"HATE YOU"
CHAPTER-2 Nur zulmatdan bo‘sa olgandek hayotimda birdan paydo bo'lding. . . .
-Qo'yib yubor-dedi qiz past, faqat ikkovi eshitadigan ovozda.
Jungkookning barmoqlari bilagiga o'ralganda, sport zalining sovuq yorug'ligida peshonasiga tushib turgan nam sochlari, mashqdan keyin terlab yaltirab turgan bo'yni ko'zga tashlanadi. Yengi shimarilgan qo'lidagi tomir bo'rtib chiqqan, kuch bilan siqilgan panjasi ostida qizning bilagi oqara boshlaydi, lekin yuzida hech qanday zo'riqish yo'q, xuddi bu unga hech narsaga arzimaydigandek osonlik bilan ushlab turibdi.
Aynan shu payt ular orasiga Sohyun kirib keladi.
Jungkook bir zum unga tikiladi, xuddi uning jur'atini o'lchayotgandek qarab turadi. Qora ko'zlarida g'azab emas, qiziqish o'ynaydi. Keyin qo'lini bo'shashtiradi, ammo ko'zlaridagi sovuqlik ham yigitni nishonga olgandi.
Hushtak ovozi zalni kesib o'tdi.
-Hammasi, bir chiziqqa!-baqiradi ustoz uzoqdan, u hech narsani sezmagan edi.
Sinf birin ketin safga tizila boshladi. Yelena safga qo'shilmadi. Orqasiga qaramay, zaldan chiqib ketdi, qadamlarida jahl bor sezilardi.
Sohyun turgan joyidan bir qadam ham surilmay, Jungkookka o'girildi. Yigit esa unga qarab emas, qiz ketgan eshikka qarab turibdi, boyagi tortishuvdan asar ham qolmagan lekin xotirjamlik bilan, faqat lablari chekkasidagi ozgina tabassum uni butunlay befarq qilib ko'rsatmaydi.
-Sen tufayli darsdan chiqib ketyapti. Uyiga bu ahvolda borsa gap eshitadi-dedi Sohyun.
Jungkook yelka qisadi, tabassumi endi ko'zlariga ham yetib boradi.
-Chorshanba kunlari hech qachon uyiga erta ketib qolmaydi. Qayerdadir o'tirib yig'lab olsa kerak, yana-deydi ovozida shubhaga o'rin qoldirmagan ishonch bilan.
Sohyun javob topolmay unga qarab qoladi.
Chaerin sinfdan sirg'alib chiqdi va Yelenaning ortidan yo'l oldi.
Karidorning salqin va zax nafasi burunga urilganida sport zaldagi shovqin biroz tingandek eshitilmay qoldi. Chaerin qadamlarini sezdirmaslik uchun avaylab bosayotgan bir paytda kiyinish xonasining eshiki ochiqligini payqadi. Sekin mo’ralab qararkan, dugonasi bilagini uqalagancha qizarib o’tirganini ko’rdi.
“Yelena, yaxshimisan?” – dugonasining yoniga o’tirib olib havotir aralash so’radi qiz.
Yelena unga qarab nimadir demoqchi bo’ldi-yu o’rniga pastki labini alam bilan tishlab yuzini burib oldi.
Chaerin uni yaxshi bilgani uchun ortiq so’z aytmadi. Sal nari surilib qizib ketgan oyoqlarini muzdek betonga qo’yib kutdi. Uzoq kutishi ham shartmas, Yelena buni sezishi bilan darrov dugonasi tomonga o’girilib boldiridan chimchilab oldi: “ Men senga necha marta issiqdan kelib sovuqqa oyoq qo’yma deganman”-deya tishlari orasida asabiy gapirdi.
Birdan kelgan hujumdan cho’chib tushgan qiz muvozanatni yo’qotishiga sal qoldi. Og’riqdan yuzini burishtirib bor kuchi bilan Yelenani qo’liga ikki qo’llab yopishib dodlab yubordi.
“O’chir, seni deb bo’ldi o’zi yana topib olib jazolab yurishmasin!” -biroz yumshagan araz ohangida ogohlantirdi qiz.
Chaerin uning yuzidagi kayfiyatni yaxshiroq o’rganish uchun yaqinlashdi. Uning qitmirlarcha qarayotganini ko’rib Yelena kulib yubormaslik uchun yuz mimikalarini zo’rlik bilan ushlab turishga tirishdi.
- Mendan xafamisan-a? – endi ko’zida xavotir ham aks etgandi Chaerinning.
- …..
- Yelena… bilasanku uni sevib qolganimda butunlay boshqacha edi…
- Ha hozirigidan kichkina va kamroq qizlar bilan yurgandi- ko’zlarini ag’darib qo’shimcha qildi Yelena.
