February 28, 2025

"Sweet lie" 15-episod by Yelena

Yelena pov:

Yoshligimdan ko’p roman o’qiganman. Ularning aksariyati sevgi haqida bo’lib, jajji qizaloqni chin muhabbat borligiga ishontirib ulg’aytirdi. Takror-takror go’zal satrlarni o’qir ekanman, bir kun menda ham shunday hislar bo’lishini orzu qilardim. Shu bilan birga har doim sevgi uchburchakidagi 3-insonga rahmim kelgan, kitoblarda ham kinolarda ham. Ularni ko’rib yuragim ezilardi va o’rnida bo’lganimda bunchalik azobni ko’tara olmay o’lib qolsam kerak deya hayol surardim. Yillar o’tib birinchi muhabbatimni topdim deganimda,qo’rquvim haqiqatga aylandi. Bu meni o’ldirmadi, lekin ikkisini birga ko’rganimda ichimdagi nimadir o’ldi.Hayotimizda shunday vaziyatlar bo’ladiki, zohiran bo’ron bosh ko’tarsada, botiniy sukutda bo’lasiz, huddi hech narsa his qilmayotgandek ko’rinasiz.Atrofingizdagi hamma narsa ortiqchadek, hattoki nafas olish ham zarur bo’lmay qolgandek. Yuragingiz urishi ham malol kela boshlaydi. Hech narsa ko’zingizga ko’rinmaydi. Iloji boricha uzoqroqga ketishni xohlaysiz…faqat…tezroq! Ming afsuski falakning gardishi sizga bir musibat ustidan ikkinchisini ham tayyorlab qo’ygan bo’ladi. Qalbim ming bo’lakka bo’lingan vaqtda…Jungkookning gaplari…hatti-harakatlari meni aqldan ozdirar darajada g’azablantirardi. Hozir uning menga o’yib yuborgudek qaratilgan nigohlari qarshisida dir-dir qaltiramoqdaman. Yo’q bu qo’rquvdan emas…ojizlikdan emas. Bu g’alayondan! Ayni damda undan shu qadar nafratlanayotgan edimki, go’yo chekayotgan ozorlarimga u sababchiday yoqasidan bo’g’gim kelardi. Ichimdan qandaydir ovoz uning ko’zlarini o’yib olib, qo’llarini yulib tashla deyotgandi. Men aslida vaxshiy ham emasman, lekin bor alamimni undan olishni xohlayapman. O’zimni tutib turishga majbur bo’lsamda ,nafratim sabab qaltirayotgan jag’imni qanchalik qismayin, butun tanam qizib nazoratdan chiqib borayotgandek edi. Uning gaplari mening sabrimni tugatdi. Yuziga tushirgan tarsakimdan kaftim jizzilab ketdi. U yuzi bir tomonga burilgan holda qotib qoldi. Allaqachon yanog’ida barmoq izlarim qizarib ko’rinib qolgandi. Huddi suvdan chiqgandek yutaqib nafas olib yubordim. U bo’lsa meni devorga tirab iyagimdan qattiq qisib tahdid bilan gapirdi:

-Juda haddingdan oshib ketmadingmi? Mayli o’rningni ko’rsatib qo’yaman.-deganida qulog’imga uning issiq nafasi urildi, qo’limdan tutib xonadan olib chiqmoqchi bo’ldi. Qo’limni qanchalik tortib olishga urinsam ham uning po’latdek mustahkam barmoqlarini bo’shata olmasdim.

-Men sen o’ylagan qiz emasman. Meni tinch qo’y!-deb jon holatda baqira boshladim

- Sen haqingda o’zingdan ham ko’proq narsa bilaman, Yelena! Masalan keljakingni..

-Nima? Meni bilasan?! Hayratdan ko’zlarim kattalashib ketdi.

-Jim men bilan ketasan, yo’qsa sir saqlay olmaganing uchun “aka”laringning o’zi seni bir yog’lik qiladi, sen Bella emassan, hech kim seni himoya qilish uchun menga qarshi chiqib o’tirmaydi.- degancha meni siltab xonadan olib chiqdi. Shu qadar tez yurar ediki, bir nima deyishga ulgurmasimdan mehmonlarni chetlab ko’chaga olib chiqdi.

