Akademik ta`til bo`yicha eng dolzarb savollarga javlob
(Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-iyundagi 344-son qarori va uning nizomi asosida tayyorlandi)
AKADEMIK TA`TIL QANDAY HOLLARDA BERILADI?
- harbiy xizmatni o‘tash uchun;
- salomatligini tiklash uchun;
- homiladorlik va tug‘ish uchun;
- bolalarni parvarish qilish uchun;
- oilasining betob a’zosini (otasi, onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar, turmush o‘rtog‘i, farzandi) parvarish qilish uchun.
AKADEMIK TA`TIL QANCHA MUDDATGA BERILADI?
- harbiy xizmatni o‘tash uchun — qonunchilik hujjatlarida belgilangan harbiy xizmatni o‘tash muddatiga;
- homiladorlik va tug‘ish, shuningdek, bolalarni parvarish qilish uchun — qonunchilik hujjatlarida belgilangan homiladorlik va tug‘ish, shuningdek, bolalarni parvarish qilish ta’tillari muddatiga;
- salomatligini tiklash hamda oilasining betob a’zosini parvarish qilish uchun — keyingi yilning talaba tomonidan to‘liq o‘zlashtirilmagan semestri boshlanguniga qadar bo‘lgan muddatga (agar mazkur Nizomning 11-bandiga muvofiq talaba akademik ta’til muddatiga ta’limning sirtqi yoki masofaviy yoki eksternat ta’lim shakliga o‘tkazilsa, navbatdagi semestrning boshlanguniga qadar bo‘lgan muddatga). Bunda, qayd etilgan muddatlardan biri talabaning arizasiga muvofiq oliy ta’lim muassasasi rektori (direktori) tomonidan belgilanadi.
AKADEMIK TA`TIL OLISH UCHUN KIMGA ARIZA BERILADI VA QANDAY HUJJATLAR ILOVA QILINADI?
Akademik ta’til olish uchun talaba (sog‘lig‘i holatiga ko‘ra talaba shaxsan murojaat etish imkoniyatiga ega bo‘lmasa, uning ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar yoki turmush o‘rtog‘i) tomonidan oliy ta’lim muassasasi rektori (direktori) nomiga ariza bilan murojaat qilinadi.
ARIZAGA QUYIDAGI HUJJATLAR ILOVA QILINADI:
- harbiy xizmatni o‘tash uchun — tegishli tuman (shahar) mudofaa ishlari organlarining talabani harbiy xizmatga chaqirish haqidagi chaqiruv qog‘ozi;
- salomatligini tiklash, homiladorlik va tug‘ish, shuningdek, bolalarni parvarish qilish uchun — talaba doimiy tibbiy nazoratda turgan tibbiyot muassasasi xulosasi;
- oilasining betob a’zosini parvarish qilish uchun — oilasining betob a’zosi doimiy tibbiy nazoratda turgan tibbiyot muassasasi xulosasi.
AKADEMIK TA`TIL OLISH UCHUN MUROJAAT QILGAN TALABANING MUROJAATI QANCHA VAQTDA KO`RIB CHIQILADI?
Talabaning akademik ta’til olish haqidagi murojaati bir haftalik muddatda ko‘rib chiqiladi.
Talabaga akademik ta’til berish oliy ta’lim muassasasi rektori (direktori)ning buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi. Ushbu buyruqda akademik ta’tilning boshlanish va tugash sanasi ko‘rsatilishi shart.
AKADEMIK TA`TILNI BOSHQA O`QUV SHAKLIGA O`ZGARTIRSA BO`LADIMI?
Akademik ta’til beriladigan talabalar arizasiga (ixtiyoriga) ko‘ra oliy ta’lim muassasasi rektori (direktori)ning buyrug‘iga muvofiq, uning o‘qishi akademik ta’til muddatiga ta’limning sirtqi yoki masofaviy yoki eksternat ta’lim shakliga o‘tkazilishi mumkin.
