February 23, 2021
YOSHLARNING YOSHLARGA OID OLIB BORILAYOTGAN DAVLAT SIYOSATIGA MUNOSABATI!
Nozima Akbarova hozir yigirma yoshda. Mingbuloqda Yoshlar ittifoqi tuman kengashida “Kamalak” bolalar tashkilotining raisi bo‘lib ishlaydi. O‘zbekiston “Adolat” SDP a’zosi. O‘tgan yili Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi huzuridagi Yoshlar parlameniga saylandi. Jamoatchilik ishlaridagi faolligi va jonkuyarligi uchun tengdoshlari o‘rtasida katta obro‘-e’tibor qozongan. Quyida uning davlatimiz rahbari qatnashgan xalq deputatlari Namangan viloyati kengashi sessiyasidan olgan taassurotlari bilan tanishasiz.
YOSHLARGA E’TIBORDAN MAMNUNMIZ!
Mamlakatimizda keyingi yillarda navqiron avlod vakillariga e’tibor tobora kuchayib bormoqda. Ularning ta’lim olishlari, kasb-hunar o‘rganishlari, ish bilan ta’minlanishlari, jamiyatning teng huquqli a’zosi bo‘lib yetishishlari uchun yaratilayotgan imkoniyatlar bundan yaqqol dalolat berib turibdi. Yaqinda mening o‘zim ham shunday holatni boshdan kechirdim. Ya’ni davlatimiz rahbari Namanganga tashrifi doirasida ishtirok etgan xalq deputatlari viloyat kengashining navbatdan tashqari sessiyasiga taklif etildim.
Anjumanda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev so‘zga chiqib, olib borilayotgan istisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, samaradorligini oshirish va pirovard natijada aholi turmush farovonligini yuksaltirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Yoshlar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish orqali tengdoshlarimizni har tomonlama g‘amxo‘rlik og‘ushida bo‘lishlarini ta’minlash asosiy vazifalardan biri ekanligi ta’kidlandi. Viloyatimiz faollari ham o‘zlarining taklif-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdilar. Mana shu jarayonda menda ham anchadan beri o‘ylab yurgan fikrlarimni yurtbogshimizga aytish istagi tug‘ildi.
Qizig‘i shundaki, so‘z so‘raganimdan keyin ko‘p o‘tmay, navbat berishdi. Eng avvalo, mamlakatimizda yoshlarning unib-o‘sishi uchun yaratilayotgan sharoitlar uchun minnatdorchilik bildirdim. Tengdoshlarimiz ulardan o‘rinli va oqilona foydalanishlari, yuksak ishonchni oqlash uchun tinmay bilim olishlari, fidoyilik bilan mehnat qilishlari lozimligini aytdim. Shu bilan birga to‘laqonli natijalarga erishish uchun ayrim muammolarni bartaraf etish zarurligini qayd etdim.
Masalan, tumanimizda yoshlar soni 27,5 mingdan ziyod. Ular orasida ishsizlar ham anchagina. To‘g‘ri, yigit-qizlarning bir qismiga dehqonchilik uchun yer maydonlari ajratib berildi. Bu, ko‘p oilalarga daromad topish imkonini beradi, albatta.
Xalq deputatlari viloyat kengashining navbatdan tashqari sessiyasida men yoshlar o‘rtasida ishsizlikka barham berish yuzasidan boshqa bir taklif aytdim. Ushbu taklif tumanimiz hududida ishga tushirilishi ko‘zda tutilayotgan neft konlari bilan bog‘liq. Mana shu sohada mehnat qiladigan mutaxassislarni Namangan davlat universitetida tayyorlashni yo‘lga qo‘yishni taklif etdim. Bu masala yurtboshimiz tomonidan ham qizg‘in qo‘llab-quvvatlandi. O‘sha zahoti tegishli mutasaddilarga zarur topshiriqlar berildi. Bundan men nihoyatda xursand bo‘ldim. Endi NamDUda ochiladigan yangi yo‘nalishni tumandagi tengdoshlarim o‘rtasida keng targ‘ib qilaman.
Eng muhimi – mazkur sessiyada viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning yangi marralari belgilandi. Ularni egallash uchun boshlangan kurashda biz yoshlar ham faol qatnashamiz va bu bilan davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikka munosib javob qaytaramiz.
Nozima AKBAROVA.
Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti a'zosi, Yoshlar ittifoqi Mingbuloq tuman kengashidagi “Kamalak” bolalar tashkiloti raisi.