“Navro'z” istirohat bog'ida “Prokuror va yoshlar uchrashuvi” o'tkazildi.
Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ularning bandligini ta’minlash, yoshlarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, yoshlarni jinoyatchilik, giyohvandlik kabi illatlardan yiroq tutish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 19-yanvardagi "Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PQ-92-son qarori ijrosini ta’minlash asosiy va ustuvor vazifalardan biridir.
Shu maqsadda, mamlakatimizda, jumladan, poytaxtimizning barcha mahallalarida saylangan yoshlar yetakchilari tomonidan turli xil ma’daniy-ma’rifiy tadbir va tanlovlar, sport musobaqalari, ko‘ngilochar tadbirlar o‘tkazilib kelinmoqda. Bundan tashqari yoshlarning bandligini ta’minlash ularni ilm olishiga kasb-hunar o‘rganishiga o‘z tadbirkorligini boshlashiga ko‘maklashish maqsdadia "Yoshlar daftari" jamg‘armasi orqali qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Jumladan, Shayxontohur tumanidagi mahalladagi yoshlar yetakchilari tomonidan uyma-uy yurgan holda “Yoshlar balansi” hamda “Yoshlar daftari” shakllantirilib, 16-30 yoshdagi 57 ming nafar yoshlar ro‘yxatga olindi. Shu kunga qadar, yoshlar yetakchilari tomonidan yordamga muhtoj 220 nafar yoshlarga amaliy yordam ko‘rsatildi.
Shuningdek, Shayxontohur yoshlarining muammo va takliflarini hal etish maqsadida Toshkent shahar prokurori tashabbusi bilan joriy yilning 6 iyun kuni ishchi guruhlar shakllantirildi. Hozirgi kunda ishchi guruh tomonidan 25 ta mahalla o‘rganilib, 564 nafar yoshlar bilan muloqot qilindi hamda 54 nafar yoshlar muammolari hal etildi.
23-iyun kuni ham poytaxtimizdagi "Navro‘z" istirohat bog‘ida yuqorida aytilgan amaliy chora – tadbirlar natijasi va namunasi sifatida “Prokuror va yoshlar uchrashuvi” o‘tkazildi. Uchrashuvda Toshkent shahar prokurori Ulug‘bek Qosimov, Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Durdona Raximova, Yoshlar ishlari agentligi Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i Abdulaziz Nazirov, Shayxontohur tuman sektor rahbarlari, Shayxontohur tumanidagi yoshlar yetakchilari hamda 2 000 ga yaqin yoshlar ishtirok etdi.
Uchrashuvga tashrif buyurgan yoshlar uchun “Vatanparvar” DUK avtomashinalar ko‘rgazmasi, simfonik orkestr chiqishlari, gitara cholg‘usi ustalaridan mahorat darslari, rassomlarning ijodiy ishlari ko‘rgazmasi, sportning kurash hamda taekvondo turlari bo‘yicha namoyishlar, kitobxon yoshlar uchun kitoblar yarmarkasi, kibersport o‘yinlari, shaxmat va shashka bo‘yicha musobaqalar namoyish qilindi.
Shundan so‘ng, bitiruvchi hamda iqtidorli yoshlar bilan savol javoblar o‘tkazildi. Qizg‘in o‘tgan savol – javoblarda Toshkent shahar prokurori hamda Shayxontohur tumani sektor rahbarlari yoshlarning savollariga javob berar ekan, o‘zlarining maslahatlari va takliflarini ham berib o‘tishdi.
Uchrashuv davomida, yoshlarimizni moddiy hamda ma’naviy taraflama qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta’minlash maqsadida 21 nafar Shayxontohur tumani yoshlariga “Yoshlar daftari” jamg‘armasi orqali ajratilgan mehnat qurollari va asbob-uskunalari, jumladan 12 nafar yoshlarga axborot texnologiyalari va dasturlash ishlarini amalga oshirishi uchun zamonaviy noutbuklar, 9 nafar yoshlarga esa tikuvchilik faoliyatini amalga oshirish uchun tikuv mashinalari Toshkent shahar prokurori Ulug‘bek Qosimov tomonidan o‘z egalariga topshirildi.
Shundan so‘ng, yoshlarni bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish hamda bandligini ta’minlashda namuna bulayotgan yoshlar yetakchilarining bir zamonaviy mobil telefonlar bilan taqdirlandi. Besh tashabbus olimpiadasi doirasida tashkil etilgan voleybol, kibersport, zukko kitobxon musobaqa va tanlovlarining tuman bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan yoshlarimizga ham qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Uchrashuv yakunida esa yoshlarimiz uchun taniqli san’atkorlar ishtirokida yakuniy gala konsert namoyish etildi.