- Ha yana, o’sha kuni yer tepib yig’laganimda yupata olgan yagona odam edi.
Yelenaning tamog’iga nimadir kelib tiqildi. U Chaeringa qaraganida dugonasining xotira sabab yoshlangan ko’zlarini ko’rib miyyasi muzladi. Shu onda ko’z oldiga o’sha mash’um kun voqeasi gavdalandi.
------
Qishning qisqa kunining boshlanishi edi. Derazalar muzlagan, sinfxona ichida bo'r changi va nam kiyim hidi anqib turardi. Dars endi boshlangan, kichkina qizaloq oyoqlarini aslida yuqori sinf o'quvchilari uchun mo'ljallangan partadan osiltirgancha tebratib o'tirardi. Ustoz unga qarab doimgidek tanbeh berdi.
-Chaerin, to'g'ri o'tir, yo'qsa stulingni sindirib qo'yasan.
Qizaloq shartta oyoqlarini yig'ib oldi, ammo bu uzoqqa cho'zilmay yana beixtiyor tebrata boshladi. Shunda ustozning jahldor ovozi yangradi.
-Chaerin, o'rningdan tur-da, uyga vazifaga berilgan she'rni aytib ber. Sen ichingdagi energiyani o'qishga berishing kerak!
Tap etib yerga tushgan oyoqlarida tik turgancha, qurt tushgan tishlari orasidan bir-ikkita harflar sirg'alib ketsa ham, jarangdor ovozda she'rni yoddan ayta boshladi. Uning ovozi sovuqdan mudroq bosgan sinfdoshlari qatori Yelenani ham uyg'otib yubordi. Atrofdagilardan begonasirash yoki uyalish hissi bilan pastga qaratilgan boshini ko'tarib, unga boqdi va ichidan "qanday aqlli qiz-a, qiyin she'rni ham sharillatib aytib beryapti" deb havas qilib qo'ydi.
Chaerinning ovozini ahyon-ahyonda aksa urib, tinmay burnini ro'molchasiga artayotgan Jungkook buzib qo'ydi. Yelena unga bezor bo'lib o'qradi. Lekin undan ikki parta orqada o'tirgan bolakayning boshi yonib turganda hech kimning qarashi muhim emasdi, u bemalol burnini tortib o'tiraverardi.
Shu payt eshik ochilib, sinfxonaga yuzi tanish bir ayol g'alati holatda kirib keldi. Uning qadam tovushi bilan birga, xonaga notanish bir sukunat ham cho'kkandek bo'ldi. U ayol qora rangli kiyim kiyib olgan, ko'zlari qizarib yuzi shishib ketgan, xuddi biror og'ir tashvishi bordek tushkun ahvolda edi. Ayol ustoz yoniga borib, bolalar eshitmaydigan tovushda pichirladi. Ustoz ustidan muzdek suv quyilgandek, bir unga, bir old partada she'rini tugatishga ulgurmagan qizaloqga tezda qarab oldi. Keyin tezda yuziga sovuq ifodani olib, tomoq qirib gap boshladi.
-Chaerin qizim, xolang seni olib ketishga kelibdi. Sen bugun darsdan ertaroq ketishing mumkin. Uyga vazifani sinfdoshlaringdan bilib olarsan, xo'pmi?
Har doim tanbeh berishdan boshqasini bilmagan ustozning "qizim" deb qolishi butun sinfning e'tiborini tortdi. Chaerinning xolasi uning narsalarini chaqqonlik bilan sumkasiga joylashiga yordam berdi-da, xonadan olib chiqib ketdi. Ular chiqib ketgach, joyiga shilq etib o'tirib olgan ustoz bir nuqtaga tikilib turdi-da.
-Bechora qiz, dadam menga chet eldan shokolad olib keladi deb yurgandi... bechora Chaerin...-deb yubordi-yu, ko'zidan yoshlari oqib ketdi.
Ko'pchilik qatori Yelena ham nima bo'layotganini tushunmadi, ammo birgina Jungkook o'rnidan turib tashqariga otilib chiqib ketdi. Ustoz unga to'xta deyishga ham ulgurmadi. Bolalar guv etib tashqari yo'lga qaragan oynaga yaqinlashdi.
Jungkook sinfxona derazasiga yaqin joyda Chaerinning jajji qo'llarini ushlab ketayotgan ayolga yetib oldi va undan qizchaning kaftini ajratib oldi. Chaerin qop-qora qorachiqlari bilan Jungkookga yalt etib qaradi. Bu ko'zlarida bolalikning eng beg'ubor nigohiga o'rmalab borayotgan qo'rquv bor edi. Jungkook uni o'zi tomon tortqilab, jahl bilan ayolga "Uni olib ketmang, Chaerinni o'qishi bor!" deb baqirdi.
