Yangi qonun loyihalari bo‘yicha Qo‘mita a’zolari qanday munosabat bildirishdi?
Joriy yilning 1 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamentining Yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish va jinoyatchilikni oldini olish masalalari qo‘mitasining navbatdagi videokonferensaloqa rejimida majlisi bo‘lib o‘tdi.
Majlisda Qo‘mita a’zolari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqishda bo‘lgan qonun loyihalari qizg‘in muhokama qilindi. Dastavval, Qo‘mita a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilayotgan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining nazorat faoliyati takomillashtirilishi hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlarining daxlsizligi kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni loyihasini ko‘rib chiqishdi.
Xususan, qonun loyihasining 1-moddasi bilan O‘zbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonunining 26-moddasi birinchi qismiga kiritilayotgan o‘zgartishlar muhokamalarga sabab bo‘ldi. Qo‘mita a’zolari mazkur moddada nazarda tutilayotgan yangi norma yuzasidan asoslantirilgan takliflarni bildirishdi.
Shuningdek, mazkur qonun loyihasi bilan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti to‘g‘risida”gi Qonuniga kiritilayotgan yangi
302-modda yuzasidan ham ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasidan kelib chiqqan holda takliflar ishlib chiqildi.
Endilikda ushbu takliflar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining tegishli Qo‘mitasiga kiritiladi.
Bundan tashqari, Qo‘mita a’zolarining norma ijodkorligi sohasidagi faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqishda bo‘lgan qonun loyihalari yuzasidan o‘rganish ishlarini olib boruvchi va takliflarni ishlab chiqish bo‘yicha Qo‘mita a’zolari kesimida Ishchi guruhlari shakllantirildi.
Qo‘mita majlisi 2020 yilning 2 dekabr kuni ham davom etadi.