Nafrat
Ular yarim soatcha sayr qilishdi. Quyosh botayotgan edi — osmon pushti va to‘q sariq ranglarga bo‘yalgan, shamol barglarni mayin tebratib, havoga tinchlik bag‘ishlardi. Suna chuqur nafas olib, bu tinchlikni his qilardi. Unga bu holat yoqardi — Taehyung bilan birga bo‘lish, uning yonida o‘zini xavfsiz his etish… yuragida qandaydir notanish, ammo iliq tuyg‘ular uyg‘onayotgan edi.
Taehyung esa uni kuzatib borar ekan, har bir qadamda ich-ichidan bir narsa siqilardi. U Suna qarshisida o‘zini kuchli, sovuq tutmoqchi bo‘lardi, lekin yuragi har gal uni ko‘rganida yurib ketar, qo‘llarini cho‘zib, uni bag‘riga bosgisi kelardi.
— Juda charchamadingmi? — dedi Taehyung mayin ohangda, Sunaning yonida yurarkan.
— Yo‘q, aksincha, o‘zimni yengil his qilyapman, — dedi Suna, lablarida tabassum bilan. — Shunchaki... nimagadir bu joyda men ilgari ham bo‘lgandek tuyulyapti.
Taehyung jim bo‘lib qoldi. Yuragi bir lahzaga to‘xtagandek bo‘ldi. U bu so‘zlardan cho‘chidi — “yo‘q, u hech narsani eslamasligi kerak, hali erta” degan fikr miyasi orqali o‘tdi. Ammo yuzida hech narsani bildirmay, jilmaydi xolos.
Jimin ularning orqasida yurarkan, bu ikki inson orasidagi g‘alati, ammo chuqur bog‘liqlikni sezardi. U Taehyungning nigohlaridagi og‘riqni ham, Sunaning ko‘zlaridagi bexabar mehrni ham yaxshi ko‘rardi, lekin shu payt telefon jiringladi.
U telefonni chiqarib qaradi — bu Namjoon edi. Jimin biroz chetroqqa o‘tib, javob berdi:
— Ha, hyung, nima bo‘ldi?
— Qayerdasan? Tae bilan birga ekansan, to‘g‘rimi? — dedi Namjoonning ovozi jiddiy eshitildi.
— Ha, biz kasalxonadaman. Nima gap?
— Darhol qayt. Muhim masala bor, — dedi Namjoon qat’iy ohangda. — Bu Suna degan qiz haqida.
Jimin yuragi bir zumda orqaga tortdi. Nigohi beixtiyor Taehyung tomonga qaradi — u Sunaning qo‘lini ushlab, unga nimanidir tushuntirayotgan edi. Jimin Namjoonning ohangidan biror jiddiy narsa bo‘layotganini his qildi.
— Hyung, u hozir ahvoldan chiqib kelyapti, buni keyinroq aytsak bo‘lmaydimi? — dedi Jimin.
— Yo‘q, Jimin. Bu kech bo‘lishi mumkin. Taehyungni olib darhol studiyaga kel. Bizga u bilan gaplashish kerak, — dedi Namjoon sovuq ohangda va qo‘ng‘iroqni tugatdi.
Jimin bir necha soniya jim turdi. Yuragi notinch edi. U Taehyungni bezovta qilishni istamasdi, lekin bu masala jiddiy ekanini bilardi. U sekin Taehyung va Sunaning yoniga bordi.
— Tae, — dedi Jimin past ovozda, — bizga hozir qaytishimiz kerak. Namjoon chaqiryapti. Muhim narsa bo‘lsa kerak.
Taehyung unga g‘alati qaradi, keyin Sunaga boqdi. Suna jilmaydi:
— Boringlar, men yaxshiman. Hamshira aytgandi, bugun ko‘proq dam olishim kerak. Sizlar ishingizni bajaringlar.
Taehyung bir zum jim qoldi. So‘ng asta Sunaning qo‘lini ushlab dedi:
— Men kechroq qaytaman. Iltimos, hech qayerga chiqma, xo‘pmi?
Suna bosh irg‘adi.
— Xo‘p, Taehyung.
Tae bir qarashda u yerda qolishni xohlardi, lekin baribir Jimin bilan chiqib ketdi. Ularning orqasidan shamol esdi, barglar shitirladi — ammo Sunaning yuragida qandaydir g‘alati bo‘shliq paydo bo‘ldi.
U o‘sha lahzada his qildi: bu ikki yigit ketgan joyda nimadir o‘zgaradi… nimadir yashirin, og‘ir va muhim narsa yuz berish arafasida edi.