Ayol bir zum o'ylanib turdi-da, Jungkookning boshidan silab, "ertaga keladi" deya qizning qo'lidan yana tutdi. Shunda Jungkook battar tihirlik qilib, Chaerinni qo'yib yubormasdan ortga tortqilay boshladi. Butun gavdasini ortga tashlab, sinfdoshini olib qolishga harakat qilardi. U faqat "Chaerinni olib ketmaysiz, u yerga bormaydi, yig'latmang uni" degan bo'g'iq, kasal ovoz chiqarardi. Qizcha qo'lining og'rig'idan emas, borgan sari yuragida paydo bo’lgan kulfat hissidan yig'lab yubordi. U yig'lagan sari Jungkook unga qattiqroq yopishar, hatto uni quchoqlab oldi. Bu holat ustoz yetib kelib uni bir siltab ajratib olmaguncha davom etdi. Bu manzara Yelenaning ko'z oldida butun umrga muhrlanib qolgan eng og'riqli xotira bo'lib qoldi. O'sha kuni Chaerin bir hafta maktabga kelmadi. Bir haftadan keyin qaytganida esa oydek oppoq siniq yuzida bironta ham kulgu izi yo'q edi.
Aniqroq aytadigan bo'lsam, Chaerinning otasi ko'p yillar mobaynida oshqozon raki bilan kurashgan. Farzandlari qo'rqmasligi uchun har safar kasalxonaga ketganida "chet elga ishlashga ketdim" deb aytgan. O'sha kuni esa olamdan barvaqt ko'z yumgan edi.
Yelena xayolidagi manzara asta xira tortganida ko'zlarini ochadi.
Chaerin hamon yonida turibdi, derazadan tushayotgan xira yorug'likka termulgancha, xuddi o'sha kunni birga qayta yashab chiqqandek edilar.
Yelena hech nima demadi. Faqat qadam tashladi va dugonasini bag'riga bosdi.
Chaerin bir zum qotib qoldi, so'ng asta kuldi, u ham javoban mahkamroq quchadi.
-Nima bo'ldi senga birdan?-so'raydi u, ovozida hazil bilan hayronlik aralash.
-Hech nima,-Yelena boshini uning yelkasiga qo'yadi.-Shunchaki sog'inib ketdim shekilli.
Ular shu holatda bir necha soniya qotib qolishadi, go'yo orada bo'lgan barcha g'ashlik shu quchoqda erib ketayotgandek edi.
Keyin birdan Yelenaning butun vujudi qotib qoldi, ko'zlari katta-katta ochilib ketdi. U Chaerinni o'zidan itarib yuborarkan:
-Yo Xudoyim, Gargamel!-deydi u, ovozi cho'zilib, deyarli baqirishga aylanadi.
Chaerin uni yana o'ziga tortadi, oldingidan battar yopishadi, xuddi besh yashar boladek injiqlanadi.
-Yo'q, bormaylik,-deydi yalinish ovozida.
-Chaerin!-Yelena uning qo'llarini bo'shatishga urinadi, ammo naf yo'q.-Kech qolsak battar yomon bo'ladi, o'zing bilasan-ku uni.
-Bundan battari bo'lmaydi,-Chaerin uhh tortib boshini yana Yelenaning yelkasiga qo'yadi.-O'sha odam meni ko'rishi bilan miyamni yeydi. "Chaerin, sen bu formulani yana unutibsan" deb boshlaydi-yu, tanbehini oxiri ko'rinmaydi.
Yelena uni sudragandek yo'lakka olib chiqdi.
-Bo'lmasa nega qatnashyapsan o'sha to'garakka? Yozilmasang bo'lmasmidi?
-Men yozilmadim!-Chaerinning ovozi ko'tariladi.-Majburlab yozdirishdi. Nazorat ishimni yomon yozganim uchun uyimizga qo'ng'iroq qilib, qo'shimcha darsga qatnaydi deb imzo qo'ydirishdi. Xuddi o'zim shuni xohlagandek gapirma!
Bir zumdan so'ng Chaerin birdan Yelenaga o'giriladi.
-Sen-chi?-ko'zlarini qisib qaraydi.-Senga bu darsning nima keragi bor, nazorat ishing yomon emasdi-ku.
Yelena bir lahza jim qoldi va keyin yelkasini qisadi.
-Bilmayman. Uyga hali erta shekilli.
Chaerin unga tikiladi, lablari nimadir demoqchidek qimirladiyu, ammo fikridan qaytdi. Faqat Yelenaning qo'lidan avvalgidan mahkamroq ushlab oldi va birga darsxonaga yugurib ketishdi.
