July 15, 2021

Jeyn Ostinning "Andisha va g`urur" asari asnosida

Aksariyat kitobxonlar romantik ruhdagi qiz-yigit munosabatidan iborat boʻlgan asarlarni u qadar pisand qilmaydilar. Toʻgʻri, kitobning asosiy vazifasi insonning dunyoqarashini oʻstirish, saviyasini yuksaltirishdir. Ammo inson baʼzan kitobni, shunchaki, zavq olish uchun, orzular roʻyobidagi shodlikni, hech boʻlmasa, asardan his qilish uchun mutolaa qilsa, buning hech yomon joyi yoʻq. Chunki romantika, tuygʻular qanchalik ensamizni qotirmasin, hech birimizning "aqlli boshimiz" bu tushunchalardan xoli emas.

Jeyn Ostinning "Andisha va gʻurur" asarida ham sof muhabbat tantanasi tarannum etilgan boʻlib, unda gʻurur va magʻrurlik kabi mavhumliklarning inson hayotiga tub burilish yasovchi kuchga ega ekanligi juda chiroyli ochib beriladi (negadir asarda "andisha" taʼsirini sezmadim).
Yozuvchi sujetni yoritar ekan, qahramonlar xarakterida aqllilik yoki nohaqlik qilmaydi. Personajlar asar boshida qanday koʻrinishda boʻlsa, oxirigacha shunday qoladi. Roman ikki insonning qizgʻin sarguzashtlari, kutilmagan muhabbatlari haqida boʻlib, ular oʻz tuygʻularini dunyo yaralganidan beri mavjud boʻlgan moddiy tafovutning sovuq shabadasidan qanday omon olib oʻtganliklari zavqli lavhalar bilan yoritilgan. Shuningdek, asarda oilada tarbiyaning oʻrni naqadar muhim ekanligi, tarbiya inson taqdirini belgilovchi qudratga egaligi ravshan dalillar bilan isbotlanib, havoyi orzular ustidan kulinadi.
Koʻpchilikka "murod-maqsadiga yetibdi" tipidagi "baxtli toʻy" bilan yakunlanuvchi asarlar maʼqul kelmaydi. Lekin biz tabiatan qanchalik realist yoki nigilist boʻlmaylik, qalbimizning tub-tubida (hech boʻlmaganda, oʻzimizga nisbatan) xayrli yakunni sogʻinamiz. Asar qahramonlari ham kichikkina umidni haqiqiy baxtga aylantira olganlari oʻquvchi qalbini joʻshqinlikka, zavqqa toʻldiradi. Asarni oʻqish jarayonida shunga amin boʻldimki, bizning nutqimiz kambagʻal, zabonimiz yalqov. Shu sabab, asarlarimizni goʻzal nutqlar, aqlli dialoglar bilan boyitolmaymiz.
Mazkur asarda qahramonlar (ayniqsa, Elizabet va Darsi)ning nutqlari shu qadar mukammalki, yuksak didli kitobxon ham ularni qayta-qayta oʻqiydi.
Bizning asarlarda ham gʻoya, mavzu, fikr juda kuchli boʻlishi mumkin, lekin shuni chiroyli ifodalay olmaymiz. Aslida, adabiyotning vazifasi "qanday tasvirlash" emasmi?!
"Bu bilan oʻzbek asarlarini yerga urmoqchimisiz?" deya qosh chimirganlarga Haynecha javobim: "Men Vatanni (adabiyotimizni ham) sizlardan kam sevmayman..." Albatta, XX asr adabiyoti bu borada bir qadar kuchli. Keyingi davrdagi nasrimiz oqsoqligi tufayli asta-sekin qadam tashlayotgani esa tan olish kerak boʻlgan fakt. Toʻgʻri, men yozuvchilarimizning oʻndan bir qismicha ham yozolmasligim mumkin. Lekin taom taʼmini nozik his qilish uchun oshpaz boʻlish shart emas...

Maftuna NURBOYEVA