August 11, 2020

Kam ta'minlangan oilalarga tashkil etiladigan qishloq xo‘jaligi birlashmalari ustav fondiga (jamg‘armasiga) ulush sifatida kiritish uchun subsidiya ajratish tartibi

40-1. Kam ta'minlangan oilalar bandligini ta'minlash maqsadida birlashma tashkil etmoqchi bo‘lgan muassis (bundan buyon matnda muassis deb yuritiladi) birlashma ustav fondiga (jamg‘armasiga) ulush sifatida kiritish uchun — har bir a'zoga (oilaga) subsidiya olish uchun hududdagi ABKMga yozma ravishda murojaat qiladi.
Muassis tomonidan murojaatga birlashmaga ixtiyoriy a'zo bo‘luvchilarning (oila boshlig‘i) F.I.O. ko‘rsatilgan ro‘yxati hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun muassis va oila o‘rtasida tuzilgan pudrat shartnomalari nusxalari ilova qilinishi kerak.
40-2. Mazkur Nizomning 40-1-bandi ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan ma'lumotlar to‘liq topshirilgandan so‘ng ABKMning mas'ul xodimi muassisning murojaatini 5 ish kuni ichida o‘rganib chiqadi va o‘rganish natijalari bo‘yicha birlashmaga ixtiyoriy a'zo bo‘luvchilarga subsidiya ajratish uchun ABKM rahbariga taklif kiritadi. Bunda, mas'ul xodim oilani kam ta'minlanganligiga e'tibor qaratishi lozim.
40-3. ABKM rahbari birlashmaga ixtiyoriy a'zo bo‘luvchilarning birlashma ustav fondidagi ulushini shakllantirish uchun 2 ish kunida subsidiya ajratish to‘g‘risidagi buyruqni rasmiylashtiradi va pochta orqali muassisga yuboradi. Buyruqda subsidiya oluvchilar F.I.O., subsidiya miqdori ko‘rsatilishi zarur.
40-4. ABKMning mas'ul xodimi muassis taqdim etgan hujjatlar mazkur Nizomning 40-1-bandining ikkinchi xatboshisiga muvofiq bo‘lmaganda yoxud o‘rganish natijasi bo‘yicha muassisning murojaatida ko‘rsatilgan oila kam ta'minlangan oila bo‘lmagan hollarda 1 ish kunida subsidiya ajratishni rad etish to‘g‘risida muassisga rad etishning sabablari asoslantirilgan holda yozma ravishda xat yuboradi.
40-5. ABKMning subsidiya ajratish to‘g‘risidagi buyrug‘ining nusxasini olgan muassis belgilangan tartibda birlashma tashkil etadi.
40-6. Muassis belgilangan tartibda birlashma tashkil etganidan so‘ng, ABKMga yozma ravishda davlat xizmatlari markazida ro‘yxatga olingan birlashmaning a'zolari ulushi ko‘rsatilgan ustav, birlashmaning asosiy rekvizitlari, a'zolarning mulkiy payi to‘g‘risidagi guvohnoma nusxalarini taqdim etadi.
40-7. ABKM 2 ish kuni muddatida birlashma ustav fondiga har bir oila boshlig‘ining ulushi sifatida kiritish uchun birlashmaning bankdagi hisob raqamiga bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari miqdorida subsidiya ajratadi hamda birlashma raisi (muassis) va oila boshlig‘i yozma ravishda xabardor qilinadi.
40-8. Qishloq xo‘jaligi birlashmalari ustav fondiga (jamg‘armasiga) ulush sifatida kiritish uchun subsidiya bitta oilaga faqat bir marotaba ajratiladi.

[Ўзбекистон Республикаси Бандлик ва меҳнат муносабатлари вазирининг 2019 йил 10 майдаги 19-2019-Б-сон буйруғи]

Murojaat uchun: O’zbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi - http://old.mehnat.uz/cyrl/mintrud/functions/6