To'garak eshigi oldiga yetganlarida, ikkalasi ham nafas ololmay qolishdi.
-Tamom,-Chaerin pichirlaydi, ko'kragini bosib.-Biz tamom bo'ldik .
Yelena eshikni asta itardi. Ichkarida g'ala-g'ovur, bir necha o'quvchi bosh ko'tarib ularga qaraydi, ammo ustoz stoli bo'sh turibdi.
Ikkalasi bir vaqtda yengil nafas chiqarishdi.
-Hali kelmagan shekilli,-Chaerin ko'ksini siladi.
Ular ichkariga kirishadi. Ammo bir qadam qo'yishlari bilan doskaga yozilgan "YOZMA ISH" degan katta harflar ko'rib qolishdi. Partalar bir-biridan olislashtirib qo'yilgani uchun odatdagidek erkin joylashib o'tirish mumkin emasdi
-Voy,-Chaerin lab burib qo'yadi.-Bugun sinov ekan-ku.
Ular ajralishishga majbur bo'lishdi. Yelena orqa qatordagi bo'sh partaga o'tirdi.
Chaerin esa hali joy qidirib, xonani ko'zdan kechirarkan derazaga yaqin partalarning birida notanish bir yigit o'tirganini payqab qoldi.O’sha yigit boshini pastga engashtirib, yonidagi bolaga nimadir tushuntiryapti. Qalami qog'ozda tez-tez yurgazar, ovozi past va bosiq, xuddi bu formulalar unga hech qanday qiyinchilik tug'dirmagandek muammoni hal qilib berayotgandi.
Yigit boshini ko'targanda, sochlari peshonasiga tushib, bir lahzaga ko'zlarini to'sib qoladi. Keyin asta orqaga tashlaydi, qaddini rostlaydi. O'shanda Chaerin uning bo'yi qanchalik uzun ekanini payqadi, partaning narigi cheti hatto tizzalariga yetib bormaydi.
Chaerinning ko'zlari cho'g'dek yonadi. Ikkilanmasdan qadam tashlaydi.
-Hey,-deydi u, ovozida hech qachon yashira olmagan o'sha o'ynoqilik bilan.-Yangimisan? Birga o'tirsak-chi? Ustoz kelmasidan joylashib olganimiz ma'qul.
Yigit qalamini pastga qo'yadi, unga qaraydi. Shoshilmasdan unga tikilib qararkan, lablari asta-sekin kulguga yoyiladi.
-Nega bo'lmasin,-deydi past va bosiq ovozda. Yelkasini qisib, joy bo'shatadi.-O'tir.
Uning ovozida na hayajon, na noqulaylik seziladi, faqat tinch bir qiziqish bor, xuddi Chaerinni bir zumda o'rganib chiqayotgandek edi.
Yelena o'z partasidan bu manzarani kuzatib o’tiribdi. Chaerin allaqachon yelkasini qisib, qo'llarini paypaslab, notanish yigitga nimadir tushuntiryapti. Boshini chayqaydi, lekin lablarida beixtiyor tabassum paydo bo'ladi. "Yana kimnidir o'ziga asir qilibdi," deb o'ylaydi ichida qiz.
Chaerin joylashib, sumkasini partaga tashlaydi.
-Bilasanmi,-u yigitga yaqinroq engashadi, ovozini pasaytiradi.-Bu yerga kelishingga gargamel majburladimi? – uning javobini kutmay gapida davom etdi.- Bilaman, u ham senit inch qo’ymagan. Maktabda seni hech uchratmaganman, hmm demak seni boshqa maktabdan boshingni aylantirib qop-qop va’dalar berishgan.Maslahatim bu yerdan hoziroq qoch. Yo’qsa gargamel seni ham asablaringni yeb bitiradi. Bilasanmi u juda qo’pol ustiga ustak yaxshi o’rgata olmaydi ham.
O’zi bergan savoliga o’zi javob berayotgan qizga qarab o’tirgan yigit kashtan rang ko’zlari bilan unga tikilib qoldi. Uning gaplaridan kulgusi qistasada nigohini Chaerinning yonib turgan qorachiqlaridan nim pushtirang nozik lablariga undan yanoqlari ustidagi bilinar bilinmas xoliga, har ustozining laqabini aytganda jahldan chimriladigan qoshlariga olib o’tardi.
Yigit qalamini barmoqlari orasida aylantirar, uning kuyunib gapirishini diqqat bilan tinglardi.
-Odam emas u,-Chaerin davom etadi, endi to'xtay olmay.-Cho'chqadek ahmoq, tumshug'ini hamma yoqqa tiqadi, o'zini professor deb biladi. Kelasan-u, ikki og'iz gapirmasdan turib, sen haqingda hukm chiqarib bo'ladi.
