“11-oktabr – Xalqaro qizlar kuni munosabati bilan “Queen lawyer” ko‘rik-tanlovini o‘tkazish tartibi
1. “Queen lawyer” ko‘rik-tanlovi Toshkent davlat yuridik universiteti talaba-qizlari o‘rtasida o‘tkaziladi.
2. Iqtidorli talaba-qizlarni aniqlash va rag‘batlantirish, talaba-qizlar o‘rtasida sog‘lom raqobat va ijodkorlik muhitini yaratish, ularda erkin fikr bildirish, notiqlik mahoratini oshirish, fuqarolik pozitsiyalarini mustahkamlash, jamoatchilik fidoiylik fazilatlarini shakllantirish, talabalik nufuzini oshirish Tanlovni o‘tkazishning maqsadi hisoblanadi.
3. Tanlov har yili an’anaviy tarzda “11-oktabr–Xalqaro qizlar kuni” munosabati bilan o‘tkaziladi.
4. Tanlovning universitet bosqichida ishtirok etish istagida bo‘lgan talaba-qizlar ishchi guruh tomonida kasting asosida tanlab olinadi.
5. Tanlovning universitet bosqichda jami 8 nafar talaba-qizlar ishtirok etadi. Tanlovning universitet bosqichi 13-oktabr kuni o‘tkaziladi.
6. Tanlov ishtirokchilari 3 ta shart bo‘yicha o‘zaro bellashadilar.
Bunda qizlar o‘zlarining kiyinish madaniyati, o‘zbekona odobi, ijodiy va intellektual salohiyati hamda egallagan bilimlarini amalda ko‘rsata bilishlari talab etiladi. Ishtirokchilarning shartlar bo‘yicha chiqishlari hakamlar hay’ati tomonidan 5 ballik me’zon asosida baholanib boriladi.
Hakamlar hay’ati tarkibi ilm-fan va madaniyat sohasida yuqori natijalarga erishgan va tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislar orasidan tanlab olinadi.
1-shart: Tanishtiruv sharti. Bunda ishtirokchilar 8 daqiqalik vaqt reglamentiga amal qilgan holda ijodiy yondashuv asosida qura tanlash yo‘li bilan tanlangan millat obrazida o‘zlarini tanishtiradilar. Ushbu shartda nomzodlardan tashqari yordamchi ishtirokchilar ham sahnaga chiqish huquqiga ega. (She’r, qo‘shiq, raqs….)
Mazkur shart uchun 10 daqiqalik vaqt reglamenti belgilanadi.
2-shart: Psixologik savol-javoblar. Ushbu shartda ishtirokchilarga psixologik savollar taqdim etiladi. Ishtirokchilar o‘zlariga taqdim etilgan konvertlardan birini tanlaydi hamda berilgan savollarga to‘liq va aniq javob beradilar. (Rus tili guruhlarida ta’lim oladigan talaba qizlar savollarga rus tilida javob beradilar)
3-shart: Milliy liboslar ko‘rgazmasi. Ushbu shartda ishtirokchilar o‘zlari tanlagan davlatlarning milliy liboslarini noan’anaviy tarzda ko‘rsatib berishlari talab etiladi. Ishtirokchilar eng kamida 10 ta libosni yordamchi qizlar ishtirokida badiiy yondoshgan holda ko‘rsatib berishlari lozim.
7. “Queen lawyer” ko‘rik-tanlovining universitet bosqichida 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan ishtirokchi Toshkent davlat yuridik universiteti rektori tomonidan darajali diplom va maxsus sovg‘a bilan taqdirlanadi.
Tanlov nizomiga muvofiq g‘olib ishtirokchiga tanlovning ramziy lentasini tantanali ravishda “Queen lawyer” ko‘rik-tanlovi sohibasi taqdim etadi.