March 19, 2019

Har kuning boʻlsin Navroʻz!

Barchamiz orziqib kutgan bahorning fusunkor kunlarida ona diyorimizga xalqimizning eng qadimiy, milliy bayrami – Navroʻzi olam kirib kelmoqda.


Ulugʻ ayyom Toshkent viloyatida koʻtarinki kayfiyatda nishonlandi.

Nurafshon shahrida boʻlib oʻtgan bayram sayli doirasida “Yoshlar marafoni”, “Kitobxonlik viktorinasi”, “Har bir yoshga bir nihol” kabi loyihalar oʻtkazildi.

Navroʻz saylida milliy urf-odat va anʼanalarimiz, yurtimizning bebaho tabiati, bahoriy tansiq taomlarini oʻzida aks etgan badiiy kompozitsion dasturlar yigʻilganlarga bayramona zavq ulashdi.

Navroʻz — koʻp millatli, bagʻrikeng, olijanob va tinchliksevar xalqimizning fazilati, yuksak insonparvarlik xislatlariga ayni hamohang bayramdir. Bu kunlarda azaldan gina-kuduratlar unutiladi, oʻzaro mehr-oqibat munosabatlari mustahkamlanadi.

Shuning uchun Toshkent viloyatida yashayotgan 60 dan ortiq millat vakillarining doʻstona chiqishlari ham saylga oʻzgacha shukuh bagʻishladi.

Kengliklarda, tabiat qoʻynida bayram dasturlari davom etmoqda. Navoiy bobomiz aytganlaridek, “Har tuning qadr oʻlubon, har kuning boʻlsin Navroʻz!”