uni o‘z domiga tortgan, natijada u qilich bilan yashashga majbur bo‘lgandi.
U bir muddat sukut saqladi, so‘ng asta dedi:
— Siz qirollik malikasisiz, men esa jangchiman. Bizning yo‘limiz bir emas.
Minso uni diqqat bilan kuzatdi.
— Balki shundaydir. Balki yo‘q.
O‘sha lahzada yulduzlar jim-jim tovlanib, kechaga sirli bir sehr qo‘shganday tuyuldi. Bu ikkala qalb esa hali anglab yetmagan tuyg‘ular bilan bir-biriga bog‘lanayotgan edi…