September 7, 2020

«Davergeodezkadastr» agentlikka aylantiriladi. Kadastr organlari endi hokimlarga bo‘ysunmaydi

Qishloq xo‘jaligi yerlarini rivojlantirish Qishloq xo‘jaligi vazirligiga qaytariladi. Barcha ko‘chmas mulklar – yer uchastkalari, ularga bo‘lgan huquqlar, bino va inshootlar 2021 yil oxirigacha davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning «Yer hisobi va davlat kadastrlarini yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi negizida Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi tashkil etilmoqda.

Farmonga ko‘ra Kadastr agentligi ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, geodeziya va kartografiya hamda davlat kadastrlarini yuritish sohasida vakolatli davlat organi hisoblanadi.

Ushbu Agentlik yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazmaslik, yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish hamda davlat kadastrlarini yuritish tartibini buzish bilan bog‘liq ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ham ko‘rib chiqadi.

Kadastr organlari endilikda faqat yerning hisobini yuritish bilan shug‘ullanadi. Qishloq xo‘jaligi yerlarini rivojlantirish, xususan, tuproq bonitirovkasini o‘tkazish, qishloq xo‘jaligi yerlarining normativ qiymatini aniqlash, geobotanik tadqiqotlarni amalga oshirish vazifalari ularning haqiqiy egasi – Qishloq xo‘jaligi vazirligiga o‘tkazilmoqda.

Barcha ko‘chmas mulklar – yer uchastkalari, ularga bo‘lgan huquqlar, bino va inshootlar 2021 yil oxirigacha davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.

Shuningdek, xalq tilida BTIlar deb nomlangan korxonalar negizida Davlat kadastrlari palatasi tashkil etilmoqda. Endilikda Davlat kadastrlari palatasi va uning hududiy boshqarmalari faqat registratsiya hamda Davlat kadastrlari yagona tizimini yuritish bilan shug‘ullanadi. Davlat faqat ko‘chmas mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish bilan shug‘ullanib, shartnoma asosida, haq evaziga xizmat ko‘rsatiladigan sohalardan davlat asta-sekin chiqib ketadi.

Ko‘chmas mulkka kadastr yig‘majildini tayyorlash, shu maqsadda uni texnik inventarizatsiyadan o‘tkazish vazifasini esa davlat tashkilotlaridan tadbirkorlik sub'yektlariga o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Ungacha esa, Davlat kadastrlari palatasining tuman (shahar) filiallari bu vazifani bajarib turadi. Bozor o‘z egalariga topshirilgach, bu filiallar ham bosqichma-bosqich tugatib boriladi va faqat olis, borish qiyin bo‘lgan hududlarda qoldiriladi.

Farmon bilan birga O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ham qabul qilingan. Ushbu qarorga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar yer resurslari va davlat kadastri boshqarmalari, tumanlar (shaharlar) yer resurslari va davlat kadastri bo‘limlari negizida Kadastr agentlining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar boshqarmalari, tumanlar (shaharlar) bo‘limlari tashkil etildi. Ularning boshliqlari Kadastr agentligi direktori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.

Hududiy kadastr organlari endi hokimlar nazoratidan chiqarilib, vertikal tizim asosida yuqori turuvchi organga — Kadastr agentligiga to‘liq bo‘ysunadi.

  • Hozirga qadar «Davergeodezkadastr» qo‘mitasining hududiy boshqarmalari ushbu Qo‘mitaga, shuningdek tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklariga hisobot berar, ularning boshliqlari esa «Davergeodezkadastr» qo‘mitasi raisi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanar edi (Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 19 iyuldagi 529-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi to‘g‘risidagi nizom).

Manba: Kun.uz

Yosh fermerlar ijtimoiy tarmoqlarda👇

Telegram | Facebook | Instagram | Youtube