January 19, 2024

Topib olingan (tashlab ketilgan) bolaning tug‘ilganligini qayd etish tartibi haqida bilasizmi?  

Topib olingan (tashlab ketilgan) bolaning tug‘ilganligini qayd etish ichki ishlar, vasiylik va homiylik organlari, bola joylashtirilgan muassasa ma’muriyati yoki tibbiyot muassasasining arizasiga binoan amalga oshiriladi. Bolani topib olgan shaxs bu haqda yigirma to‘rt soat mobaynida ushbu tumandagi ichki ishlar organiga yoki vasiylik va homiylik organiga xabar berishi kerak.

Ichki ishlar, vasiylik va homiylik organlari, bola joylashtirilgan muassasa yoki tibbiyot muassasasi ma’muriyati bola topilganidan keyin yetti ish kunidan kechikmagan muddatda FHDY organlariga topib olingan (tashlab ketilgan) bolani qayd etish haqida murojaat etishlari shart.Topib olingan (tashlab ketilgan) bola tug‘ilganligini qayd etish haqidagi arizada bolaning topib olingan vaqti, joyi va topib olingan paytdagi holati, yoshi, jinsi, vazni va bo‘yi haqidagi ma’lumotlar aniq ko‘rsatilishi zarur.Topib olingan (tashlab ketilgan) bolaning tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuviga ota-onasining familiyasi, ismi va millati to‘g‘risidagi ma’lumotlar ichki ishlar, vasiylik va homiylik organlari, bola joylashtirilgan muassasa yoki tibbiyot muassasasi ma’muriyatining ko‘rsatmalari asosida kiritiladi. Bunday holda bolaning va uning ota-onasi sifatida ko‘rsatilgan shaxslarning familiyasi bir xilda yoziladi. Onasi tomonidan tashlab ketilgan bolani qayd etish bola joylashtirilgan tibbiyot muassasasi yoxud bola joylashgan joydagi vasiylik va homiylik organi arizasiga muvofiq, bolaning onasi tomonidan tashlab ketilganidan 7 kun o‘tmasdan amalga oshiriladi. Onasi tomonidan tashlab ketilgan bolani qayd etish uchun arizada bolaning tashlab ketilgan vaqti, joyi va tashlab ketilgan paytdagi holati, yoshi, jinsi, vazni va bo‘yi haqidagi ma’lumotlar aniq ko‘rsatilishi zarur.Onasi tomonidan tashlab ketilgan bolaning familiyasi, ismi, ota ismi to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shuningdek ota-ona to‘g‘risidagi ma’lumotlar tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuviga yuqorida ko‘rsatilgan organlarning ko‘rsatmasiga binoan kiritiladi. Bunday holda bolaning va uning ota-onasi sifatida ko‘rsatilgan shaxslarning familiyasi bir xilda yoziladi.

Jarqo`rg`on tuman FHDY

bo`limi mudirasi Z.Jabborova