“WikiStipendiya” marafoni doirasida tashkil etiladigan “Vikipediya oromgohi” to'g'risidagi nizom
1. Umumiy qoidalar
1.1. Mazkur Nizom «VikiStipendiya» marafoni doirasidagi “Vikipediya oromgohi”ning (keyingi o‘rinlarda Oromgoh deb yuritiladi) o‘tkazish tartibini belgilaydi:
1.2. Ushbu Oromgohdan asosiy maqsad Vikipediya onlayn ensiklopediyasida o‘zbek tilidagi maqolalar sonini oshirish.
1.4. Oromgohni yuqori saviyada o‘tkazish uchun O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi masʼul tashkilot etib belgilanadi.
1.5. O‘zbekiston Respublikasida istiqomat qilayotgan millati, dini, ijtimoiy kelib chiqishi va tilidan qatʼiy nazar barcha fuqarolar Oromgohda ishtirok etish huquqiga ega.
1.6. Tashkiliy qo‘mita Oromgoh nizomiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish vakolatiga ega.
2. Oromgohning maqsad va vazifalari
2.1. Mazkur Oromgoh Vikipediya onlayn ensiklopediyasida o‘zbek tilidagi maqolalar sonini oshirish maqsadida tashkil etiladi.
2.2. Oromgohni tashkil etish orqali quyidagi vazifalar bajarilishi ko‘zda tutiladi:
– Vikipediya onlayn ensiklopediyasida o‘zbek tilidagi maqolalar sonini oshirish;
– Jamiyatimizdagi aktual mavzularni Vikipediyada muntazam yoritib borish;
– Vikipediyada sifatli maqola yaratuvchi volontyorlar sonini oshirish;
– Vikipediyada maqola yaratuvchi foydalanuvchilarning tajribasini oshirish.
3. Oromgohni tashkil etish va o‘tkazish tartibi
3.1. Oromgohni tashkil etish va uni o‘tkazish vazifasi Yoshlar ishlari agentligi zimmasiga yuklatiladi. Yoshlar ishlari agentligi:
– Oromgohni o‘tkazish borasida qaror qabul qiladi;
– Oromgohning asosiy bosqichlari va tartib-qoidalari haqida ishtirokchilarni xabardor qiladi; – Barcha ishtirokchilar uchun teng sharoitlarni yaratadi;
– Oromgohni o‘tkazish borasida oshkoralikni taʼminlaydi;
– Muddatidan oldin Oromgohga saralash natijalari haqida maʼlumotlar tarqalishining oldini olish choralarini ko‘radi;
– Oromgoh ishtirokchilari o‘rtasida yuzaga keladigan nizolarni hal etadi;
– Mazkur Nizomga asoslangan holda Oromgohning o‘tkazilishini tashkil etadi.
3.2. Saralash:
– Oromgohda ishtirok etishni istovchilar eʼlon qilingan manzilga kirib anketa to‘ldirishlari kerak.
– Oromgohda ishtirok etishni istovchilar Vikipediyaning o‘zbek tilidagi bo‘limida ro‘yxatdan o‘tgan va saralash jarayonlari boshlangandan yakuniga qadar ikkita nufuzli manbaga ega 10 dona maqola yaratgan bo‘lishi shart.
– Maqolalar ensiklopedik ahamiyatga ega va Vikipediya qonun-qoidalariga mos tarzda yaratilishi kerak. Bu talablarga javob bermaydigan maqolalar o‘chiriladi.
– o‘chirilgan maqolalar hisoblanmaydi. Bu holatda maqolalar soni 10 ta deb hisoblanmaydi va ishtirokchi saralashdan chiqariladi.
– Anketada foydalanuvchi sahifasining havolasini kiritmagan va notebook yo‘q deb belgilagan ishtirokchilar saralashda qatnasha olmaydi.
3.3. Tashkil etilishi:
– Oromgoh Bo‘stonliq tumanida joylashgan yoshlar oromgohida 6 kun davomida tashkil etiladi.
– Saralashdan o‘tgan ishtirokchilarning barcha xarajatlari tashkilot tomonidan qoplab beriladi (Viloyatdan keladigan ishtirokchilarning Toshkent shahriga kelish va qaytish xarajatlari bundan mustasno).
4. Oromgohning moliyalashtirish manbalari
4.1. Oromgohni o‘tkazish bilan bog‘liq sarf-xarajatlar quyidagi manbalar hisobidan:
– Davlat byudjeti mablag‘lari;
– Qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.