Kichik ustaxonadan to gigant kompaniyagacha. “Nike” brendining tarixi
Buyuk tarixning boshlanishi. Brend asoschilarining uchrashuvi
Hammasi 24 yoshli yigitning hayotini o'zgartirish va tarixda o'z nomini qoldirish haqidagi orzularidan boshlandi. Stenfordning yosh bitiruvchisi Fil Nayt otasidan bir necha yuz dollar olib, tavakkal qildi va sport poyabzallari dunyosida inqilob qila oldi.
“Nike”ning bo’lg’usi asoschilari 1957-yilda Oregon universitetida uchrashib qoladilar. Bill Bauerman yengil atletika bo'yicha murabbiy bo’lib ishlar edi. Fil Nayt esa birinchi bosqich talabasi edi. Sportga ishtiyoqli bu ikki kishi darhol til topishdi. Bill Bauerman nafaqat jismoniy tayyorgarlikka, balki har tomonlama rivojlanishiga katta e'tibor berib, universitet talabalari orasidan ko'plab olimpiya chempionlarini tarbiyalagan edi. 1972-yilda u AQSh yengil atletika olimpiya terma jamoasi murabbiyi lavozimiga taklif qilindi.
Fil Nayt afsonaviy murabbiy qo’l ostida shug’ullanish uchun Oregon universitetiga o'qishga kirdi. Bill Bauerman yosh sportchiga natijaga e'tibor bermaslikni va jamoaviy mahoratini oshirishni o'rgatdi. Universitetni tugatgach, Fil Stenfordga o'qishga kirdi va "Yaponiyada ishlab chiqarishni rivojlantirish istiqbollari" mavzusida ilmiy ish himoya qildi. Talaba yaponiyalik ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlik qilish g'oyasidan ilhomlandi. U AQShga arzon sport krossovkalarini eksport qilish professional sportchilar uchun qimmatbaho poyabzallarga yaxshi alternativa bo'lishi mumkinligini tushundi. O'sha paytda arzonroq sport krossovkalari juda noqulay va katta hajmli edi. Fil Nayt o'zgarishlar qilishga va nemis sport brendlari bilan raqobatlashishga qaror qildi.
Bill Bauerman o’rgatgan raqobat ruhi va jamoaviy hamkorlik — keyinchalik “Nike” brendi korporativ madaniyatining asosini tashkil etdi. U kashfiyotchi edi va atrofidagi narsalarni, shu jumladan sport poyabzali va jihozlarini yaxshilashga intildi. O'zining talabalariga rekordlarga erishish uchun yengil poyafzal ixtiro qildi.
Hammasi nimadan boshlandi?
1962-yilda talaba (Fil)Yaponiyaga yo'l oldi va u yerdan Tiger sport kiyimlarini AQShga olib kelish uchun shartnoma imzoladi. Nayt o'zi vakillik qiladigan “Blue Ribbon Sports” (1964—1978-yillarda shu nom bo’lgan) kompaniyasi nomi bilan chiqishni afzal deb bildi. 1963-yilda Yaponiyada ishlab chiqarilgan 300 ta poyabzalning birinchi partiyasi sotuvga chiqarildi. O’shanda Fil kir yuvish xonasini omborxona sifatida ishlatdi. 1964-yilda Nayt ustozi Bill Bauermanni to'liq sheriklik asosida hamkorlikka taklif qiladi. Murabbiy va uning sobiq shogirdi boshlanajak ish uchun 500 dollardan mablag’ tikishdi. Ularning ilk biznesi shaxsiy munosabatlarga asoslanadi — Bill va Fil tanish sportchilar, murabbiylarga yengil va qulay poyafzallarning afzalliklari haqida gapirib berishadi. Ular avvaliga 300 juft sotib 8000 dollarga yaqin pul ishlab topishdi.
Bir yildan keyin kompaniya kengayishni boshlaydi. Naytning universitetdagi sobiq raqibi Jeff Jonson "Blue Ribbon Sports Sports" ning birinchi rasmiy ishchisiga aylandi. U yengil atletika musobaqalarida ishtirok etar va sportchilarga Tiger sport kiyimlarini reklama qilib sotardi.
Jeff — brendning muallifidir: 1965-yilda sport kiyimlarini nomini g'alaba ma'budasi Nikni sharafiga atashga qaror qildilar. 1966-yilda Jonson “Blue Ribbon Sports” ustaxonasida birinchi marotaba poyabzallar tikishni boshlab yubordi. Sobiq sportchi Santa Monikadagi kichkina xonada birinchi prototiplarini ishlab chiqarar, ham o’sha yerda birinchi savdo nuqtasi sifatida sotardi.
Ilk omad va mag’lubiyatlar
Fil 1971-yilda kichik kompaniyasining daromadini oshirish uchun universitetda ishlay boshlaydi. U yerda kelajakda “Nike” uchun “swoosh” ixtiro qiladigan Kerolin Devidson bilan uchrashadi. Fil qizni logotip o’ylashga yollaydi. Qiz o'nlab variantlarni taklif qiladi, ammo hech qaysinisi Naytga yoqmadi. Oxir oqibat Fil "swoosh" ni tanlashga majbur bo’ladi, chunki krossovka ortilgan yuk mashinalari Meksika bilan chegarada logotipni kutib turishgandi.