Uning oxirgi gaplari mening jimib qolishimga sababchi bo’ldi. Demak Jungkook hammasini bilib qolgan va shu paytgacha o’yin qilayotgan edimi?
Endi nima bo’ldi? Mashinaga zo’rlab o’tirg’izdi-yu tezda mashinani aylanib o’tib rulga o’tirdi. Eshik qulflanganini bildirib ovoz chiqarganda hammasi tamom bo’ldi deb o’yladim, oynani tinmasdan taqillatib yordamga chaqira boshladim. Baxtga qarshi bitta ham qo’riqchi kelib nima bo’lyotganini so’ramadi. Jungkook esa signal chalgancha darvozalarni sabrsizlik bilan ochishga ishora qildi. Shamoldek uchib borayotgan mashina pag’alab yog’ayotgan qor to’ldirgan ko’chada xavfli sirpanib ketardi. Atrof qorong’u bo’lganligi sababli faqat mashina faralari yoritayotgan joygina ko’zga tashlanar qolgan joylar juda g’ira shira qor sabab ko’rinib turibdi. Yonimdagi rulni mahkam barmoqlari orasida siqgancha tinmay tezlikni oshirayotgan yigitga daxshat bilan qarar ekanman, undan hech qanday yaxshilik kutib bo’lmasligini tushundim. Eng yomoni u men haqimdagi haqiqatni bilganligi sabab meni o’ldirib yuborishi ham hech gap emas edi.

- Meni qayerga olib ketyapsan, senga nima yomonlik qildim? Mashinani to’xtat, hech qayerga ketmayman!!-deya yolvorib baqira boshladim.

- Tishshsh jim bo’l dedim! Bugun hamma qilganlaringga javob berasan.
-Menga nima qilmoqchisan?
- Buni Jeon Jungkookni rad etishdan oldin o’ylash kerak edi. Kim bilan o’ynashayotganingni tushunib yetasan hali!- ta’kidlab menga qarab qo’ydi.
Umurtqalarimgacha qaltiroq kirdi. U nimani nazarda tutayotganini tahmin qilishni ham xohlamasdim. Ko’zimni chirt yumib, nafasim tutib turdim. Ko’zlarim og’rib achisha boshladi. Chunki yoshlarim hali chiqib ulgurmay qovoqlarimda yig’ilib turardi. Ortimizdan signal ovozi eshitildi. Beixtiyor oyna orqali bizning izimizdan kelayotgan qora mashinaga ko’zim tushdi.Shinalar ostida chiyyalab chiqayotgan qorlarni ikki tomonga sochib tobora yaqinlashib kelayotgan Jipga qaraganimda negadir birinchi hayolimga Yoongi keldi. Yaxshilab qarasam uning ortidan yana 2 ta mashina ham kelayotganini sezdim.Battar yuragim tez ura boshladi. Qisqa vaqt ichida shu qadar ko’p narsa yuz berayotganligi sabab gangib qolgandim.

Avtor pov:

Yoongiga xizmatchilar qizning qo’rg’ondan chiqib ketganligini xabar berishlari bilan ularning ortida mashinasida quvib ketdi. Albatta vaziyat tarangligini sezgan qo’riqchilar ham ortidan mashinalarida kelishardi. Yoongining yuragi bir yomonlikni sezib turardi, chunki biroz oldin Yelena Jkni rad etgani haqida eshitishga ulgurgan va Jungkook bundan xursand bo’lmasligini bilardi.Shuning uchun qor-bo’ronga qaramasdan mashinaga gaz berishdan to’xtamasdi. Bir-birini quvib ketayotgan mashinalar motori maxluqdek bo’kirar, soniya sayin yo’lning sirpanchiqligi sabab hammasi xavfli tus olmoqda. Agarda u yerda Yelena ham bo’lmaganida Yoongi ayab o’tirmagan bo’lardi. Lekin hozir Jkning mashinasini pachog’ini chiqarib urgisi kelsada, bir tomondan qiz uchun havotir olayotgandi. Yo’l ikkiga ayrilib ketgan joyda Jk mashinalar nisbatan orqada qolayotganini ko’rib, g’olibona jilmayib qo’ydi. Ammo shu zahoti jiddiy tortib rulga asabiy urib qo’ydi.”Nega 2 ta bo’lib qolishdi, 3-si qayerda?” Jungkook bu savoliga javobni uzoq qidirishiga to’g’ri kelmadi. Bir zumda qarshisida yon ko’chadan qora Jip paydo bo’ldi. Tormoz natijasida asfaltda chiyyilagan ovoz yangrar ekan, Jk endi mashinani ortga tisarilib haydab qochmoqchi bo’ldi. Lekin mashinadan Yoongi shunday tezlik bilan chiqdiki, soniyalar ichida Jkning mashinasi kapotiga sakrab chiqib old oynadan unga to’pponcha tiradi.

