Davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini tashkil etish to'g'risida Prezident qarori qabul qilindi.
Joriy yiling 15-iyun kuni, Davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini tashkil etish to'g'risida Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda O'zbekiston Milliy axborot agenligi saytida ma'lum qilingan.
Xo'sh, qaror bo'yicha 2022-2023-o'quv yilidan qanday o'zgarishlar mavjud? Qabul kvotalari qanday bo'ladi. Shu haqda to'xtalamiz.
- 2022/2023-o'quv yilidan boshlab davlat oliy ta’lim muassasalarida ularning imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha masofaviy ta’lim shakli joriy etiladi.
- davlat oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga qabul abituriyentning bakalavriat diplom bali o‘rtacha ko‘rsatkichi hamda xorijiy tilni bilish darajasi bo‘yicha tegishli milliy yoki xalqaro sertifikat bali asosida, ballar ketma-ketligiga qat’iy rioya qilgan holda amalga oshiriladi hamda qo‘shimcha imtihon o‘tkazilmaydi;
- davlat oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga qabul bir yilda ikki marta – avgust va yanvar oylarida tashkil etiladi. Bunda:
- avgust oyidagi qabul – navbatdagi o‘quv yili uchun tasdiqlangan davlat granti va to‘lov-kontrakt asosidagi hamda moliyaviy mustaqillik berilgan oliy ta’lim muassasalarining kuzatuv kengashlari tomonidan tasdiqlangan to‘lov-kontrakt asosidagi qabul parametrlariga muvofiq;
- yanvar oyidagi qabul – dastlabki qabul natijalariga ko‘ra to‘lmagan o‘rinlar hamda Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan qo‘shimcha to‘lov-kontrakt asosidagi qabul parametrlariga muvofiq amalga oshiriladi;
- 20022/2023 o‘quv yili uchun davlat OTMlariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari quyidagicha tasdiqlandi:
Bakalavrlar tayyorlash bo‘yicha:
- kunduzgi ta’lim shakliga – 77 477 nafar;
- sirtqi ta’lim shakliga – 26 095 nafar;
- kechki ta’lim shakliga – 3 725 nafar;
- masofaviy ta’lim shakliga – 3 410 nafar;
- b) magistrlar tayyorlash bo‘yicha – 10 688 nafar.
Moliyaviy mustaqillik berilgan davlat OTMlarining kuzatuv kengashlariga hamda qabul parametrlarini Vasiylik kengashi qarori bilan tasdiqlash vakolati berilgan oliy ta’lim tashkilotlariga tegishli qabul parametrlarini 2022 yil 20 iyunga qadar tasdiqlash tavsiya etilgan.
- Prezidentning tegishli qaroriga asosan, davlat oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayonida abituriyentlarni onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va Davlat test markazining rasmiy veb-sayti orqali har yili 20 iyundan 20 iyulga qadar (20 iyul kuni ham), chet tili fanidan kasbiy (ijodiy) imtihon o‘tkaziladigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha esa 10 iyulga qadar (10 iyul kuni ham) amalga oshiriladi.
Joriy yildan boshlab davlat OTMlari magistraturasiga qabulda mutaxassislik fanidan imtihon bo‘lmaydi.
Faqat abituriyentning bakalavriat diplom bali o‘rtacha ko‘rsatkichi hamda xorijiy tilni bilish darajasi bo‘yicha tegishli milliy yoki xalqaro sertifikat bali asosida, ballar ketma-ketligiga qat’iy rioya qilgan holda amalga oshiriladi.