September 23
“O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlash tartibi
- Umumiy qoidalar
- 1.1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 4-avgustdagi PF‑3290-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni to‘g‘risida Nizom”ga ko‘ra “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashining qaroriga asosan beriladi.
- 1.2. “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni bilan milliy ma’naviyat, madaniy meros va umuminsoniy qadriyatlar negizida yuksak vatanparvarlik, xalqparvarlik, fidoyilik tuyg‘usini va mehnatsevarlik fazilatlarini o‘zida mujassamlashtirgan, vatanimiz obro‘si, shon-shuhrati va sharafini yuksaltirishga hamda uning xalqaro nufuzini oshirishga xizmat qilayotgan, mamlakatning ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etib, namuna ko‘rsatayotgan yoshlar taqdirlanadi.
- 1.3. “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlash, qoida tariqasida, yoshlar hayotidagi muhim ijtimoiy voqealar munosabati bilan amalga oshiriladi.
- “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoniga taqdim etish
- 2.1. “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoniga nomzodlar O‘zbekiston yoshlar ittifoqining (keyingi matnda “Ittifoq”) quyi tashkilotlari va jamoatchilik tomonidan taqdim etiladi.
- 2.2. “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishonini berish uchun nomzodlarni saralash ishlari Ittifoqning hududiy Kengashlari tomonidan doimiy ravishda olib boriladi.
- 2.3. Barcha takliflar Ittifoqning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan umumlashtiriladi va “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlash bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqish Respublika Komissiyasiga (keyingi matnda “Komissiya”) yuboriladi.
- 2.4. “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoniga taqdim etish bo‘yicha boshqa tashkilotlarning takliflari Ittifoqning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bo‘limlariga yoki bevosita Komissiyaga yuboriladi.
- 2.5. Komissiya rais, kotib va kamida 17 a’zodan iborat tarkibda Ittifoqning Markaziy Kengashi tomonidan tuziladi.
- 2.6. Komissiya tarkibiga nomzodlar yoshlar hayotini yaqindan biladigan, tajribali, obro‘-e’tibor qozongan kishilar, iqtisodiy va ma’naviy-ma’rifiy sohaning yetakchi namoyondalari qatoridan tavsiya etiladi.
- 2.7. Komissiyaning asosiy vazifasi muayyan shaxslarni “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlash bo‘yicha xulosani tayyorlash va Ittifoqning Markaziy Kengashiga taqdim etishdan iboratdir.
- 2.8. Komissiyaning yig‘ilishi a’zolarining kamida 2/3 qismi ishtirok etganda vakolatlidir. Komissiyaning qarorlari a’zolarining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
- 2.9. Komissiya yig‘ilishlarining yakuni bo‘yicha tuziladigan bayonga Komissiya a’zolari rozilik imzosini qo‘yishadi. Komissiya a’zosi bayonga imzo qo‘yib, o‘zining alohida fikrini yozish huquqiga ega.
- 2.10. Markaziy Kengashining tegishli qarori qabul qilinganidan so‘ng “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanganlar to‘g‘risidagi ma’lumot ommaviy axborot vositalarida yoritilishi mumkin.
- III. Komissiyaga taqdim etiladigan hujjatlar
- 3.1. “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlash maqsadida Ittifoqning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bo‘limlari yoki boshqa tashkilotlar rahbarlari quyidagi hujjatlarni Komissiyaga taqdim etadilar:
- nomzodning ish faoliyatiga oid va erishgan yutuqlarini aks ettiruvchi, tegishli tashkilot rahbari va Ittifoqning boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi yoki tuman (shahar) bo‘limi rahbari tomonidan imzolangan tavsifiy-tavsiyanoma;
- so‘rovnoma, tarjimai holi haqidagi ma’lumotnoma, pasport nusxasi, ikki dona 9x12 o‘lchamdagi rangli fotosurat;
- ma’naviyat, fan va ta’lim, tadbirkorlik, madaniyat va san’at, vatanparvarlik, sport va ijtimoiy hayotning boshqa sohalarida nomzodning yutuqlari bo‘lsa, ularni aks ettiruvchi hujjatlar, diplomlar va faxriy yorliqlar, nashr etilgan ijodiy, badiiy va ilmiy ishlarining nusxalari, video yozuvlar, fotosuratlar va boshqalar;
- ushbu hujjatlar to‘plami yuborilayotganligi haqida Ittifoqning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bo‘limlari yoki boshqa tashkilotlar rahbarlari tomonidan imzolangan kuzatuvchi xat.
- 3.2. Komissiya nomzodlarga tegishli qo‘shimcha hujjatlar talab qilishga haqli.
- 3.3. Komissiyaga taqdim etilgan hujjatlar qaytarilmaydi.
- “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishonini topshirish
- 4.1. “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni va guvohnomasi tantanali va oshkoralik vaziyatida, qoida tariqasida, Ittifoqning tegishli boshlang‘ich tashkilotining yig‘ilishida yoki Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, tuman (shahar)lar yosh faollari ishtirokidagi yig‘ilishlarda topshirilishi mumkin.
- 4.2. “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni va guvohnomasi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi tomonidan topshiriladi.
- 4.3. Ittifoqning Markaziy Kengashi raisi o‘z vakolatlarini bajara olmaydigan hollarda “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni va guvohnomasi Ittifoqning Markaziy Kengashi raisi vazifasini bajaruvchi rahbar tomonidan topshiriladi.
- 4.4. Taqdirlangan shaxs vafot etgan holda “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni va guvohnomasi uning oila a’zolari yoki qarindoshlariga topshiriladi.