Ortdan esa allaqachon qolgan 2 mashina ham yetib kelishgan va Jkning oxirgi yo’lini ham to’sishgan edi.
Jungkook yovuzlarcha nihogini Sugaga tikib, qo’llarini ko’tarib taslim bo’lganday jilmaydi. Yoongi eshikni ochishni ishora qilib ko’z qiri bilan qo’rquvdan shokka tushgan qizga qarab qo’ydi. Qizning ahvolini ko’rgandan so’ng g’azabdan tishlarini qisib, o’zini boshqara olmay qoldi. Borib yigitni mashinadan sug’urib oldida, jag’iga musht tushirdi. Zarbadan gandiraklab ketgan Jk, Yoongining keyingi zarbasiga ham indamay turib berdi. Uning yuzidagi ayyorona kulgisini ko’rib battar jig’iviyron bo’layotgan Suga yoqasidan bo’g’ib mashinaga tiradi:

-Men seni ogohlantirgandim Jungkook, keyingi safar quruq tahdid bilan qutula olmaysan demaganmidim. Endi o’zingdan ko’r- deya yana mushtlay boshladi.Mashina ustiga yog’ayotgan qor alvon rangga kira boshladi-Uni yig’latishga qanday hadding sig’di? Undan foydalanishni hayolingga ham keltirmasliking kerak, tushundingmi?

Shu payt Jk Yoongining iyagiga kutilmaganda musht tushirib uni yiqitib yubordi. Og’zi -burnidan oqayotgan qonni kaftiga artar ekan, asabiy kulib dedi:

- Men unga hali hech nima qilganim yo’q. To’g’ri unda nimadir g’alati ekanligini sezganim uchun yaqinlashgandim. Lekin sening bunday hatti-harakatlaringdan keyin battar qiziqishim ortdi.-Jk yerda hansiragancha o’tirgan Yoongini atrofida aylanib gapirar ekan, sovuqdan og’zidan bug’ chiqarib ko’zlari ayyorona qisilgan edi.-O’zing yaxshi bilasan, bir narsani ushlasam uzib olmasdan qo’ymayman.Uni mendan qanchalik yashirishga urinma, baribir haqiqatni bilib oldim. Qizig’i shundakiii-so’zlarini atayin cho’zib, unga hayrat bilan tikilib qolgan Yoongining qarshisiga egildi. Sizlar xohlagancha kaltaklay oladigan qizni xafa qilishim mumkin emas! Hatto Bellaning o’zini ham bunchalik himoya qilmas eding?! Bu meni battar qiziqishimni orttirdi.

“Nimalar deyapsan?” degancha Suga o’rindan turib Jk tashlandi. To’gri u qanchalik qo’l jangida mohir bo’lmasin, professional boks bilan shug’ullanib kelayotgan Jkga teng kelishi qiyin. Shu sababdan ko’p zarbalari havoda qolib ketar, Jungkook chaqqonlik bilan himoyalanib zarba berishga ham ulgurardi. Nihoyat endi Yoongini o’sha kapotga o’zini tiradi va:

- Senga qarab shuni tushundimki, o’yin yanada qiziqarli tus oladi. Aks holda xohlaganimga oson erishsam, unchalik qiziq bo’lmasdi, to’g’rimi?

Yoongiga ichidan qaynab chiqayotgan g’azab kuch bera boshladi. Ikki yigit qorga belanib mushtlashayotgan bir paytda ularni kuzatib janjalga aralashishga ham haddi sig’mayotgan yigitlarning biri havotir bilan qichqirdi.
“Qiz yo’q! U qochib ketibdi.”

Yelena pov.

