Silent Witness
Inson shunday mavjudotki, ba'zan ko‘rmasligi, eshitmasligi kerak bo‘lgan voqealarga ham guvoh bo‘lib qoladi.
Ammo voqea egasi telba va jinoyatchi bo‘lsa-chi? Unda nima bo‘ladi?
Biz bu savolga javobni "Silent Witness" fanficida bilib olamiz…
Men — Xvana.
Bu dunyoda borligimdan nafratlanadigan, hatto o‘zimni ko‘rishga chidamaydigan qizman.
Hayotim har kuni yomon film sahnasiga o‘xshaydi: na do‘stlar bor, na yaqin inson. Hamma narsadan charchaganman. Har kecha o‘zimdan bir savol so‘rayman: «Nega men shu yerda yashayapman?»
Mana, bugun ham zerikarli kunimni boshlash uchun ishga yo‘lga chiqdim. Odatdagidek ish stolim ortida o‘tirib, soxta tabassum bilan do‘konimizga kirgan mijozlarga xizmat ko‘rsatardim.
Bilganingizdek, men atir do‘konida ishlayman. Kunim bir maromda ketayotgan edi... lekin ular kirib kelishdi.
Menga xiyonat qilgan, eng yaqin deb bilgan ikki inson.
So‘zlarim boshida aytganimdek, mening xarakterim aynan shu ikki shaxsning xatti-harakatlaridan keyin o‘zgardi. Endi men do‘stlik va sevgiga ishonmayman.
— Oyy, salom Xvana! Hali ham shu yerda ishlayapsanmi? Men seni allaqachon ketib qolgan deb o‘ylagandim, — dedi yelkasiga yigitning qo‘lini qo‘ygan qiz kinoyali kulib.
— Nima, endi sendan so‘rab ishlashim kerakmi? — dedim sovuq ohangda, dushmanimga aylangan sobiq dugonamga qarab.
— U shunchaki so‘radi, so‘rash mumkin emasmi? — dedi u yigit.
O‘sha ovoz, o‘sha yuz… Bir paytlar menga sevgi izhor qilgan inson, endi esa boshqa qiz bilan yonma-yon.
Lekin endi menga qiziq emas. Ularni o‘ylashga ham vaqtim yo‘q.
Meni bu holatda ko‘rgan hamkasbim yonimga kelib, ularga boshqa atirlarni ko‘rsatishni boshladi. Shu payt men boshqa mijozga e’tibor qaratdim.
Menga yordam bergan qiz — Jennie. U juda yaxshi qiz. Ko‘p marta menga do‘stlashishni taklif qilgan, lekin men har safar qarshi turganman.
Ish vaqti ham tugadi. Natty do‘konni o‘zi yopib ketishini aytgani uchun men erta chiqib ketdim.
Tun shunday ajoyib ediki, men hatto quyosh chiqquncha sayr qilishni xohlardim. Qorong‘i ko‘chalardan asta yurar, sekin nafas olar edim.
Hamma yaqinlashishni xohlamaydigan eski bino tomon yetib keldim. Hamma uni qo‘rqinchli deb o‘ylaydi, lekin men uchun u shunchaki oddiy, eski bino xolos.
Shu payt kimningdir yordam so‘rayotgan ovozini eshitdim. O‘zimcha «adashib qolgan bo‘lsa kerak», deb o‘yladim.
Binoga kirganimda esa… u yolg‘iz emasligini bildim.
Sekin, ehtiyotkorlik bilan yaqinlasha boshladim. Har bir qadamimda yuragim qattiq urar, ichimda esa bir savol aylanardi:
"Men yana nimaga guvoh bòlyapman?"
Bir erkak o‘zidan ancha katta bo‘lgan boshqa bir odamni urayotgan edi. Avvaliga yordam bermoqchi bo‘ldim, u tomon asta qadam tashladim.
Ammo ulgurmadim.
Birdan, u to‘pponchasini chiqarib, hech ikkilanmay o‘q uzdi. Kaltaklangan odam shu zahoti yerga quladi. O‘ldi.
Men… men nima qilishimni bilmasdim. Nafasim bo‘g‘ilib, tomog‘im qurib qoldi. Chunki bu… bu men uchun yangilik emas edi.
Hali ham esimda: o‘shanda atigi besh yoshli qizaloq edim. Ko‘z o‘ngimda otam va onamni otib tashlashgan.
O‘shandan beri o‘q ovozini eshitmagandim.
Lekin mana, bugun… yana eshitdim.
Etim jimirlab ketdi. Qo‘rquv, o‘tmish va hozirgi lahza — hammasi bir-biriga qorishib, ichimda qichqirardi.
Bilmasdan bir nimani bosib oldim. Metall qopqoqmi, yoki eski temir zanjirmi — bilmadim.
Erkak mendan boshini ko‘tarib, sovuq nigohini menga qadadi. Nigohi… qotilning nigohi.
U asta yonimga qarab yurishni boshladi. Nafasim qisilardi. Ichimda faqat bir jumla aylanardi:
"Qoch, Xvana, qoch!"
Orqamga o‘girilib, yugura boshladim. Oyog‘im charchoqdan shalvirab ketayotgan bo‘lsa ham, to‘xtamadim.
— To‘xta! — orqamdan baqirdi u.
To‘xtamadim.
Uning odamlari ortimdan quvishga tushdi. Ko‘chalar bo‘ylab, tor yo‘llardan yugurardim. Nafasim yelkamga chiqib ketdi, yuragim har urganida quloqlarimda portlash yangrayotgandek edi.
Nihoyat, o‘zimning eski, qorong‘i uychamga yetib keldim. Eshikni yoppasiga yopib, barcha qulf va qiyshiq zanjirlarni ilib chiqdim.
Yiqilib, polga o‘tirdim. Qattiq nafas olar, qo‘llarim titrardi.
— Yana… yana qochib qoldim… — dedim o‘zimga pichirlab.
Ammo bu safar qutulish oson bo‘lmasligini his qilardim. Chunki endi men nafaqat oddiy qiz, balki guvoh edim.