Yigitlar shoshilgancha kasalxonadan chiqib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri studiyaga yo‘l olishdi. Mashina ichida og‘ir sukunat hukm surardi — faqat dvigatelning xirqiroq tovushi va yo‘l shovqini eshitilardi. Jimin haydovchi o‘rindig‘ida edi, Taehyung esa yonida, derazadan tashqariga qarab, o‘yga tolib ketgan edi.
Uning ko‘z oldida faqat bitta narsa — Sunaning jilmaygani, qo‘lini ushlab turganidagi issiqlik. U shunday his qilardiki, go‘yo bu lahza butun dunyodan azizroq edi, lekin endi yana nimagadir u yo‘qotayotgandek edi.
Oradan 10 daqiqa o‘tib, nihoyat ular studiya binosiga yetib kelishdi. Kech bo‘lishiga qaramay, binoda hali ham chiroqlar yonib turgan edi. Jimin mashinani to‘xtatdi, ikkisi ham tezda ichkariga kirishdi.
Ichkarida Namjoon, Jin va Yoongi allaqachon yig‘ilgan edi. Atmosfera g‘alati edi — odatda studiyada kulgi, musiqa, hazil bo‘lardi, bugun esa og‘ir sukunat.
Namjoon stuldan turib, ularni jiddiy qarshi oldi.
— Keldinglarmi? — dedi u qat’iy ohangda.
— Ha, — javob berdi Jimin. — Nima bo‘ldi? Nega bunday jiddiy?
Namjoon chuqur nafas olib, kompyuter yonidagi stolga bir nechta hujjat qo‘ydi.
— Bu qiz, Suna haqida, — dedi u. — Bugun bizga kimdandir fayl keldi. U yerda videoyozuvlar va tibbiy ma’lumotlar bor...
Taehyung yuragi orqasiga tortgandek bo‘ldi.
— Nima deganing bu? — dedi u past ovozda. — Kim yuborgan o‘zi?
— Bilmaymiz, — javob berdi Yoongi. — Ammo bu fayllar tasodifiy emas. Kimdir ataylab seni nishonga olayapti, Tae.
Namjoon monitorni burdi, videoni yoqdi. Ekranda qorong‘u xona, kameraga yozilgan bir lavha paydo bo‘ldi. U yerda Suna kasalxonaga olib kelingan kechada hushsiz yotgan holatda edi. Kimdir uni kuzatib turgandek tuyulardi.
— Bu... bu qachon olingan? — dedi Jimin hayrat bilan.
— Senga aytganimdek, — dedi Namjoon jiddiy, — bu videoni kimdir bugun ertalab studiyaga yuborgan. Va yo‘lda yana bir fayl kelgan. U faylda... Suna bilan sening eski suratlaring bor, Taehyung.
Taehyung jim bo‘lib qoldi. Yuragi gursillab urardi, qo‘llari muzlab ketdi.
— Bu imkonsiz, — dedi u asta. — Men u suratlarni hech kimga bermaganman.
Yoongi so‘kinib qo‘ydi:
— Demak, kimdir ichkaridan bu ishni qilyapti.
Namjoon qo‘lini stolga qo‘ydi:
— Tae, biz senga yordam beramiz. Lekin endi Suna xavfsiz emas. Kimdir bu holatdan foydalanmoqchi.
Taehyung yuzini kaftlari bilan yopdi. U ichida ming xil his — qo‘rquv, pushaymonlik, g‘azab — bilan kurashardi.
— Men uni himoya qilaman, — dedi u qat’iy ohangda. — Agar kimdir unga yaqinlashsa, u bilan shaxsan men hisoblashaman.
Jin yengil oh tortdi.
— Ammo, Tae... agar bu ish orqasida sening o‘tmishing bo‘lsa-chi? Agar kimdir senga qarshi o‘sha sirni ishlatayotgan bo‘lsa-chi?
Bu so‘zlar Taehyungni muzdek qilib qo‘ydi. Chunki u bilardi — o‘tmishda u qilgan ishlar orasida bir narsa bor edi, u hech kim bilmasligi kerak bo‘lgan narsa.
Sukunat cho‘kdi. Shunda Jimin sekin dedi:
— Endi nima qilamiz?
Namjoon javob berdi:
— Ertaga tongda bu masalani tekshiramiz. Hozircha hech kim Sunaga yaqinlashmasin, ayniqsa sen, Tae. Unga bularni aytish erta.