Hamma chalg’ib turganidan foydalanib mashinadan tushib, boshim oqgan tomonga qarab yugurdim. Ko’chani kesib o’tib qor bilan qoplangan yalanglik orqali sal narida daraxtlar bilan qoplangan o’rmonlikga qarab qocha boshladim. Hamma narsadan, umrimning oxirgi bir necha oyligida bo’lib o’tgan hamma narsadan qochayotgan edim. Hiyonatdan, qo’rquvdan, azoblardan, sog’inchdan, havotirda yashashlikdan shu qadar charchagan edimki, go’yoki qochib qutilishning iloji bordek yuguryapman. Qo’rg’ondan chiqganda egnimga hech narsa olmagan edim, yupun kiyimda poshnali tufli bilan yugurar ekanman, sovuq suyagimgacha o’tib keta boshladi. Qorga oyog’larim botib qolayotganiga e’tibor ham bermay, faqat oldinga qarab intilardim.

. Butun kuchimni yugurishga sarflardim, hattoki shu bilan qutilib ketishimga ham ishona boshladim. Izg’irin shamol esa yuzimga kesgudek bo’lib sanchilar sochlarimni to’zg’itib har tomonga tortqilardi. Tuflikim qorga botib qolib yurolmay qolganimda ortga nazar tashladim. Ne ko’z bilan ko’rayki, qora sharpa men tomon yaqinlashib kelyapti. Jon holatda tufligimni ham yechib tashlab yalang yugura boshladim. “Oz qoldi, to’xtamasligim kerak faqat” deya o’zimni yupatar ekanman, tobora nazoratdan chiqayotgan tanam sabab yurishim qiyinlasha boshladi.Barcha his qilayotgan og’riqlarim qalbimni o’rtayotgan azoblarimga teng kela olmasdi.Shuning uchun ham o’zimni ayamasdan oldinga intildim. Nihoyat bog’zimga tiqilgan yig’ini qo’yib yubordim.Qayerga borishimni, kimdan yordam so’rashimni ham bilmayman, faqat qochyapman. Ortimdan kelayotgan sharpa huddi qotildek menga qo’rquv solib yaqinlashmoqda. “To’xtamaslik kerak, qutilib ketaman” deya jon achichig’ida o’zimga o’zim baqirib yig’lardim. Pag’alab yog’ayotgan qor atay qilgandek kuchaygandan-kuchayar, oldi orqamni anglolmas darajada kipriklarimga qo’nib ko’rishni qiyinlashtirardi. Birdan sovuqni his qilmay qoldim, eng yomoni ortiq yurolmasim ham. Qorga cho’kkalab qolar ekanman, so’nggi marta osmonga ko’zlarimni tikib qaradim.”Allohim, meni qutqar,yana ojizlik qildim……kechir…” deya og’ir nafas olib yuztuban yiqildim.

Birdan hamma yoq qorong’ulikka cho’mdi. Hattoki shu zimistonda ham qulog’im tagida Taehyung va Yeinning kulgusi yangrab turardi. Quloqlarimni berkitishni xohlayman, lekin qimir etolmasdim.

Birozdan so’ng ko’zim g’ira shira ochilib oq ko’ylak yoqasiga ko’zim tushdi. Kimdir meni paltosiga o’rab ko’tarib ketoyotgandi.Uning issiq ko’ksi chakkamga bosilgani menga yoqayotgan edi, xatto yurak urishini ham eshita olar darajada qopishib olgan edim. Issiqlik shu qadar yoqimli bo’larkan tovba…Ko’zlarim yana yumila boshladi…..Qor esa hali ham quyiq yog’moqda.

