Nikoh tuzish tartibi
Nikoh nikoh tuzishni xohlovchi shaxslar bu to‘g‘rida belgilangan namunadagi yozma yoki elektron ariza bilan murojaat etgan kundan keyin bir oy o‘tgach FHDY organi tomonidan qayd etiladi.
FHDY organlari tomonidan nikohlanuvchi shaxslarning nikoh tuzilganligini qayd etish to‘g‘risidagi arizasini qabul qilishda belgilangan tartibda tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun yo‘llanma beriladi, O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 17-moddasi ikkinchi qismida ko‘rsatilgan holatlar bundan mustasno.
Bunda ellik yoshgacha nikoh tuzuvchi shaxslar OIV-infeksiyasi yuzasidan tibbiy tekshiruvdan majburan o‘tishi kerak. FHDY organi mudiri uzrli sabablar bo‘lganda hamda arizachilarning iltimoslariga ko‘ra bir oylik muddatni qisqartirishi mumkin.
Bunda uzrli sabablarni tasdiqlovchi — bolalarining tug‘ilganligi haqidagi guvohnomalari, tibbiyot muassasasining kelinning homiladorligi yoki bir tarafning kasalligi haqidagi ma’lumotnomasi, xizmat safari to‘g‘risidagi guvohnoma va shu kabi hujjatlar ko‘rsatiladi.
Nikohni qayd etish muddatini uzaytirish nikoh tuzuvchilarning birgalikdagi arizalariga binoan ko‘rib chiqiladi. Ayrim hollarda yetarli asoslar bo‘lgan taqdirda, shuningdek FHDY organining tashabbusi bilan ushbu muddat uch oygacha uzaytirilishi mumkin. Belgilangan namunadagi ariza nikohlanuvchilarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari asosida to‘ldiriladi va barcha savollarga aniq va to‘liq javoblar berilishi kerak. FHDY organi arizani qabul qilayotganda nikohlanuvchilarga nikoh tuzish tartibi va shartlarini, kelgusida er-xotin va ota-ona sifatida vujudga keladigan huquqlari va majburiyatlarini tushuntirishi va bir-birining salomatliklari to‘g‘risida va oilaviy ahvoli to‘g‘risida xabardor ekanliklariga ishonch hosil qilishi kerak.