Ilm-fan sohasini rivojlantirishning konstitusiyaviy-huquqiy asoslari muhokama qilindi
2020-yilning 3-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti, O‘zbekiston “Adolat” sosial-demokratik partiyasi “Yosh adolatchilar” qanoti Respublika Kengashi, Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamentining Yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish va jinoyatchilikni oldini olish masalalari qo‘mitasi, “Adolat” sosial-demokratik partiyasining Yoshlar parlamentidagi fraksiyasi bilan hamkorlikda “Ilm-fan sohasini rivojlantirishning konstitusiyaviy-huquqiy asoslari” mavzusida onlayn konferensiya o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi a’zolari, O‘zbekiston “Adolat” sosial-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi raisi B.Abduhalimov, Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti direktori F.Otaxonov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamentining Yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish va jinoyatchilikni oldini olish masalalari qo‘mitasi, “Adolat” sosial-demokratik partiyasining Yoshlar parlamentidagi fraksiyasi va Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti huzuridagi Yosh qonunshunoslar klubi a’zolari, Toshkent davlat yuridik universiteti professor-o‘qituvchilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi E.Zaxidov O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi mamlakatimizda ilm-fan sohasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning huquqiy asosi ekanligini, Bosh Qomusimizda belgilangan ilmiy va texnikaviy ijod erkinligini ta’minlashga bugungi kunda eng ustuvor vazifalardan biri sifatida qaralayotganligini ta’kidlab, yangi qabul qilingan “Ta’lim to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining mazmun-mohiyati va undagi yangiliklar xususida zarur ma’lumotlarni berib o‘tdi.
O‘zbekiston “Adolat” sosial-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi raisi B.Abduhalimov ilm-fanni iqtisodiyotning asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylantirish, ilmiy tadqiqotlar ko‘lamini yanada kengaytirish, unga yangi g‘oya va innovasiyalarni joriy etish, bu borada ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasidan unumli foydalanish muhim ahamiyat kasb etishi haqida ta’kidlab, konferensiya ishtirokchilariga zarur ma’lumotlarni taqdim etdi.
Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti direktori F.Otaxonov ta’lim-tarbiya muassasalarining xodimlari,
ilm-fan sohalari vakillarining jamiyatimizdagi o‘rni va maqomini oshirish, ularning mashaqqatli mehnatini munosib qadrlash va faoliyat samaradorligiga qarab moddiy rag‘batlantirish masalasi O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasida belgilangan iqtisodiy va ijtimoiy huquqlarning ajralmas qismi ekanligi, bugungi kunda ushbu sohalarning rivoji uchun qilinayotgan sa’y-harakatlar Barqaror rivojlanish maqsadlari hamda milliy ustuvor maqsad va vazifalarimizga hamohang tarzda amalga oshirilayotganligini alohida qayd etib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati M.Valiyev O‘zbekistonning yangi taraqqiyot bosqichida ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini birgalikda rivojlantirish zaruriyati haqida ta’kidlab, bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6108-son Farmoni asosida joriy etilgan yangi huquqiy mexanizmlarning mazmun-mohiyati, ularni amalga oshirishdan ko‘zlangan ezgu maqsadlar haqida tushuntirishlar berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati O.Abdullayeva san’at va madaniyat sohalarida ilm-fanni yanada takomillashtirishning dolzarb masalalari, xususan, ushbu sohalarda ilmiy tadqiqot ishlarini amalga oshirish, ilmiy yangiliklarni yaratish jarayonida zamonaviy va ilg‘or uslublaridan keng foydalanish zarurligi xususida zarur ma’lumotlarni berdi.
Toshkent davlat yuridik universiteti professori, yuridik fanlar doktori M.Borotov ilm-fanni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasining mazmun-mohiyati, unda ilm-fan sohasini rivojlantirish maqsadida belgilangan ustuvor vazifalar, sohada joriy etilayotgan yangi huquqiy institutlar haqida ma’lumotlar berib, ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish borasida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar haqida atroflicha tushuntirishlar berdi.
Yoshlar parlamentining Yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish va jinoyatchilikni oldini olish masalalari qo‘mitasi raisi A.Teshaboyev bugungi kunda iqtidorli yosh olimlarning innovasion faoliyatini rag‘batlantirish, mavjud ilmiy tashkilotlar salohiyatini yanada mustahkamlash va rivojlantirish uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratib berilayotganligini ta’kidlab, O‘zbekiston Respublikasining “Ilm-fan va ilmiy faoliyat to‘g‘risida”gi Qonunini takomillashtirish yuzasidan qator ilmiy asoslantirilgan takliflarni bildirdi.
Konferensiya davomida Yoshlar parlamenti a’zolari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga deputatlar va mutaxassislardan asoslantirilgan javoblarni olishdi.
Konferensiya yakunida Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti va Yoshlar parlamentining Yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish va jinoyatchilikni oldini olish masalalari qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Ilm-fan va ilmiy faoliyat to‘g‘risida”gi Qonunini takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflar deputatlar tomonidan ko‘rib chiqilishi belgilab olindi.
Bizni kuzatishda davom eting 👇
|Facebook (https://facebook.com/yoshlarparlamentiofficial)
| Instagram (https://instagram.com/yoshlar_parlamenti_official)
| Telegram (https://t.me/Yoshlar_Parlamenti_official)
| Youtube (https://www.youtube.com/channel/UCPZaVaYx8zYYVS6R3-TgMGQ?view_as=subscriber)