Bunda oliy ta’lim muassasasida muayyan bakalavriat ta’lim yo‘nalishi (magistratura mutaxassisligi) bo‘yicha sirtqi yoki masofaviy ta’lim shakli mavjud bo‘lgan taqdirda talabaning o‘qishi arizasiga ko‘ra belgilangan muddatga ushbu ta’lim shakliga o‘tkaziladi.
AKADEMIK TA`TIL MUDDATINI QANDAY HOLDA UZAYTIRILADI?
- Salomatligini tiklash yoki oilasining betob a’zosini parvarish qilish uchun akademik ta’tilda bo‘lgan talabalarda homiladorlik va tug‘ish holatlari yuzaga kelgan taqdirda, akademik ta’tilning muddati homiladorlik va tug‘ish uchun mazkur Nizomda belgilangan akademik ta’tilning muddatiga uzaytiriladi.
- Talabaning salomatligi yoki oilasining betob a’zosi salomatligi tiklanmaganda talabaning arizasiga ko‘ra oliy ta’lim muassasasi rektori (direktori)ning buyrug‘i asosida akademik ta’til muddati ushbu toifadagi holatlar uchun belgilangan muddatlarga uzaytiriladi.
AKADEMIK TA`TILNI MUDDATIDAN AVVAL BEKOR QILSA BO`LADIMI?
Talaba akademik ta’tilga chiqqan kundan boshlab bir oy o‘tmagan bo‘lsa, akademik ta’tilni bekor qilish va o‘qishga qaytishni so‘rab oliy ta’lim muassasasiga ariza bilan murojaat etishga haqli.
AKADEMIK TA`TIL TUGAGANDAN SO`NG TALABA TO`G`RIDAN TO`G`RI DARS JARAYONIGA KIRISHA OLADIMI?
Talaba akademik ta’tilning muddati tamom bo‘lgandan so‘ng o‘qishga qaytish bo‘yicha oliy ta’lim muassasasining rektori (direktori) nomiga ariza bilan murojaat qilishi shart.
Talaba akademik ta’tildan belgilangan muddat tamom bo‘lgandan so‘ng o‘qishga qaytish bo‘yicha oliy ta’lim muassasasining rektori (direktori) nomiga ariza bilan murojaat qilgan taqdirda uning arizasini asossiz ravishda rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi. Ushbu holat bo‘yicha mas’uliyat shaxsan oliy ta’lim muassasasi rektori (direktori) zimmasiga yuklanadi.
AKADEMIK TA`TIL DAVRIDA TALABA O`QIGAN YO`NALISH YOPILIB KETGAN BO`LSA NIMA BO`LADI?
Agar akademik ta’til davrida talaba tahsil olgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishi (magistratura mutaxassisligi) tugatilgan bo‘lsa, talabaning o‘qishini mazkur oliy ta’lim muassasasining turdosh bakalavriat ta’lim yo‘nalishi (magistratura mutaxassisligi) bo‘yicha, agar bunday bakalavriat ta’lim yo‘nalishi (magistratura mutaxassisligi) mavjud bo‘lmasa, turdosh bo‘lmagan bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga (magistratura mutaxassisligiga) ko‘chirib tiklash masalasi ariza bilan birga ko‘rib chiqiladi va Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomda belgilangan tartibda hal etiladi.
AKADEMIK TA`TILDAN QAYTGACH, ILGARI O`ZLASHTIRGAN FANLARINI QAYTA O`ZLASHTIRISH MAJBURIYATI YUKLANADIMI?
Akademik ta’tildan belgilangan muddatda qaytgan talabalarga ilgari o‘zlashtirilgan fanlarni qayta o‘zlashtirish majburiyati yuklatilmaydi.
AKADEMIK TA`TILDAN O`Z VAQTIDA QAYTMASA TALABA TALABALAR SAFIDAN CHETLASHTIRILADIMI?
Akademik ta’til muddati tugagandan so‘ng o‘qishga qaytmagan va natijada bir semestr davomida darslarni uzrli sabablarsiz 74 soatdan ortiq qoldirgan talaba oliy ta’lim muassasasidan chetlashtiriladi.(Ushbu band talablari o‘quv jarayoni kredit-modul tizimiga o‘tgan oliy ta’lim muassasalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.)