August 22, 2018

Sektorlar rahbarlari Xovosda olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi

SIRDARYO YANGILIKLARI

O'zLiDeP Online Axborot 24 "OA24" xizmati

Sektorlar rahbarlari Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida aholi bilan muloqot o‘tkazib, hududda olib borilayotgan obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi. 

Tumandagi Sohibkor mahallasida “Obod qishloq” dasturi asosida keng ko‘lamli qurilish-obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Mahalladagi 504 xonadonda 700 dan ortiq oila istiqomat qiladi. 28 oila kam ta’minlangan, nogironi bo‘lgan oilalar 41 ta, pensionerlar 502, maktab yoshidagi bolalar soni 818 nafarni tashkil etadi.

Mahalla fuqarolar yig‘inidan olingan ma’lumotga ko‘ra, qishloqda mehnatga layoqatli aholi soni 680 nafar bo‘lgani holda, ularning 378 nafari ishsizdir. 

Sohibkorda mavjud 10 ko‘chaning jami uzunligi 7,8 kilometr. Ko‘chalar o‘ydim-chuqur,qishda loy, yozda chang bo‘ladi. Shu sabab ko‘chalarda qayta ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Uylar qaytadan raqamlanib, ko‘chalar qayta nomlanmoqda.

Mavjud 11 ko‘p qavatli uyda 140 oila istiqomat qiladi. “Yo‘l xaritasi”ga ko‘ra “Sohibkor obodligi” xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati tashkil etilib “Ipoteka bank” viloyat bo‘limida hisobraqami ochilgan.

Ko‘p qavatli uylarda pudratchi “Oybek Ulug‘bek invest” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan ta’mirlash ishlari boshlab yuborilgan. Uylarning tom, fasad, kirish, yerto‘la qismlari qayta ta’mirlanadi. Shu kungacha 5 ko‘p qavatli uyning tom qismini ta’mirlash ishlari nihoyasiga yetkazildi.

Ayni paytda noqonuniy qurilmalar buzilib, chiqindilar belgilangan joyga tashib chiqarilayotir. Obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlariga ko‘p qavatli uylarda istiqomat qiluvchi aholi ham ko‘maklashmoqda.

Bunyodkorlik-obodonlashtirish ishlarida mahalla ahli faol ishtirok etayotir. Masalan, tadbirkor Kazbek Sabitov hammom va sun’iy qoplamali mini-stadion qurish niyatida. Tadbirkorga yer maydoni ajratish to‘g‘risida tuman hokimining qarori qabul qilindi. Hozir yer tekislash ishlari amalga oshirilmoqda. Ushbu loyiha amalga oshgach 10 nafar qishloq aholisi ish bilan ta’minlanadi. 

Mahalladagi 7-umumta’lim maktabi 420 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, amalda bu yerda 828 o‘quvchi tahsil olmoqda. Shuning uchun maktabni tubdan qayta ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Maktab binosiga qo‘shimcha yana 650 o‘rinli o‘quv binosi qurilayotir. Mustaqillikning 27 yillik bayrami arafasida foydalanishga topshiriladigan umumta’lim maktabi o‘quvchilarga munosib sovg‘a bo‘ladi.

Qishloqda oilaviy poliklinika, qishloq vrachlik punkti, maktabgacha ta’lim muassasasi yo‘q.

– “Obod qishloq” dasturi doirasida tadbirkor Fayzulla Tolipovga 100 o‘rinli maktabgacha ta’lim muassasasi va 2 qavatli mini-market qurish uchun yer maydoni ajratildi, – deydi “Sohibkor” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Abdunazar Hasanov. – Tadbirkor bu ishlarni amalga oshirish uchun bankdan kredit olish bo‘yicha hujjatlarni rasmiylashtirmoqda. Loyiha amalga oshgach 20 yigit-qiz ish bilan ta’minlanadi. 

Mahallada 12 kilometr uzunlikdagi elektr havo tarmog‘i va 7 transformator mavjud bo‘lib, barcha transformatorlar kapital ta’mirdan chiqarildi. 24 dona eski simyog‘ochbetonlisiga almashtirilib, qo‘shimcha yana 200 ta beton tayanchga talabnoma berildi. 640 metr havo tarmog‘i SIP-4 zamonaviy kabel tarmog‘iga almashtirildi.

Jami 4,2 kilometrlik yer osti tabiiy gaz quvuri, 7 dona GRP (RDK-40, RDK-50) o‘rnatish maqsadida tuman gazlashtirish idorasi mutaxassislari tomonidan montaj ishlari olib borilmoqda.

Qishloqqa Jahon banki tomonidan ajratilgan mablag‘ hisobidan Jizzax viloyatining Zomin tumanidan suv quvuri tortib kelinmoqda. “Obod qishloq” dasturi doirasida esa mahalliy byudjetdan ichki yo‘llarga 2,5 kilometr uzunlikdagi ichimlik suvi liniyasini tortish uchun 380 million so‘m mablag‘ ajratildi. Bundan tashqari, hozir viloyat “Suvoqova” DUK tomonidan Sohibkor mahallasi hududidan ichimlik suvi tik qudug‘i qazish ishlari olib borilmoqda.

“Sohibkor” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida "Obod qishloq” dasturiga asosan 6 zamonaviy maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi va 60 ishchiga mo‘ljallangan tikuvchilik sexi ochish ham rejalashtirilgan.

Ⓜ️anba:Abdujalol Qayumov, O‘zA

O'zLiDeP Online Axborot 24 "OA24" xizmati Bosimov Islomnur