Avtor pov. Shahar kasalxonasida doimgidek odam gavjum. Hamma o’z ishi bilan band. Shifokorlar u xonadan chiqib bu xonaga kirib chiqishar, ish kuni yakunlanayotgani sabab hamma uyiga ketishga shaylanmoqda. Lekin eshikning zarb bilan tepib ochilishidan hammaning diqqati qo’lida paltoga o’ralgan qizni ko’tarib hansiragancha “yordam beringla!”deya baqirib hammani qo’rqitib yuborgan yigitga tushdi. Navbatchi hamshira pildiragancha ularga yaqinlashar ekan, yigitning qo’lida xushsiz yotgan qizning yanoq va burni qizarib ketganidan sovuq yeganini darrov fahmladi. Darrov ularga yo’l ko’rsatib muoloja xonasiga olib bordi. Qizni karovatga yotqizar ekan, hamshira paltoni qizdan yechib olib unga tutqazdi va” Janob siz men bilan yuring shifokorimiz kelib ko’radilar, shungacha ro’yhatga olishimiz kerak” Ammo yigitning ikki ko’zi sochlarida haligacha erimagan qor turgan va murdadek oqarib ketgan qizda edi. Hamshira yig’lagudek bo’lib qaltirab turgan yigitga yaxshilab nazar solar ekan, unga ham yordam kerakligini ko’rdi va “ Sizga ham yordam berishimiz kerakga o’xshaydi. Janob ismingizni ayta olasizmi? ”
Yigit qizga yaqinlashib qo’lidan ushladi va yosh to’la ko’zlarini hamshiraga qaratib “Min Yoongi” deya oldi xalos.

Oradan yarim soat o’tdi. Palata oldida boshini changallagancha o’tirgan yigit asablaring tarang holda soniya sanamoqda. Eshikning ochilishi bilan u yerdan chiqib kelayotgan doktorning qarshisiga chiqdi.

-Doktor, hammasi yaxshimi? Ahvoli qanday?

-Hammasi joyida, havotirlanmang, bemor kuchli sovuq qotgan va qon bosimi ham birdan pasayganligi sabab hushidan ketgan. Menimcha unda kuchli stress bo’lganligi asosiy sabab bo’lgan. Hozir qo’limizdan kelgancha yordam qilib ukol qildik. Yotib davolansa juda yaxshi bo’lardi, sovuq o’pkasiga ta’sir qilgan bo’lishi mumkin.Keyin…unga qo’l ko’tarmaslikka harakat qiling, ahvoli battarlashi mumkin janob..-dedi jur’atsizgina

Yoongi shifokorning gaplarini eshitib hayron qoldi va ichkariga kirar ekan, parda ortida qiz turishga urinib holsiz poldagi shippakni kiyishga urinar edi.

Yelena xushiga kelgan bo’lsada hali ham ahvoli yaxshi emas, boshini zo’rg’a ko’tarib o’tirar edi. Lablari yuziga qo’shilib oqarib ketgan, ko’zlarining tagi qorayib, yelkalari titrab turardi. Yoongi unga sekin yaqinlashib keldi va polda shippakni egilib oldi va qizning oyog’iga indamasdan kiygazib qo’ydi. Qiz hali ham jim shippaklarga qarab turaverdi.Kutilmaganda Yoongining ko’zi qizning oyog’idagi ko’karishga tushdi.Qoshlari chimirilib Yelena tortib olayotgan oyoqni qaytarib yaxshilab ko’zdan kechirdi. Uzun barmoq izlari yaqqol ko’zga tashlanib turgan topiqni qo’yib ikkinchi oyoqni tekshira ketdi. Oyoq yalang yugurgani uchun har xil chandiq bosib ketganligini ko’rib battar tutaqib ketgan Yoongi qizning yenglarini ham shimarib tekshira boshladi. Bu yerda ham ko’karish, qizarishlar kaltaklanganidan dalolat berib turar edi. Yigit qizishib Yelenaning sochlarini ortiga yig’ib bo’yinidagi bo’g’ishdan qolgan izlarni topdi. Ko’zlariga ishonmasdan alam bilan tizzalab qoldi, barmoqlari qizning yoqasini siqimladi. “Senga kim bunday qildi?Nega aytmading?” deganida ovozi qaltirab lekin qahr bilan chiqdi. Shungacha haykaldek bir nuqtaga qarab o’tirgan qiz nigohlari Yoongiga qaratildi. Kafti bilan yoqasidagi qo’llarni mahkam qisdi, ko’zidan oqa boshlagan yoshlar to’g’ri borib shu qo’llarga tomchilay boshladi.

-Uzoqlarga ketishni xohlayman….meni u yerga qaytarib olib borma…yaxshisi o’ldir!-dedi pichirlab.

Yoongi qizning qo’llarini mahkam tutgan holda uning tizzasiga bosh qo’yib yig’lab yubordi:“Hammasiga men aybdorman, himoya qila olmaganim uchun kechir” deya olardi xalos.

