October 23, 2023

🦠 VIRUSLI GEPATIT C 

Virusli gepatit C kasalligini shu nomdagi viruslar keltirib chiqaradi.Kasallikning ikkita kechish turi farqlanadi: o’tkir va surunkali. O’tkir gepatit C ning rivojlanishi virus bilan zararlangandan keyin boshlanadi. Bu vaqtda ko’pchilik kasallanganlarda hech qanday belgilar kuzatilmaydi. Taxminan 50- 80% zararlangan insonlarda kasallik keyinchalik esa surunkali gepatit C shakliga o’tadi. Surunkali bosqich o’n yillar davomida shakllanadi va u ham hech qanday alomatlarsiz kechishi mumkin. Agar kasallik davolanmasa, bemor oxir-oqibat jigar kasalliklariga duchor bo’ladi va kasallik tashuvchisiga aylanadi.

🔹O’tkir gepatit C belgilari va alomatlari

O’tkir bosqichda 65% insonlarda aniq belgilar kuzatilmaydi. Kasallik rivojlanib borishi bilan belgilar ham yaqqolroq namoyon bo’la boshlaydi (2-26 haftadan so’ng) va 2-12 hafta davom etadi. Ular:

-qorinning yuqori qismidagi og’riq, ayniqsa o’ng tarafda;
-peshob rangining to’q bo’lishi;
-sariqlik (teri va ko’z sarg’ayishi);
-ko’ngil aynishi va ichak faoliyatining buzilishi;
-charchoq;
-biroz isitma va titroq;
-mushaklardagi og’riq;
-ishtaha yo’qolishi;
-kayfiyatning tezda o’zgarishi;
-bo’g’imlardagi og’riq.

🔹Surunkali gepatit C belgilari va alomatlari

Surunkali bosqichida bemorlar odatda, aniq belgilarsiz holda yillar davomida yashaydilar. Bu ba’zan «faoliyatsiz» yoki «yashirin» gepatit C deb ataladi. Natijada yallig’lanish va chandiq (jigar sirrozi) bilan birga faol surunkali gepatit rivojlanadi. Kasallik davolanmasa, jigar sirrozi, jigar yetishmovchiligi va jigar saratoni (gepatosellyulyar saraton) va hatto o’limgacha olib borishi mumkin. Surunkali gepatit C belgilari:

-zaiflik va charchoq;
-ko’ngil aynishi;
-ishtaha yo’qolishi;
-mushak va bo’g’imlardagi og’riq;
-vazn yo’qotish.

🔹Surunkali gepatit C jigar yetishmovchiligiga (jigar dekompensatsiyasi) olib kelgani bois qo’shimcha alomatlar kuzatiladi:

-peshob rangining to’q bo’lishi;
-sariqlik (teri va ko’z sarg’ayishi);
-qichish;
-suyuqlik to’planishidan kelib chiqadigan qorindagi shishlar;
-suyuqlik to’planishi tufayli oyoq shishishi;
-qon qayt qilish;
-umumiy qorin og’rig’i.

🔹Jigar zararlanganda u o’z funksiyalarini bajara olmaydi. Jigar funktsiyalari qondagi zaharli birikmalarni parchalash, infeksiyalar bilan kurashish, dori vositalarini parchalash, ba’zi muhim oqsillarni sintez qilish, qon ivish omilini ishlab chiqish va vitamin, mineral, yog’ va uglevodlarni depo qilib saqlashdir.

âť“Gepatit C qanday yuqadi?

🔹Gepatit C virus bilan kasallangan shaxsdan boshqa shaxsga yuqadi. Virus hayvonlar yoki hasharotlardan yuqmaydi.

🔹Gepatit C virusi asosan qonda va zararlangan kishining o’ziga xos boshqa tana suyuqliklarida oz miqdorda mavjud. Virus hozirda eng ko’p inyektsiya uchun ishlatilgan igna almashinuvi sabab yuqadi. 1990 yilga qadar virus, odatda qon quyish orqali yuqqan. Hozirda qon quyish orqali yuqishi xavfi deyarli yo’q, donorlik qoni avvalo tahlil qilinadi.