May 25, 2022

Talabalar uchun soliq imtiyozlari mavjudligini bilasizmi?

Imtiyoz tavsifi: Soliq kodeksining 378-moddasi 16-bandiga binoan, ta’lim kontrakti to‘lovini ish haqi yoki boshqa daromadlardan amalga oshirgan shaxs soliq imtiyozlari olsa bo‘ladi.

Foto: Ma'rifat.uz

Imtiyozlarning mazmuni shundaki, fuqarolarning OTMlarda ta’lim olish uchun ajratilgan daromadlari soliqqa tortilmaydi.

Imtiyozdan foydalanishi mumkin:

  1. 26 yoshga to‘lmagan farzandlari shartnoma asosida o‘qiydigan ota-onalar;
  2. 26 yoshga to‘lmagan turmush o‘rtoqlari shartnoma asosida o‘qiydigan shaxslar;
  3. Yoshidan qat’i nazar daromad oluvchi (rasman ishlayotgan) talabalar.
Ushbu imtiyoz yaqin qarindoshlar, ya’ni aka-uka va opa-singillar, xola, amaki va boshqalarning shartnomalarini to‘lashga qo‘llanilmaydi.

Soliq imtiyozi quyidagi manbalar hisobidan o‘qish uchun to‘lov amalga oshirilganda taqdim etiladi:

  1. O‘z mablag‘lari;
  2. Jismoniy shaxsga tijorat banklari tomonidan berilgan ta’lim kreditlari;
  3. Yuridik shaxslar tomonidan jismoniy shaxslarga qaytarish sharti bilan berilgan mablag‘lar (ssudalar).

Mas’ul tashkilot: Moliya vazirligi / Davlat soliq qo‘mitasi
Imtiyozga da’vogarlar:

  1. Oliy o‘quv yurti talabasi (yosh cheklanmagan)
  2. 26 yoshga to‘lmagan talabaning ota-onasi, turmush o‘rtog‘i

Imtiyozni taqdim etish tartibi va muddatlari
Imtiyoz fuqaroning jami yillik daromadi to‘g‘risidagi deklarasiyasini soliq organlariga topshirgan holda yoki soliq to‘lovchining to‘lov manbaiga (misol, ish joyi) yozma arizasi asosida olinishi mumkin.

Agar soliq imtiyozi ish joyidan qo‘llanilsa, fuqaro quyidagilarni tashkilot buxgalteriyasiga taqdim etadi:

  1. Talaba bilan oliy o‘quv yurti o‘rtasida to‘lovli-kontrakt asosida o‘qitish to‘g‘risida tuzilgan shartnoma nusxasi;
  2. Tijorat banki bilan ta’lim kreditini olish uchun tuzilgan shartnoma nusxasi (agar ta’lim krediti olgan bo‘lsa);
  3. Ta’lim oluvchining pasporti yoki tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasi nusxasi.

Bu holda, tashkilot buxgalteriyasi kontrakt to‘lash uchun ajratilgan mabg‘lani maoshdan ushlab qolib, OTM hisobiga tushuradi.

Bunda, daromadlarning 50 foizidan ko‘prog‘ini ushlab qolinishi man etiladi.

Agar imtiyoz shaxsning jami yillik daromadi to‘g‘risidagi deklarasiyasi asosida qo‘llanilsa, quyidagilarni turar joyidagi soliq organlariga taqdim etadi:

  1. Talaba (talabalar) bilan oliy o‘quv yurti o‘rtasida to‘lovli-kontrakt asosida o‘qitish to‘g‘risida tuzilgan shartnoma (shartnomalar) nusxasi;
  2. Tijorat banki bilan ta’lim kreditini olish uchun tuzilgan shartnoma (shartnomalar) nusxasi (agar ta’lim krediti olgan bo‘lsa);
  3. Oliy o‘quv yurtlari hisob raqamiga (ta’lim kreditini qoplaganda tijorat banki hisob raqamiga) pul mablag‘larini mustaqil to‘laganligini tasdiqlovchi hujjatlar nusxasi;
  4. Pasport nusxasi (soliq imtiyozi ta’lim oluvchining o‘zi tomonidan qo‘llanilganda);
  5. Pasport nusxasi (soliq imtiyozi ota-ona tomonidan qo‘llanilganda) va ta’lim oluvchining (ta’lim oluvchilarning) tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasi nusxasi;
  6. Pasport nusxasi (soliq imtiyozi turmush o‘rtog‘i tomonidan qo‘llanilganda) va ta’lim oluvchining (ta’lim oluvchilarning) nikoh to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi.

Jami yillik daromadlar to‘g‘risidagi deklarasiyani elektron shaklda soliq to‘lovchining shaxsiy kabinetida, ro‘yxatdan o‘tgan pochta orqali yoki soliq idorasiga shaxsan tashrif buyurib topshirilishi mumkin.

Soliq chegirmasini olish bo‘yicha ariza bir oy ichida ko‘rib chiqiladi.

Imtiyozning huquqiy asosi: Soliq kodeksi 378-moddasi 16-bandi
https://lex.uz/ru/docs/4674902#4687278