Yelena pov.

Qancha uxlaganimni bilmayman, lekin birdaniga og’zimda paydo bo’lgan qonning nordon ta’mini his qilib uyg’onib ketdim. Lablarimni yalab qo’yar ekanman, yorilib ketganligi uchun qonayotganini tushundim. Aftidan uyqudaligimda ularni bexosdan qimirlatib yuborganim uchun qonab ketgan. Ko’zlarim qorong’u xonaga moslashgach atrofni yaxshiroq idrok qila boshladim. Menga butkul notanish bo’lgan joyda yotganimni tushunganimda boshimni ko’tarib, o’zimni tiklab olmoqchi bo’ldim. Baxtga qarshi boshim qattiq og’riyotgan, o’zim esa holsiz edim. Bu ham yetmagandek ko’p terlaganim tufayli kiyimlarim tanamga yopishib qolayotgan edi. Noqulaylikka sabab va to’liq uyg’onish uchun vannaga kirib ketdim. Unda iliq suvda yuvinar ekanman, oxirgi bo’lib o’tgan voqealar bir-bir ko’z oldimdan o’tdi. Katta sochiqga tanamni o’ragan holda, sochlarimni artib vannadan chiqdim va shkaf oldida turib qoldim “Qiziq o’zi kiyishga nimadir bormikan” deb qarab turganimda kosa to’la sho’rvaning yerga tushib chil-chil sinib ketishidan qo’rqib qaradim. Eshik oldida Yoongi angrayib qarab turganini va aftidan olib kirayotgan ovqatini to’kib yuborganini tushundim-u kuchim boricha daxshatdan qichqirib qo’llarim bilan ochiq yelkamni yopishga harakat qildim.

U mening chinqirib ovozimdan battar nima qilishini bilmasdan ortiga o’girilib ko’zlarini yumib oldi.” Yooo xudoyim endi senga uylanishim kerakmi? Hop faqat yig’lama Yelena!”

Uning bunday ahmoqona gapidan battar jig’ibiyron bo’lib “ Yo’q bu yerdan chiqib ketishing kerak! hoziroq”deb baqirib shkaf ning ortiga berkindim.

Yoongi gaplarimdan keyin tezda xonadan chiqib ketdi. Men esa uyatdan qaltiragancha ko’rpani ichiga kirib oldim.

Birozdan so’ng eshik yana taqillashi bilan yugurib borib qulflab oldim. Yoongi bezovta qilmaslikni tanladi shekilli indamasdan ketdi. Men esa kiyinib, to’kilgan ovqatni yig’ishtirib oldim. O’zimni juda og’ir his qilayotgandim. Bunday paytda ruhing ibodat istaydi, och qolgandek qiynalasiz go’yo.Pardalarni ochib qaraganimda quyosh tikka kelganini ko’rib peshin vaqtiga tahmin qildim, qiziq oyna boshqa bir binoning devoriga qarab turgani uchun qayerdaligimni tahmin qilish qiyin bo’ldi. Joynamozlik mato topib yoydim, qalbim tortgan tomonni qibla qilib namoz o’qiy boshladim. Duo qilayotganimda “iltimos og’rimasin, juda zaifman, menga buni ravo ko’rma” dedimu yig’lab yubordim. Joynamozga yonboshlab tizzalarimni quchib yotib oldim. Ko’zlarimdan yosh sizib tusha boshladi.Qalbim biroz sokinlik topgandek bo’ldi….

Shu yerning o’zida ko’zim ilingan ekan, ovqatning ishtahani qitiqlovchi hidi burnimga urilib uyg’otib yubordi. Asta borib eshikni mo’ralab ochdim. Hech qanday sado eshitilmaydi. Ikkinchi qavatdan pastga tushar ekanman oshxonada biqirlab qaynayotgan sho’rva va divanda qo’llarini oldiga chalishtirib ko’zlarini yumib yotgan Yoongiga ko’zim tushdi. Biroz kuzatib uning uxlayotganiga amin bo’lganimdan keyin oyoq uchida qozonga yaqinlashdim. Biqirlab maromida qaynayotgan tovuq sho’rva dimog’imga urilib battar meni tashna qilib qo’ydi. Qachon oxirgi marta ovqatlanganim esimda ham yo’q sillab butkul qurib qolgandi. Shunga Yoongiga yana qarab qo’yib, asta kosaga sho’rvani soldim. Alam-sitam o’z yo’liga och qoringa yig’lash ham yoqmaydi axir!

