April 29, 2019

XATOLARDAN SABOQ OLISH YOKI BAHONALARIMIZ HAQIDA

April 29, 2019

Muvaffaqiyat - hammaga bir xil ta'sir qiladi. Quvontiradi, o'z-o'ziga nisbatan ishonchni oshiradi, keyingi yutuqlarga turtki bo'ladi. Lekin muvaffaqiyatsizlikni har birimiz turlicha qarshilaymiz. Kimdir saboq oladi, kimdir tushkunlikka tushadi... yana kimdir esa o'z muvaffaqiyatsizligida boshqalarni ayblaydi yoki bahona izlashga tushadi.

Quyida maqsadga erishish yo'lida yengilgan paytimizda biz o'ylab topadigan ayrim bahonalarni keltiramiz. O'qib, mulohaza qiling. Ehtimol bu bahonalar sizga ham tanishdir:

1. "Bilimim yetishmaydi..."

Bu eng ko'p tarqalgan noto'g'ri tushunchalardan biri, - deydi Aleksandr Yelfimov. - Egallagan bilimlaringiz hamisha kamlik qilaveradi. Atrofingizda ko'plab sizdan bilimliroq insonlar borligini tan olishingiz lozim. Eng avval, o'zingizni munosib deb bilgan narsalarni qog'ozga tushirishingiz va ular uchun kurashishga haqqingiz borligini tushunishingiz kerak.

2. "Hali vaqti emas..."

Bunday jumlani eshitganda, beixtiyor savol tug'iladi: qachon vaqti keladi? Sizni bebaho lahzalardan mahrum qiladigan havotirlar doim bo'ladi. Ajoyib naql bor: istagan odam har doim vaqt topadi. Ideal vaqt hech qachon kelmaydi. O'yladingmi, shu zahoti bajar.

3. "Ishlarim judayam ko'p..."

Har doim yodda tuting: vaqt - eng qimmatli resurs. Uni ortga qaytarib bo'lmaydi. Boy berilgan imkoniyatlarning nadomati achchiq bo'ladi. Ba'zida bu depressiyaga olib keladi. Shuning uchun, yaxshilab o'ylab ko'ring. Agar qilayotgan ishingizdan zavq olmayotgan ekansiz, o'zgarishlar vaqti kelgan. O'zgarishlardan qo'rqmang.

4. "Birinchi urinishdayoq omadsizlikka uchradim..."

Agar hamma sizdek xulosa qilganida, ular hech qachon muvaffaqiyatga erishmagan bo'lishardi. Iroda kuchi - taslim bo'lmaslikda, orzular sari olg'a intilishda, qiyinchiliklarni sabr bilan yengishda. Dangasalikdan, barcha salbiy fikrlardan - "qo'limdan kelmaydi", "qo'rqaman", "men kimmanu, ular kim" - qutulish lozim. O'tmishdagi barcha yutuq va kamchiliklaringizni tahlil qiling. Zarur narsalarni o'rganing. Juda bo'lmaganda, yo'l ko'rsatishi mumkin bo'lgan odamlarni toping va tavsiyalariga amal qiling.

5. "Kuchim yetmaydi..."

Ba'zan kuchingiz qolmagandek tuyuladi, charchaysiz. To'g'ridan-to'g'ri aytaman: hamma charchagan! Lekin buni miyangizda hadeb takrorlayverishingiz shart emas. Miya bu jumlani eslab qoladi. Keyin esa bu vaziyatdan mutlaqo chiqib ketolmaysiz.

6. "Tanqid qilishadi..." - qo'rquv

Tanqid - har doim, hamma yerda bo'lishini tan olish lozim. Hammaga ham yoqishingiz shart emas. Agar tanqid asosli bo'lsa, buni to'g'ri qabul qilish kerak. Qolganini o'zingizga olmang. Kimligingizni va nimalarga qodirligingizni faqat o'zingiz bilasiz.

7. "Aloqa yo'q..."

Maqsadga qat'iyatlilar erishadi. Ular xato qilishdan va ahmoq bo'lib ko'rinishdan qo'rqishmaydi. Uning ustiga, Internet, ijtimoiy tarmoqlar asrida har qanday kerakli odamni topish va u bilan aloqa o'rnatish mumkin. Qo'rqmang, qo'ng'iroq qiling, xabar yo'llang. Axir ular sizga juda bo'lmasa, baqirishi mumkin, o'ldirishmaydi-ku! Yoki, aksincha, qo'ng'irog'ingizdan xursand bo'lishadi va yordam berishadi.

8. "Nimadan boshlashni bilmayman..."

Ehtimol siz baxtingiz uchun nima yetishmayotganini bilarsiz, o'z maqsadingiz bordir. Unga erishish yo'llarini bosqichma-bosqich yozib chiqing. Shundagina sizga maqsadingizga erishishda aynan nimalar, qanday bilimlar, ko'nikmalar zarurligini aniqlab olasiz.

9. Yangilikdan qo'rqish

Komfort zonadan chiqib ketish doim odamni tushkunlikka tushiradi. Ammo maqsadingizga erishishingizda bu narsa to'siq bo'lmasligi lozim. Butun umr davomida to'laqonli hayot zavqini tatib ko'rmasdan, bir joyda o'tirish mumkin. Faqat butunlay chorasiz qolganda afsus qilishdan yomoni yo'q.

Yodda tuting, muvaffaqiyatsizlik - bu qobiliyatlaringizning o'lchovi emas. Bu - o'zingizda yangi qirralarni kashf etishingiz uchun imkoniyat. Hammasi sizning munosabatingizga bog'liq. Salbiy fikrlarni tark etib, barcha imkoniyatlaringizni ishga soling. Siz albatta muvaffaqiyat qozonasiz va maqsadingizga erishasiz!

SurxonYoshlari