Taehyung esa jim o‘tirdi. Nigohi bo‘sh, ammo yuragi ichida o‘t yonardi.
“Unga yaqinlashmasin, deyishdi... ammo qanday qilib? Men uni yo‘qota olmayman.”
U boshini ko‘tardi va qat’iy ohangda dedi:
— Kechirasiz, lekin men bunday qila olmayman. Agar u xavfda bo‘lsa, men u yerda bo‘lishim kerak. Hatto bu menga qimmatga tushsa ham.
U shunday deb chiqib ketdi. Studiyada esa faqat og‘ir, sovuq jimlik qoldi.
Yoongi boshini chayqagancha, stul suyanchig‘iga suyanib dedi:
— Bu bola baribir o‘z bilganidan qolmaydi. Qancha aytsak ham, yuragi eshitmaydi.
Namjoon og‘ir oh tortdi, Jimin esa xavotir bilan derazadan tashqariga qaradi. Ular buni aniq bilishardi — Taehyungni to‘xtatib bo‘lmasdi. Chunki u sevgan odam uchun hech narsadan tap tortmaydi.
Taehyung esa orqaga qaytishda bir daqiqa ham ikkilanmadi. U mashinasiga o‘tirdi, qo‘lida rulni mahkam ushlab, o‘zini zo‘rg‘a bosib borardi.
“U endi xavfsiz emas,” degan Namjoonning so‘zlari qulog‘ida jaranglab turardi, lekin yuragidagi hislar bu so‘zlarni butunlay yo‘qqa chiqargan edi.
“Men uni yana yo‘qotolmayman. Bu safar yo‘q.”
Shifoxona oldiga yetgach, u mashinani shoshilinch to‘xtatdi va hech kimni payqamay, ichkariga kirdi. Yo‘laklar bo‘m-bo‘sh, tungi qorong‘ilik oynalardan sirg‘alib kirayotgan chiroqlar bilan aralashib, xonalarni sokin va g‘alati muhitga to‘ldirgan edi.
Taehyung yuragi gursillab, har bir qadami bilan tezlashar, har eshikni ko‘rib, Sunaning xonasiga yaqinlashib borardi. Nihoyat, u tanish eshikni ochdi.
Ammo ko‘rgan manzarasi uni muzlatib qo‘ydi.
Suna yotoqda yotardi, tinch, yuzida osoyishtalik bor edi. Uning yonida esa Jung Suk o‘tirardi — stulda, Sunaning qo‘lini ushlab, unga tikilib turardi.
Taehyung bir lahza jim qoldi, keyin qahr bilan gapirdi:
— Sen bu yerda nima qilyapsan?! Axir senga unga yaqinlashmaslikni aytgandim-ku!
Jung Suk sekin boshini ko‘tardi, yuzida beparvo, kinoyali tabassum paydo bo‘ldi.
— Jimroq bo‘l, u endigina uxlab qoldi, — dedi u xotirjam ohangda. — Yoki endi bunga ham ruxsat bermaysanmi?
Taehyung bir qadam oldinga tashladi, ovozi past, lekin xavfli edi:
— Men aytganman, undan uzoqda yur. Unga yetgan har qanday zarar uchun javob berasan.
Jung Suk esa o‘rindig‘ida orqaga suyanib, kuldi.
— Nahotki seni yana bu yerga kelishingga ruxsat berishgan bo‘lsa, Tae? — dedi u sovuq, masxarali ohangda. — Yoki... jo‘natmalar hali yetib bormabdimi?
Taehyung ko‘zlarini qisdi, yuragi muzlab ketdi.
— Jo‘natmalar? — dedi u past ovozda. — Demak... o‘sha video, fayllar… sening ishing ekan-da?
Jung Suk yuzidagi tabassumni kengaytirdi.
— Nihoyat tushunding. Juda tez o‘ylaysan, Taehyung.
Taehyungning tomirlari bo‘rtib chiqdi. U bir qadamda Jung Sukning oldiga kelib, yoqasidan mahkam ushlab oldi.
— Nega bunday qilding, a?! Nega uni aralashdirding?!
Jung Suk esa shunchaki kuldi.
— Chunki u sening haqiqiy yuzingni bilishi kerak. U seni kimligingni, qanday yirtqich ekaningni bilishi shart! Sen uni “himoya qilaman” deysan, lekin avval unga nimalar qilganingni unutdingmi, Taehyung?
Bu so‘zlar yurakni kesgandek og‘riqli edi. Taehyungning bo‘g‘zi qisildi, nigohi g‘azab va iztirob bilan to‘ldi.