Iloji boricha ovoz chiqarmasdan sho’rvani icharkanman ikki ko’zim Yoongini uyg’onib qolmasmikan deya kuzatardi. Ko’rinishidan beozorgina yotgan yigitga qarab boya aytgan gapi esimga tushib ketdi. “Ahmoq, uylanishga majburman degan gap qayerdan chiqdi???,aslida juda sodda ekansan” deya kularkanman shu bilan birga endi uning yuziga qarashimni o’ylab yerga kirgudek bo’ldim.
Juda ochiqqan ekanman, ovqat yeyishga shunday kirishib ketibmanki, yonimga qanday salat surilib qolganini sezmay qolibman. “iyee bu shu yerda turganmidi?” deb hayron bo’lib stolning narigi tomonida yotgan Yoongiga shubhali qarab qo’ydim. U bo’lsa tosh qotib uxlayotgandi. Salat o’ylaganimdan ham achchiq bo’lganligi sababli ko’zimdan yosh chiqib ketib, ovqatga tiqilib qoldim. Beixtiyor menga uzatilgan stakandagi suvni yon atrofga qaramasdan icha boshladim. “To’xta, nimadir boshqacha” deb yonimga qarasam Yoongi sochiq uzatib menga qarab turibdi.

......

Og’zimni to’ldirib turgan suvni to’g’ri uning yuziga purkab yubordim. Ko’zlarini qisib olgancha, yuzini qo’lidagi sochiq bilan artayotganiga qarab tamom bo’ldim deb o’yladi. Lekin u o’zini har doimgidan bosiq holda tutardi.Yelkamdan tutib stulga o’tkazdida:

-O’tirib yesang tiqilmaysan.dedi

-To’ydim.. dedim suvga tushgan mushukdek hurkib.
-Yo’q oxirgacha yeysan.
-Istamayman dedim o’rnimdan turib.
-Agar qo’rg’onga qaytib borishni xohlamasang aytganimni qilasan Yelena!-deb aytilgan so’zlardan keyin joyimga qaytib o’tirib oldim. U ham yonimga o’tirib ovqatlanishimni kuzatishda davom etdi. Bunday vaziyatda tomog’imdan bir narsa o’tishi mushkul edi. Noqulay jimlikdan va uning bosimidan qutilish uchun chalg’ishga qaror qildim.

-Ovqatni tayyorlagan oshpazing ketib qoldimi, unga rahmat aytmoqchiman, juda mazali chiqibdi-dedim lablarimni yalab.

-Arzimaydi

-Ovqatni sen pishirdingmi??? Ishonish qiyin, sening qo’lingdan bunday ishlar keladi deb o’ylamayman.

-Uyda bizdan boshqa odamga ko’zing tushdimi? Bu yerda faqat ikkimiz bormiz xalos.

Hali ham unga ishonqiramay qarar ekanman, birdan daxshatli savol tug’ildi.Ko’zlarimni katta-katta ochib:

-Meni kiyimlarimchi??? Ularni kim almashtirdi unda? Men boshqa kiyimda adimkuu!

Suga hech nima eshitmagandek indamay stakanga suv solib ichish mobaynida qizdan uzoqlashdi.

-Senga savol berdim Min Yoongi!!!
U bo’lsa bilinar bilinmas “Axir sendan so’radimku uylanishim kerakmi endi deb” degancha ko’zlarini pirpiratdi.
Bu gapdan keyin ko’zlarim jiqqa yoshga to’lib, ustumdan sovuq suv quyilgandek bo’lib endi baqirib yig’layman deganimda qo’shni xonadan xizmatchi ayol qo’lida pol latta bilan chiqib qoldi. U bizga egilib ta’zim qilgancha yuqori qavatga chiqib ketdi. G’azabdan qizarib ketdim va hali ham hech narsa bo’lmagandek qo’lini cho’ntagiga solib turgan Yoongiga qarab “Jahannamga daf bo’l” deb jahl bilan yuqoriga chiqib ketarkanman, Ortimdan uning “Sen mening jahannamsan!” degani eshitildi.