-Sen esa,-yigit nihoyat so’zladi, ovozida sal-pal kulgi ham bor,-shuncha yomon ko'radigan odaming haqida shunchalik ko'p gapirar ekansan-a.
Chaerin bir zum to'xtaydi, keyin qo'l silkiydi.
-Sen ham bu yerga kelib xató qilibsan,-deydi achinib, boshini chayqaydi.-Attang. Vaqtingni bekorga sarflabsan. Bu joy la'natlangan, menga ishon.
Ovozi birdan yumshaydi, deyarli iltijoga aylanadi.
-Menga yordam berasanmi?-Chaerin unga tikiladi, ko'zlarida yalinish bilan .-Bugun shu sinovdan o'tsam, shu la'nati to'garakdan butunlay qutulaman. Sen aqllisan shekilli,-qalamiga imo qiladi,-meni ilojsiz qilib qo'ymaysan-a?
Yigit unga tikiladi, lablari yana o'sha bosiq kulguga cho'ziladi. Og'zini xuddi "xo'p" demoqchidek ochayotganida eshik birdan taraqlab ochilib javob berishga ulgurmay qoldi.
Ichkariga qadam tashlagan zahoti butun sinfni sergaklantiradigan bir erkak kirib keldi, o'rtacha bo'yli, sochlari oqara boshlagan, ko'zoynagi burun uchida turibdi, peshonasida esa doimiy ajin ko'rinadi. Ovozi devorlarga urilib qaytadi.
- Taehyung, keldingmi?-deydi u, ko'zi Chaerin yonidagi yigitga tushishi bilan yuzi kutilmaganda yorishib ketdi.-Bu yoqqa kel, senga imtihon savollarini beraman. Bugungi sinovni sen o'tkazib turasan, meni majlisga chaqirib qolishdi.
Chaerinning yuzidagi tabassum sekin-asta qotib qoldi.
-Bular... tanishmi?-pichirladi o’ziga-o’zi.
Taehyung qizga qaramadi. Faqat asta o'rnidan turib, qalamini stol ustiga qo'ydi va dona-dona qadam bosib ustoz tomon yurdi.
Chaerinning og'zi ochiq, ko'zlari uning orqasidan uzoqlashib borayotganiga tikilgancha qoladi.
Ustoz Taehyungni yelkasidan quchoqlab, sinfga o'girildi, ovozida faxr bilinadi.
-Bu mening o'g'lim Taehyung. Hozirgacha ixtisoslashgan maktabda o'qirdi, endi menga yordam berish uchun o’qishini bu yoqqa ko'chirdi. Aslida oliygohga kirishga allaqachon tayyor, faqat maktabni tugatishi kerak, xolos. Mayli, bugun u sizlarni nazorat qilib turadi.
U shu so'zlar bilan ortiga qaramay chiqib ketdi. Eshik uning ortidan yana bir bor taraqlab yopildi.
Bir necha soniya sinfda mutlaq sukunat hukm surdida keyin kimdir orqa qatorda pixillab kula boshlashdi. Bir zumda butun xona kulgiga to'ldi.
Chaerin esa harakatsiz o'tiribdi, xuddi qaynab ketayotgandek yuzlari qip-qizil tusda. Ayni damda yer yorilib, ichiga tortib ketishini orzu qilardi.
Yelena xonaning narigi chekkasidan uni ko'rib qotib qoladi, keyin lablarini tishlab kulgisini bosishga urinadi, befoyda.
-Chaerin,-pichirlab chaqiradi.-Sen hozir... ustozning o'g'liga...
-Jim!-Chaerin boshini partaga urdi.-Bir og'iz gapirma , Yelena. Umuman.
Orqa partadan kimdir pichirlaydi.
-Chaerin, u senga bugun imtihon o'tkazadi-ku.
Chaerin yana bir marta boshini partaga urib partaga yotib olar ekan o’zini tamom bo’lganini tushunib yetdi. Chunki sinov boshidanoq o’sha yigit uning qarshisida turib oldi. Uni oldida uyatli holatda bo’lgani sabab yordam so’ray olmasdi.
-----
Kulgi asta pasayadi. Taehyung otasi qoldirgan qog'ozlarni qo'ltig'iga qisib, sinfga bir qarab chiqadi.
-Telefonlaringizni yig'ishtiring,-dedi past ovozda, ammo shu bir og'iz gap butun xonani jimitib qo'ydi.-Sizlarni bir soatingiz bor.
Ovozida yoshiga mos kelmaydigan bir jiddiylik bor, xuddi bu ishni yillar davomida qilib kelgandek bosiqlik bilan gapirayotgandi.
U qog'ozlarni tarqata boshladi, har bir partaga birma-bir yaqinlashdi. Qadamlari sokin va ishonchli bosilarkan barcha uning salobatidan tinchib qolishdi.