— Og‘zingni ehtiyot qil, Jung Suk…
— Yo‘q, endi kech, — dedi Jung Suk, uning qo‘lini itarib. — U baribir hammasini eslaydi. Balki ertaga, balki bir haftadan keyin. Ammo eslaydi. Va bilasanmi, u eslagan kuni... u sendan yana nafratlanadi.
Taehyungning ko‘zlaridagi og‘riqni ko‘rib, Jung Suk bir soniyaga jim qoldi, so‘ng sekin o‘rnidan turdi.
— Unga yaqinlashma, Tae. Bu safar u senga tegishli emas.
Shu so‘zlarni aytib, u chiqib ketdi.
Taehyung esa joyida qotib qoldi. Yuragi g‘azab, pushaymonlik va og‘riq aralash hislar bilan to‘lib ketgan edi. U Sunaga qaradi — u tinchgina uxlayotgan edi, lablarida engil tabassum.
Taehyung asta yoniga borib, past ovozda dedi:
— Senga yomonlik qilishni hech qachon istamaganman, Suna… faqat seni himoya qilishni xohlagandim.
U sochlarini asta siladi, keyin asta orqaga chekinib, eshikni yopdi. Ammo yuragida bitta narsa aniq edi — bu endi nafaqat sevgi, bu jang edi. Va u bu safar yutqazmoqchi emasdi.
Bu orada esa Suna tinchgina yotgan bo‘lsa ham, miyasi g‘alayon ichida edi. U xotiralarini tush ko‘rardi.
Avvaliga hammasi sokin, yoqimli edi — u Mina bilan parkda kulib, qahva ichayotgan edi. Quyosh nuri sochlariga tushar, Mina esa kulib:
— Suna, agar bir kuni sevsang, yuragingni tingla, boshqalarning gapiga quloq solma, xo‘pmi? — derdi.
Suna jilmaygancha bosh irg‘ardi. Ammo bir zumda manzara o‘zgardi. Osmonni qora bulut qopladi, Mina asta orqaga chekinar edi. Uning yuzida og‘riq, ko‘zlarida esa yosh paydo bo‘ldi.
— Meni kechir, Suna... — dedi u. — Men bunga dosh berolmadim.
Shu so‘zlardan so‘ng, kuchli shovqin, mashina signal ovozi va qichqiriq... “Minaaa!” — Suna qichqirgancha yugurdi, lekin dugonasi allaqachon yo‘q edi. Faqat sovuq asfalt va quloqchinlar.
Suna tizzasiga cho‘kdi, yig‘lab qoldi. Oradan bir zum o‘tmay, kimningdir soyasi unga yaqinlashdi. U yuqoriga qaradi — u yerdan Taehyung turardi. Ammo bu Taehyung boshqacha edi: ko‘zlarida sovuq, yuzida g‘azab.
— Hamma narsa sening aybing bilan boshlandi, — dedi u past, ammo qattiq ovozda. — Sen uni himoya qilolmading. Endi navbat senda.
Suna orqaga chekinib, boshini qimirlatdi:
— Yo‘q... bu rost emas... sen... sen yomon emassan!
Ammo Taehyungning qo‘li cho‘zildi — u uni o‘ziga tortdi. Atrofda qorong‘ulik. Suna yuragi g‘alati tez uryapti.
— Nega buni qilyapsan? — dedi u titrab.
— Chunki... — Taehyung shivirladi, — men seni yo‘qotishdan qo‘rqaman.
Bu so‘zlardan keyin ularning atrofini nur qoplab oldi. Endi Taehyungning nigohi o‘sha sovuq emas edi, unda og‘riq va mehr qorishgan edi. U Sunaning yuziga teginmoqchi bo‘ldi, lekin Suna ortga chekinib, “Yo‘q!” deb baqirdi.
Atrofdagi nurlar so‘nib, u o‘zini bo‘m-bo‘sh joyda topdi. U erda faqat bir narsa qolgan edi — Mina ovozi:
— Uning yuragida yovuzlik emas, og‘riq yashiringan...
Shu on Suna birdan ko‘zlarini ochdi. Nafaslari tez-tez olinar, peshonasidan ter oqib tushardi. Yuragi gursillab urar, ammo yuragining tubida qandaydir iliqlik paydo bo‘lgan edi.
U asta o‘z qo‘llariga qaradi, so‘ng shivirladi:
— Taehyung... men seni qayerdadir... ko‘rganman...