Vaqt tun yarmidan oshganda xona eshigi ochildi. Ish stolida qo’liga suyangacha uxlab qolgan qizni sekin ko’tarib joyiga yotqizgan Suga uning peshonasiga kaftini qo’yib, isitmasi borligini sezdi. Ustiga adyolni yopib qo’yib stoldan kerakli dorini olish uchun borganda, ko’z yoshlar ho’l qilib tashlagan bir varaq qo’g’ozga ko’zi tushdi. Unga qizning kechinmalari bitilgan edi.

“Men haqiqiy sevgi qanday bo’lishini bilmayman.Men faqat butun borlig’im bilan sevishni bildim. Sening ishqing yuragimni butkul egallab olgan ediki, uni zo’rg’a o’zimniki deya olaman. Seni ko’rganimda emas, mehringni his qilganimda emas, sen haqingda o’ylashning o’zi menga baxt berardi. Shu qadar telbalarcha sevdimki, xatto o’zimni senga loyiq ko’rmadim. Eng yaxshi, eng eng sara narsalar seniki bo’lishini xohlayman. Menga sening nafasing kifoya edi. Baxtli bo’lishing muhim edi. Ha… Robbimdan o’zimning emas, sening baxtingni so’raydigan darajada sevdim seni. Bilasanmi… seni Sohee bilan birga ko’rganimda rashkdan aqldan ozdim, halovatim yo’qolib, ichimni nimadir kemira boshladi. Lekin o’zingga loyiq insonni topganing uchun ortga qadam tashlashga majbur edim. Menda har doim jur’at yetishmagan. Sevgan insonda esa bu narsa bo’lishi muhim. Chunki unga sevishingni aytishing uchun ham jur’at kerak yoki uni boshqasi bilan ko’rishga ham jur’atli bo’lishing lozim.

Ko’zlar shunchaki ko’zlardir, toki unga qaraganda beixtiyor jilmayishga majbur qiladigan darajada oshiq bo’lmaguningcha. Ha o’shanda meni himoya qilib quchib olganingdayoq sevib qolgandim seni Taehyung.
Sen mening taqdirim bo’lishingni shu qadar xohlar edimki, agar uni yozish qo’limda bo’lganda faqat sening ismingni yozgan va shu zahoti qalamimni sindirib tashlagan bo’lardim!”
Yoongi oxirgi satrlarni o’qir ekan, qog’ozni beixtiyor kafti bilan g’ijimlab qizga qaradi.

Qorong’u shahar ko’chalarining ovloq oxirlaridan birida kulrang porsche faralarini do’pposlanayotgan yigitga tushirilgan. Uning ichida asablari tarang bo’lib sigaret chekib o’tirgan yigit qo’lidagisini ham oynadan asfaltga 10-15ta qolgan sigaretalar kabi tashlab yubordi. Jungkook mashinadan tushgach Yoongining odamlaridan biri bo’lgan qo’riqchini urayotgan 5-6 ta yigit to’xtab keyingi buyruqni kuta boshlashdi. Jk butun tanasi qonga belangan yigitga qarab yana bir sigaretni o’t oldirar ekan, uning yorug’i zulmat qoplagan ko’zlarni yanada qo’rqinchli ko’rsatdi.

-Demak qayerdaliklarini bilmaysan? dedi tishini orasidan.

Yigit esa javob berish o’rniga qon tuflay boshladi. Jungkookning hafsalasi pir bo’lgancha mashinasiga o’tirib, motorni ishga soldi.
Shu payt telefonida J-hope degan yozuv paydo bo’lib jiringlay boshladi. Jungkook qo’ng’iroqga javob berar ekan, eshitganlaridan so’ng mashinani keskin burib haydab ketdi.

15-episodni ham tugatdim. Rejadagi voqealarning 3dan bir qismi yozishga ulgurdim. O’zimni ko’nglim to’lmadi unchalik, shoshildim.
Har doimgi gap, mehnatimni qadrlab fikr bildirib qo’ying, loyiq bo’lsa reaksiya bosing. Fikr bildirganlarning lichkasiga tashlab beraman, birinchilardan bo’lib.