O‘zbekiston Respublikasining “Byudjet jarayoni takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi: yuzasidan takliflar ishlab chiqildi
Joriy yilning 7-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamentining Yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish va jinoyatchilikni oldini olish masalalari qo‘mitasining navbatdagi videokonferensaloqa rejimida majlisi bo‘lib o‘tdi.
Majlisda Qo‘mita a’zolari tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Byudjet jarayoni takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi ko‘rib chiqildi.
Qo‘mita a’zolari tomonidan qonun loyihasida nazarda tutilayotgan davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni taqdim etish tartibini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlikning belgilanayotganligi ma’qullandi. Muhokamada ushbu yangi norma davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlari mablag’larining sarflanishi ustidan samarali nazorat o‘rnatilishiga va u bo’yicha ta’sirchan choralar ko’rilishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatga egaligi ta’kidlandi.
Shuningdek, muhokama jarayonida qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga kiritilayotgan
yangi 264 prim 2-modda, “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonunning
25-moddasi birinchi qismi to’rtinchi xatboshisiga kiritilayotgan to’ldirish va O‘zbekiston Respublikasi Byudjet kodeksining 91-moddasi yuzasidan asoslantirilgan takliflar ishlab chiqildi.
Qo’mita tomonidan ishlab chiqilgan takliflar belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasiga kiritilishi kelishib olindi.
Bundan tashqari, Qo‘mita a’zolarining yangi qonun loyihalari yuzasidan tahliliy materiallarini tayyorlash va nashr etish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi.