Til – millat ko`zgusi
Davlat tili — muayyan mamlakatda qonun chiqarish, ijroiya va sud hokimiyatlarida ish yuritish uchun rasmiy belgilangan til. 1989- yil 21-oktyabr kuni "Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili haqida"gi qonun qabul qilindi. Bu qonun oʻzbek xalqi milliy ongining rivojlanishida, mamlakat mustaqilligi mustahkamlanishida, madaniy merosning tiklanishida muhim rol oʻynadi. Mazkur qonun qoidalari Oʻzbekiston Konstitutsiyasida mustahkamlab qoʻyildi. Konstitutsiyaning 4-moddasiga binoan Oʻzbekistonda Davlat tili—oʻzbek tilidir. Qoraqalpogʻistonda bunday maqom qoraqalpoq tiliga ham berilgan. Mamlakatda yuz berayotgan real jarayonlar va imkoniyatlarni hisobga olib, lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini uzil-kesil joriy etishni bosqichma bosqich amalga oshirib borish vazifasi til islohoti bilan bogʻliq masalalarga zarur tuzatishlar kiritish ehtiyojini tugʻdirdi,. 1995-yil 22 dekabrda Oʻzbekiston Respublikasining Davlat tili haqidagi qonuni yangi tahrirda qabul qilindi. Oʻzbek tilining Oʻzbekiston Respublikasi hududida Davlat tili sifatida amal qilishining huquqiy asoslari ushbu qonun bilan belgilanadi. Oʻzbekiston Respublikasida Davlat tilini oʻrganish uchun barcha fuqarolarga shart-sharoit yaratiladi hamda millatlar va elatlarning tillariga izzat-hurmat bilan munosabatda boʻlish, ularning rivojlanishi taʼminlanadi. Davlat.tilini oʻqitish bepul amalga oshiriladi (4-modda). Davlat tiliga yoki boshqa tillarga mensimay yoki xusumat bilan qarash taqiqlanadi. Fuqarolarning oʻzaro muomala, tarbiya va taʼlim olish tilini erkin tanlash huquqini amalga oshirishga toʻsqinlik qiluvchi shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladilar (24-modda). Mamlakatda demokratik, baynalmilal tamoyillarga rioya qilinib, har bir millat va elatning erkin rivojlanishi, ularning til mustaqilligi va tengligi taʼminlangan. Taʼlimtarbiya ishlari oʻzbek tilidan tashqari tojik, rus, qozoq, koreys, turkman, qirgʻiz tillarida ham amalga oshiriladi. Milliy markazlarning faoliyati uchun yetarli imkoniyat yaratilgan. Shaxsga millati, irqi, tili, urf-odat va anʼanalariga qarab biror imtiyoz berish yoki shu vajdan huquqlarini cheklash javobgarlikka sabab boʻladi.