August 22, 2020

Muvaffaqiyat eng yaxshi qasos!

Traktor zavodining egasi Ferrari asoschisi tomonidan haqorat qilingan edi. Bugun o'sha "Traktor zavodi" Lamborghini nomi bilan dunyoga mashhur.

Ferruchcho Lamborgini 1916 yil 28 aprelda Italiyaning Ferrara provinsiyasidagi Renasso qishlog‘ida dunyoga kelgan. Uning ota-onasi Antonio va Evelina Lamborgini ferma egasi bo‘lishgan. Feruchcho yoshligidan texnikaga qiziqqanligi sababli ota onasi unga ferma hududidagi omborxonada kichik ustaxona qurib berishadi. Feruchcho o‘z ustaxonasida turli detallardan mexanizmlar ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi.

Ikkinchi jahon urushidan so‘ng Ferruchcho o‘z qishlog‘iga qaytib, yaroqsiz harbiy texnikalarni qishloq xo‘jaligi ishlariga moslashtirish ishlari bilan mashg‘ul bo‘ladi. Ushbu sohadagi ishlarni rivojlantirib, traktor ishlab chiqaruvchi Lamborghini Trattori S.p.A. kompaniyasiga asos soladi. 1949 yilda o‘zining konstruksiyasi asosida traktor ishlab chiqarishni boshlaydi.

1960 yilda Ferruchcho Lamborgini sovutish uskunalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi. Ferruchchoning ikkala kompaniyasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritib Italiyaning urush yillarida abgor bo‘lgan iqtisodiyotini rivojlantrishga salmoqli hissa qo‘shadi.

Ferruchcho Lamborgini sport avtomobillari, xususan, «Ferrari» ning ashaddiy muxlisi bo‘lgan. Ferruchcho ushbu avtomobilning ulagich (mufta) tizimi Lamborgini traktorlari ulagich tizimi bilan bir xil ekanligiga biroq, «Ferrari»da ushbu tizim nisbatan sifatsiz ekanligiga e'tibor qaratadi. Shu sababli ushbu tizimning sifatsizligi yuzasidan Enso Ferrariga murojaat qiladi. Biroq Enso Ferraridan qo‘pol ravishdagi "traktor ishlab chiqaruvchi «Ferrari» avtomobillarini tanqid qilishga haqqi yo‘q!" degan javob oladi. Ushbu qo‘pol munosabatdan qattiq ranjigan Feruchchoda «Ferrari»dan yaxshiroq sport avtomobili ishlab chiqarish g‘oyasi paydo bo‘ladi.

Shu maqsadda 1963 yilda Feruchcho Ferrari zavodidan uzoq bo‘lmagan Sant-Agata-Bolon'ezeda Automobili Ferruccio Lamborghini S.p.A. kompaniyasiga asos soladi.

Ushbu zavodda Lamborgini avtomobillarining V12 motorli afsonaviy Lamborghini 350 GT, Lamborghini 400 GT, Lamborghini Miura, Lamborghini Espada, Lamborghini Islero, Lamborghini Jarama, Lamborghini Urraco, Lamborghini Countach modellari ishlab chiqariladi.

1975 yilda Ferruchcho Lamborgini Automobili Lamborghini S.p.A. kompaniyasidagi o‘zining ulushini Rene Leymerga sotadi.

Avtomobil biznesidan so‘ng Lamborgini Tranzimeno ko‘li yaqinidagi yer mulklarni sotib oladi, gol'f maydoni barpo qiladi, gol'f avtomobillari ishlab chiqaradi.

Ferruchcho Lamborgini 1993 yilda yurak xuruji natijasida vafot etdi. Bugungi kungacha Ferruchcho Lamborgini muvaffaqiyat tarixi ko‘plab startap g‘oyalar egalariga ilhom bag‘ishlab kelmoqda.

Qissadan hissa shuki - Sizni ranjitgan odam bilan urishib, janjallashib asabingizni buzib vaqtingizni behudaga sarflamang, undan ko'ra o'z ustingizda ishlang, o'zingizni yuksaltiring, muvaffaqiyatga erishing va shu yo'l bilan qasos oling!

https://t.me/ykfoundation