Chaerin oldiga yetganda, bir lahzaga to'xtadi. Qog'ozni partaga qo'yarkan, qo'lini tortib olishga shoshilmasdi.
-Omad,-deydi past ovozda, lekin bu so'zda iliqlikdan ko'ra sinash ohangi ko'proq sezildi.
Keyin orqaga chekinib derazaga suyangancha qo'llarini ko'kragida chalishtirdi. Uzoqdan qarasa oddiy bir nazoratchi, lekin uning nigohi bir joydan boshqa joyga uzoq sayr qilmaydi. Doim bitta nuqtaga qaytib kelaverdi. Ya’ni Chaerinning partasiga.
Chaerin boshini quyi solib, qalamni qo'liga oldi. Birinchi savolga ko'z yugurtirganida formulalar tanish, lekin ayni damda barchasi xayolidan uchib ketgandek tuyula boshladi.
U yon partaga, Yelena tarafga, o'girilib qaramoqchi bo'lganida bir zumda o'sha og'irlikni his qiladi, terisining ostidan o'tayotgan, tomirlariga singib borayotgan bir nigohni….
Boshini ko'tarmasdan ham biladi kim ekanini.
Ba'zi vaqtlari Taehyung boshqa partalar tomon yurgancha kimningdir yelkasidan engashib qaraydi, past ovozda bir og'iz ogohlantiradi. Lekin necha marta yursa ham, oxir-oqibat yana o'sha derazaga, Chaerinning yoniga qaytib keladi.
Har safar Chaerin boshini bir millimetr ko'targanida, o'sha nigoh allaqachon u yerda kutib turganini ko'radi, xuddi hech qachon boshqa yoqqa qaramagandek, hech qachon charchamagandek shu turishda turibdi.
Daqiqalar sekin o'tadi. Chaerinning barmoqlari qalamni mahkam ushlagani sayin, qo'li battar titraydi.
Odatda shunday vaziyatlarda Sohyunning yoki Yelenaning partasiga bir zum ko'z tashlab, ularning javoblaridan bir-ikki so'z o'g'irlab olishga ulgurardi. Bugun esa ko'zini ko'tarishga botina olmaydi. Har bir harakati kuzatilayotganini biladi, har bir nafasi hisoblanayotgandek tuyulib bo’g’ila boshladi.
Vaqt o'tgani sayin qog'oz oq holicha qolaverdi. Formulalar boshida parcha-parcha bo'lib sochilib ketgan, birortasini yig'ishtirib, tartibga solishga ulgurmaydi. Ko'zlari yonayotgandek achishadi, tomog'iga achchiq bir tugun tiqiladi.
Butun jur’atini yig’ib bir marta, faqat bir marta, boshini ko'taradi.
Taehyung hamon o'sha yerda, hamon o'sha nigoh bilan unga qarab turibdi. Yuzida na tabassum, na masxara, faqat sovuq, tinim bilmas bir diqqat bor
Chaerin darrov boshini pastga egdiyu, yuzi yonib ketdi. "Cho'chqadek ahmoq" degan so'zlari xayolida qaytadan yangray boshladi.
Qo'ng'iroq ovozi yangraganda, Chaerin hali ham bo'sh qog'ozga tikilib o'tirgandi.
-Vaqt tugadi,-deydi Taehyung, ovozi butun sinfga tarqaldi.-Qog'ozlaringizni oldimga qo'yib chiqinglar.
O'quvchilar birma-bir turib, javob qog'ozlarini topshirib chiqishadi. Chaerin esa oxirigacha o'rnidan qo'zg'almadi.
U turayotganida oyoqlari titrayotgandek tuyuldi. Qog'ozni ko'kragiga bosib, Taehyung tomon og’ir qadamlarni bosib keldi.
Uning oldiga yetganda, qo’lidagi qog’ozi titrab uzatdi.
Taehyung uni qo'lidan oladi, bir lahzaga pastga, deyarli bo'sh varaqqa, qaraydi. Keyin boshini ko'tarib, Chaeringa tikiladi.
Uning ko'zlarida na g'azab, na achinish seziladi, faqat Chaerin nomini topa olmaydigan boshqacha bir narsa bor.
Chaerin bir so'z ham demay orqasiga qaytdi. O'tirgach, ko'z yoshlarini zo'rg'a tiyib boshini pastga egkancha, hech kimga qaramaslikka harakat qildi.
Dugonasining ahvolini yuzidan tushungan Yelena uning yelkasiga qo’lini qo’yib “bo’lar ish bo’ldi, kuyunma” deb dalda berganida Chaerin “ Men qayerdan gargamelni shunaqa kelishgan o’g’li borligini bilibman?” deya yig’lab yubordi. U endi o’z do’zaxida yana 2 oy qolib ketishini bilib chiday olmayotgandi.
