1-noyabrdan tadbirkorlik sohasida qanday o'zgarishlar joriy qilindi
1. Eksportbop qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, tayyorlash va qadoqlash bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga mahsulotlarni xorij fitosanitariya talablariga muvofiqlashtirishga amaliy yordam berish uchun o‘simliklar karantini davlat inspektorlari biriktiriladi.
O‘z hududida aniqlangan zararli organizmlar hamda fitosanitar dala nazoratini o‘tkazish to‘g‘risida O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasiga ixtiyoriy murojaat qilgan va ularning oqibatlarini bartaraf etgan shaxslar ma'muriy javobgarlikdan ozod qilinadi.
2. Bojxona tizimida yangicha tartib.
Bojxona tizimida quyidagicha tartiblar o‘rnatiladi:
bojxona yuk deklaratsiyasini rasmiylashtirish vaqti xavf darajasidan kelib chiqib, 3 sutkadan 1 kungacha qisqartiriladi;
bojxona nazoratining muqobil turlarini qo‘llashni kengaytirish orqali tovarlarni bojxona hamrohligida kuzatib borish holatlari qisqartiriladi;
Davlat bojxona qo‘mitasining xavflarni boshqarish tizimi avtomobil' chegara bojxona postlarida joriy etiladi;
transport vositalarini vaqtinchalik olib kirishda tashuvchiga real vaqt rejimida elektron shaklda qayta olib chiqish muddati tugashidan oldin vaqtinchalik olib kirish muddatini uzaytirish va tegishli yig‘imni to‘lashni amalga oshirish imkoniyati taqdim etiladi;
“bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimida qayta ishlash mahsulotlarining chiqish normasini identifikasiyalash va baholash uslubiyati tadbirkorning o‘zi tomonidan ishlab chiqiladi.
3. Davlat xaridlari tizimida mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtiroki kengaytiriladi.
Davlat xaridlari tizimida mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtirokini kengaytirish maqsadida:
ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslarning umumiy qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 50 ming baravaridan yuqori bo‘lgan import tovarlari xaridlarining maqsadga muvofiqligi har chorakda kuzatuv kengashlari tomonidan majburiy tartibda ko‘rib chiqiladi;
xorijda ishlab chiqarilgan alohida tovarlar, shuningdek, xorijiy shaxslar tomonidan bajariladigan ishlarning davlat xaridlaridagi ishtiroki vaqtinchalik taqiqlanadi va chegaralanadi;
Davlat xaridlaridagi ishtiroki vaqtinchalik taqiqlangan va chegaralangan, xorijda ishlab chiqarilgan tovarlar bo‘yicha tender (tanlov) ishtirokchilari takliflarini baholashda mahalliy ishlab chiqarilgan tovarlarga nisbatan import tovarlarining CIP (O‘zbekiston) narxidan 15 foizdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda preferensiya beriladi.