September 3, 2020

O‘zbekiston hududlarida pavlovniya plantatsiyalari tashkil qilinadi

Respublikada hunarmandchilik, qurilish materiallari, yog‘och va yog‘och qirindili xomashyo ishlab chiqarishni rivojlantirish, mebel sanoatida yog‘och mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojni qondirish, import hajmini keskin kamaytirish, shuningdek, aholini muqobil energiyaga bo‘lgan ehtiyojini qondirish mo‘ljallangan.

Vazirlar Mahkamasining “Respublikada tez o‘suvchi va sanoatbop pavlovniya daraxti plantatsiyalarini barpo qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining respublika bo‘yicha tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib, suv tanqis, yer osti suvlari 30 metrdan pastda joylashgan foydalanilmayotgan zaxira maydonlarda hamda o‘rmon fondining suv tanqis yoki tuprog‘i sho‘r bo‘lgan yerlarida pavlovniya plantatsiyalarini tashkil qilish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.

Quyidagilar:

Respublika bo‘yicha tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib, suv tanqis, yer osti suvlari 30 metrdan pastda joylashgan foydalanilmayotgan zaxira maydonlarda hamda o‘rmon fondining suv tanqis yoki tuprog‘i sho‘r bo‘lgan yerlarida sinov tariqasida 2020 — 2024 yillarda pavlovniya daraxti plantatsiyalarini barpo etishning prognoz ko‘rsatkichlari;

2020 — 2024 yillarda pavlovniya daraxti plantatsiyalarini barpo etish uchun talab qilinadigan ko‘chatlar miqdorining prognoz ko‘rsatkichlari tasdiqlandi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari talabgorlarga qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar yoki qishloq xo‘jaligi uchun yaroqsiz bo‘lgan yerlar yoxud qishloq xo‘jaligining sifati yomon yerlari hamda o‘rmon fondiga qarashli yerlardan — o‘rmon bilan qoplanmagan yer uchastkalari pavlovniya yetishtirish uchun ijara huquqi asosida ajratilishini ta'minlaydi.

Belgilanishicha:

yog‘och va yog‘och qirindili xomashyo ishlab chiqarishni yetarli xomashyo bilan ta'minlash, mebel va pellet ishlab chiqarish sanoati samaradorligini oshirish maqsadida pavlovniya plantatsiyalarini barpo etish uchun har bir loyihaga 100 gektardan kam bo‘lmagan yer maydoni ajratiladi;

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi soha olimlarini jalb qilgan holda, pavlovniya daraxtining biologik xususiyatidan hamda hududlarning tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib, pavlovniya plantatsiyalarini tashkil etish bo‘yicha ilmiy tavsiyalar beradi.

O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi:

Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda o‘rmon xo‘jaligi yerlarini xatlovdan o‘tkazsin va pavlovniya plantatsiyalarini elektron xaritalarga joylashtiradi;

Toshkent davlat agrar universiteti va boshqa ilmiy muassasalar bilan birgalikda respublikada ilm-fan va innovatsion texnologiyalarga asoslangan urug‘siz, steril duragay ko‘chatlarini in-vitro, qalamcha va boshqa vegetativ usullarda tayyorlash va ko‘paytirish bo‘yicha bir oy muddatda tavsiyalar ishlab chiqib, o‘zlarining veb-saytlarida joylashtirishni ta'minlaydi.

O‘zbekiston Asalarichilari uyushmasiga pavlovniya plantatsiyalarida sifatli asal yetishtirish bo‘yicha hamkorlikni tashkil etish tavsiya etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi va Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda ikki oy muddatda pavlovniya daraxti plantatsiyalarini tashkil etish bo‘yicha loyiha takliflarini ishlab chiqib, ushbu loyiha takliflariga belgilangan tartibda xorijiy va mahalliy investitsiyalar va grantlarni jalb qilish choralarini ko‘radi.

«O‘zstandart» agentligi:

«O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi pavlovniyadan olinadigan qurilish materiallari mahsulotlarini xalqaro talablarga muvofiq sertifikatlashtirish, standartlashtirishni va sifat menejmentining zamonaviy usullarini keng joriy etadi;

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda chet el tajribasini o‘rgangan holda, pavlovniya yog‘ochi va yog‘och qirindisi importining o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish chora-tadbirlari dasturini ishlab chiqadi va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda 2021 yildan boshlab:

pavlovniya daraxti plantatsiyalarini barpo qilish, ko‘chatlarini yetishtirish, undan qurilish materiallari va mebel sanoatida yog‘och va yog‘och qirindi xomashyosi sifatida, tibbiyotda hamda obodonlashtirishda foydalanish muammolari bilan bog‘liq ilmiy-tadqiqot, innovatsiya ishlari hamda startap loyihalarini shakllantirish bo‘yicha ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida belgilangan tartibda tanlovlar o‘tkazish;

har yili o‘tkaziladigan innovatsion g‘oyalar haftaligi doirasida pavlovniya daraxti va undan olingan mahsulotlar namunalari bilan ishlab chiqaruvchi tadbirkorlar va fermerlarni keng miqyosda tanishtirish choralarini ko‘radi.


Manba: Kun.uz

Yosh fermerlar ijtimoiy tarmoqlarda👇

Telegram | Facebook | Instagram | Youtube