----
Odatda maktabdan yolg’iz qaytadigan yo’l bo’yi Yelena atayin vaqtni uzaytirish uchun sekin yuradi. Aynan shu paytda negadir hayoliga g’alati fiklar o’rmalay boshlaydi. Balki bu hayollar har doim bo’lib Chaerin sabab chalg’ib yurar? Bir narsa aniqki bu o’y-fikrlar miyyasini qizitishdan boshqa narsaga yaramaydi.
“Aslida Jahannam narigi dunyoda emas, aynan shu hayotimizda biz bilandir? Aslida do’zax deb qo’rqqanimiz bu bizni tinch qo’ymaydigan o’g’riqli fikrlardir?
Yelena qishloqning chang ko’chasida go’yo bir chiziqdan ketayotgandek tekis ketarkan uyini ko’rib battar yuragi g’ashlandi. Ichidan bir ho’rsinish kelib pichirladi: “Balki do’zaxda iblislar qolmagan va ular har bir oilaga bo’lib berilib hayotni qiyinlashtirish bilan banddir? Iblis desa erkak jinsini tasavvur qiladigan bitta men emasman deb o’ylayman.”
Eshikni ochib ichkariga qadam qo'yishi bilanoq, Yelenaning yelkalari o'z-o'zidan pastga tushdi, xuddi kimdir unga ko'rinmas bir yuk ortayotgandek bo’ladi. Maktabda qanchalik charchagan, asabiylashgan bo'lmasin, u yerda kamida shovqin bor, kulgi bor, hatto Chaerinning g’alati gaplari ham bor. Bu yerda esa faqat bitta til bor, sukunat tili.
Hovlida hech kim baland ovozda gapirmaydi, hatto qadam tovushlari ham pastroq, ehtiyotkorroq eshitiladi, xuddi devorlarning o'zi tinglab turgandek. Ba'zi uylarda mehr bilan qo'rquv bir-birining qo'lidan mahkam ushlagancha bir xonada yashaydi. Yelenaning uyi aynan shunday uylardan biri edi.
Katta opasi Nova oshxonadan chiqib, qo'lidagi laganni ehtiyotkorlik bilan olib o'tadi. Yelenaga bir lahza qarab qo'yadi, ko'zlarida na savol bor, na quvonch, faqat yillar davomida shakllangan bir hushyorlik bilan singlisi Yelenaga qarab qo’yadi. So'ng hech nima demay ichkariga yo'qoladi.
Hovli chekkasida kichik opasi Hazel kir yuvayotganday bo'lib ko'rinadi, ammo qo'llari kerakligidan ancha sekin harakatlanadi, xuddi shu ishni cho'zib, ichkaridagi narsadan uzoqroq turishga harakat qilayotgandek. Ular hech qachon bir-birlariga ehtiyot bo'l demaydilar, kerak ham emas, buni qanday qilishni hammalari allaqachon, go'daklikdanoq o'rganib olishgan.
Onasi Maria oshxonadan chiqib keladi. Qizini ko'rgach, yuzida zo'rma-zo'raki bir yengillik paydo bo'ladi, xuddi shu bir lahza uchun hamma narsani unutishga qaror qilgandek tutadi o’zini. Bu tabassum Yelenaga har doim g'alati tuyuladi, onasi go'yo o'zini ham, qizlarini ham hammasi yaxshi deb ishontirmoqchidek bo’ladi.
-Keldingmi, qizim,-deydi, ovozini iloji boricha yengil tutishga urinib.-Charchading shekilli. Ovqatingni yeb ol, birozdan so'ng dalaga ketamiz otang aytdi
-Xo'p, ona,-Yelena boshini qimirlatadi, lekin ko'zlari onasining qo'llariga tushadi. Bilinar bilinmas ko’karishning yangi izlari paydo bo’libdi.
U ichkariga kirib, maktab kiyimini yechdi, ustiga eski, dalaga mo'ljallangan, necha marta yamalgan ko'ylagini kiydi. Har safar shu ko'ylakni kiyganida, xuddi boshqa bir Yelenaga aylangandek his qiladi, maktabdagi, kitob va daftar hidini biladigan qiz emas, balki yer va quyosh hidini biladigan boshqa bir qiz bo’ladi qo’yadi.
Oshxonaga qaytganda, ovqatni kosaga suzib, stol yoniga o'tirdi. Qoshiqni endigina qo'liga olganida, hovlidan otasining ovozi devorlarni titratib yangradi. Yelenaning ichida allaqachon tanish bo'lib qolgan o'sha sovuq titroqni uyg'otib yubordi
-Hali ham sudralib tayyor bo'lmadingizmi, ko'rnamaklar!
