Mebelbop daraxtlar uchun yerlar, o‘simlik plantatsiyalari va turizm. O‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha vazifalar belgilandi
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha islohotlar natijadorligi tahliliga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Iqtisodiyotning resurs bazasini kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, ekologiyani yaxshilashda o‘rmon xo‘jaligi juda muhim o‘rin tutadi.
Shuning uchun ham oxirgi uch yilda bu sohani jadal rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilib, mamlakatimiz o‘rmon fondi yerlari 12 million gektarga yetkazildi.
Jumladan, Orol dengizining 1,2 million gektar qurigan tubida ihota daraxtzorlari barpo etildi. Oborotdan chiqib ketgan 10 ming gektar o‘rmon xo‘jaligi yerlari o‘zlashtirildi, 5,5 ming gektarda yong‘oq, 4 ming gektarda oziq-ovqat ekinlari va dorivor o‘simliklar plantatsiyalari tashkil etilib, 3 mingta yangi ish o‘rni yaratildi. O‘rmon xo‘jaliklarida birinchi marta 64ta biolaboratoriya tashkil etildi.
Yig‘ilishda bu borada hali ishga solinmagan imkoniyatlar ko‘pligi ta'kidlanib, kelgusidagi ustuvor vazifalar belgilandi. Sohada xususiy sektorni jalb qilgan holda o‘rmon yerlarini o‘zlashtirish, yilqichilik, chorvachilik, urug‘chilik, ko‘chatchilik, turizmni keng yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Yana 50 ming gektar o‘rmonzor barpo etib, Jizzax, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo, Namangan hamda Toshkent viloyatlarida yong‘oq, pista va bodom plantatsiyalari tashkil qilish imkoniyati borligi ko‘rsatib o‘tildi.
Mebelsozlik korxonalari xomashyoning 90 foizini import qilayotganidan kelib chiqib, ularga klaster usulida pavlovniya va boshqa mebelbop daraxtlar yetishtirish uchun yer ajratish bo‘yicha topshiriq berildi.
O‘rmon fondi yerlarini o‘zlashtirishga ham subsidiya va imtiyozlar joriy etish, xususan, sug‘orish nasoslari xarid qilish, quduqlar qazish ishlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash muhimligi ta'kidlandi.
Bu yildan boshlab oborotda bo‘lmagan o‘rmon fondi yerlarini ijaraga berish tartibi joriy qilindi. Hozirgi kunda 20 ming gektar shunday yer ijaraga berilgan. Bu ishlarni davom ettirib, qo‘shimcha yerlarni oborotga kiritish hamda tadbirkorlarga ijaraga berishni kengaytirish vazifasi qo‘yildi.
Ko‘p joylarda, jumladan, Qorako‘l, G‘ijduvon, Shahrisabz, Kitob, Pop, Chortoq, Nurobod, Qo‘shrabot, Nurota, Baxmal, Forish, Uzun, Boysun, Ohangaron, Bekobod tumanlarida o‘rmon xo‘jaligi rezervlaridan foydalanish bo‘yicha ishlar tanqid qilindi, yetarlicha tashkil etilmagani ko‘rsatib o‘tildi.
Pillachilikda ozuqa bazasini ko‘paytirish maqsadida fermer xo‘jaliklarida 2 ming gektar, kelgusi yilda 2,5 ming gektarga tut ko‘chatlari ekish rejalashtirildi.
O‘tgan yili dorivor o‘simliklar plantatsiyasi 2 ming gektarga yetkazilgan edi. Yig‘ilishda kelgusi yili bunday maydonlarni 5 ming gektarga yetkazib, hosilni 8 ming tonnagacha oshirish zarurligi aytildi.
Xususiy sektorni jalb qilgan holda o‘rmon fondi yerlarida asalarichilik, chorvachilik va parrandachilik loyihalarini amalga oshirish, bandlikni ta'minlab, oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash chora-tadbirlari belgilandi.
«O‘rmonlar sayyohlar uchun ham qiziq. O‘tgan yili ekoturizm va ov turizmidan jami 1 milliard so‘m tushgan. Lekin bu kam. Bo‘stonliq tumanidagi yangi tizim o‘rmon hududlarida turizmni rivojlantirish bo‘yicha juda katta zaxiralar mavjudligini ko‘rsatdi. Misol uchun, «Burchmulla» o‘rmon xo‘jaligida xususiy sheriklik asosida 300 o‘rinli ekoturizm maskani barpo etilmoqda.Shunday imkoniyatlarni ishga solib, kelgusi yilda ekologiya va ov turizmidan daromadlarni 10-15 baravarga oshirish mumkinligi ta'kidlandi. Shahrisabz, Kitob, Boysun, Bobotog‘, Zomin, Baxmal, Ohangaron, Bekobod, Dalvarzin, Pop, Qo‘qon, Qozoqdaryo o‘rmon va ov xo‘jaliklarida turizm maskanlarini tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
Yig‘ilishda o‘rmon xo‘jaligi bo‘yicha ilm-fanni rivojlantirish masalalariga e'tibor qaratildi.
Mahalliy pistaning suvsizlikka chidamli va yuqori hosil beradigan 13 turdagi yangi navini ro‘yxatdan o‘tkazib, keyingi yildan tog‘li tumanlarda ekish kerakligi qayd etildi.
Davlat o‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasiga dorivor o‘simliklarni mahalliylashtirish uchun tajriba plantatsiyalari va ilmiy markaz, shuningdek, o‘rmon tuproqshunosligi, in vitro va urug‘chilik laboratoriyalarini tashkil etish vazifasi yuklatildi.
Sohada kadrlar salohiyatini oshirish, o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha ham ko‘rsatmalar berildi.
Qishloq xo‘jaligining boshqa tarmoqlarida bo‘lgani kabi o‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish uchun ham xalqaro tashkilotlar mablag‘larini jalb qilib, yirik investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish muhimligi ta'kidlandi.
Videoselektor yig‘ilishida muhokama qilingan masalalarni inobatga olib, o‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha 10 yillik dastur loyihasini takomillashtirish vazifasi belgilandi.
Manba: Kun.uz
Yosh fermerlar ijtimoiy tarmoqlarda👇