Maria bir zumda o'zgardi. Yuzidagi o'sha zo'rma-zo'raki yengillik yo'qolib, o'rnini tanish bir qo'rquv egallaydi, Yelena bu qo'rquvni onasining yuzida necha yuz marta ko'rgan, ammo har safar yangidek achinib qaraydi. U pildirab tashqariga chiqadi.
-Yelena hozirgina maktabdan keldi, ovqatini yeb olsin, biz tayyormiz,-deb yalingansimon gapirdi.
Onalik mehri ba'zan shu qadar qo'rquvga aylanadiki, orada qay biri sevgi-yu, qay biri vahima ekanini hech kim, hatto onaning o'zi ham ayira olmay qoladi.
Yelena qoshiqni qo'lida mahkam siqadi. Bu issiqda, hamma dam olib yotgan payt, dalaga och qorin bilan chiqsa nima bo'lishini yaxshi biladi, O’tgan safargidek hushidan ketib yiqilsa doktorga olib borish o’rniga kasal bo’lgani uchun dashnom eshitishi tayin.
U otasining gaplarini eshitmagandek boshini egdi va ovqatni tez-tez ho'play boshladi. Uyat emas, qo'rquv ham emas, bu allaqachon shunchaki qoidaga aylangan, tirik qolish uchun ovqatlanish kerak.
Otasi ichkariga kirib kelarkan ko'zlari qizga xuddi bir qulga qaragandek tikiladi. Unda na achinish, na iliqlik ko'rinadi, faqat sovuq bir nafrat qalqib turibdi.
-Odamlarni bolasi quyosh chiqmasdan dalaga chiqadi, quyoshdan keyin uyiga qaytadi,-deydi, ovozi o’rta balandlikda, ammo har bir so'zi zaharli tomchidek quloqqa tomadi.-Menikilar esa yeb-ichishdan bo'sh vaqti ish qiladi. Onasiga tortgan tekintomoqlar, hammasi shunday.
Yelena boshini ko'tarmaydi. Faqat chaynaydi, tezroq va tezroq, xuddi og'zidagi taom bilan birga uning so'zlarini ham yutib yuborishga harakat qilayotgandek. Ichida bir ovoz baqirgisi keladi, biz sizning yordamingizsiz ham har kuni turamiz, har kuni ishlaymiz, faqat siz buni ko'rishni istamaysiz, deb. Ammo bu ovoz hech qachon tomog'idan tashqariga chiqmaydi. Ba'zi so'zlar aytilish uchun emas, faqat yurak tagida ko'tarib yurish uchun tug'iladi.
Otasi javob kutmaydi. Aytganini shu zahotiyoq bajarilishini talab qiladigan odam, bugun ham sabri tugab, asabiy gursillab tashqariga chiqib ketdi.
Maria uning ketidan yugurib qo'lida eski, quyoshdan saqlaydigan shlyapani uzatdi. Yelena bu manzarani ko'p marta ko'rgan, onasi hamisha shunday, urilgan qo'l bilan ham g'amxo'rlik qilishni to'xtatmaydigan bir ayol.
-Mana, buni boshingizga kiyib oling, issiq urib qolmasin,-deydi, ovozida hamon o'sha qo'rquv bilan aralashgan g'amxo'rlik bilan.
Ayrim ayollar erini shunchalik qo'rqib sevadiki, hatto o'zlarini uradigan qo'lni ham quyoshdan asramoqchi bo'lishadi.
Javob o'rniga faqat bitta tovush eshitiladi. Qattiq, quruq bir tarsaki ovozi, hatto oshxonagacha yetib keladi va Yelenaning ko'ksida allaqachon tanish bo'lib qolgan o'sha og'riqni uyg'otadi, o'zi urilmagan bo'lsa-da, har safar xuddi shu tarsaki o'ziga tegayotgandek his qiladi.
Yelena qoshig'ini qo'lida ushlagancha qotib qoldi. Oshxona ichida hech kim qimirlamaydi, hech kim nafas olmaydi, xuddi hamma birgalikda bir lahzaga to'xtab qolgandek.
Singlisi Bella hovlidan yugurib kiradi, nafasi bo'g'ilgan holda, ko'zlari yoshga to'lgandek yaltiraydi.
-Opa, yuring, tezroq ketaylik,-deydi, uning qo'lidan tortib.
Yelena tomog'ida qolgan luqmasi bilan o'rnidan turdi. Bir lahzaga onasi tomon qaraydi, biror narsa demoqchidek, lekin nima deyishni bilmaydi, ba'zi og'riqlar uchun so'z yo'q, faqat qo'lni tortib, birga chiqib ketish bor.