Fil rasmni unchalik yoqtirmaydi, lekin qizga logo uchun ko'nikishga va'da beradi. Karolin bu uchun atigi 35 dollar olgan. Keyinchalik kompaniya asoschisi qizga minnatdorchilik sifatida unga “Nike” aksiyalarining bir qismini, shuningdek, olmos uzukni berdi.
Biznes rivojlana boshlaydi va muvaffaqiyat bilan birga birinchi muammolar paydo bo'ladi. Yaponiyalik poyabzal yetkazib beruvchisi brendning tez o'sayotganini ko'rib, Naytning ulushini sotib olishni taklif qiladi va “Nike”ni AQShdagi eksklyuziv distribyutor huquqidan mahrum qiladi. Yaponiyaliklarning ultimatumi bu ishni sudgacha olib bordi. Shundan so'ng poyabzallar tuzilishidagi ayrim chiziqlarni o’zgartirib, bu mash-mashadan qutildilar.
1972-yilgi Olimpiada o'yinlarida
“Nike” Moon Shoe krossovkasini taqdim etdi. U kauchuk bilan tajriba o'tkazgan Bill Bauerman tomonidan asos solingan.
“Blue Ribbon Sports” sport tovarlarini xorijga eksport qilishni boshlaydi. Kanada birinchi bozorga aylandi. “Nike” daromadi sezilarli darajada oshdi: 1972-yilga kelib sof daromad 1,96 million dollarni tashkil qildi.
Sportga ishtiyoqli Nayt, professional sportchilarni qo'llab-quvvatlash muhimligini tushundi. Kompaniya yangi va taniqli sportchilarni hamkorlikka taklif qiladi. Nayt shunday qildiki, 1976-yilda bo'lib o'tgan Olimpiada o'yinlarida aksariyat sportchilar “Nike” brendi ostidagi sport krossovkalarida o’zaro raqobatlashadi. Brend ko’pchilikka taniqli va mashxur bo’ldi. 1980-yilga kelib “Nike” krossovkalari AQShda eng ko’p xarid qilinadigan oyoq kiyimiga aylandi.
1981-yilga kelib “Nike” kompaniyasining ishchilarining to'liq soni 3000 kishiga yaqinlashdi va daromadi 458 million dollarni tashkil etdi.
“Nike” sport yulduzlari
Ish boshida Fil Nayt va Bill Bauerman o'zlarining asosiy maqsadlari sportchilarga o'zlarini yengil his qilishlari uchun qulay sport anjomlarini ishlab chiqarish ekanligini belgilab olgandilar. “Nike” atletlar, tennischi, futbolchilar va basketbolchilar bilan faol ishladi va ularga rekordlar o'rnatishga yordam beradi. Sportchilar bilan hamkorlik foyda keltirib, mijozlarning sodiqligini oshirdi va kompaniyaning xalqaro bozorlarda yangi istiqbollarini ochdi.
“Nike” sport yulduzlari
1972-yil Oregon Universiteti jamoasi futbolchisi Dan Fuots “Nike” oyoq kiyimida o'ynaydi. Keyinchalik u professionallar o'rtasidagi Chempionlar kubogining olti karra g'olibiga aylandi.
1973-yil Stiv Prefonteyn “Nike” poyabzallarini kiygan birinchi professional sportchiga aylandi. Atletika bo'yicha olimpiya chempioni hamkasblarini brend sport poyabzali kiyishga undagan.
1980-yil ingliz atleti Stiv Ovett 800 metrga yugurishda “Nike” oyoq kiyimida bo’lgan va marraga birinchi bo'lib yetib keldi. “Nike” u bilan birga g'alabani nishonlagan.
1984-yildagi Nike krossovkasida sportchi Joan Benoit birinchi Olimpiya ayollar marafonida jahon rekordini o'rnatdi.
1985-yil afsonaviy basketbol yulduzi Maykl Jordan “Nike” bilan shartnoma tuzadi.
1998-yil braziliyalik Ronaldo Mercury sport krossovkalari bilan katta yutuqlarga erishdi.
2010-yil Nike poyabzalida portugaliyalik Krishtianu Ronaldu jahon futbolining super yulduziga aylandi. U yangi Mercurial Vapor Superfly II butsalarida maydonda to’p surdi.
“Nike” imperiyasining bunyod bo’lishi
1988-yilda brend yangi Just Do It reklama kampaniyasini boshladi. Unda taniqli sportchilar ishtirok etib, “Nike” to'plamlarini reklama qiladilar. Ilhomlantiruvchi brend falsafasi nihoyatda muvaffaqiyatli bo’lib, katta daromadlar olib kelgan. 1990-yilda marka sifatli mahsulotlar va puxta o'ylangan reklama kompaniyasi tufayli sport va fitness uchun kiyim-kechak va poyabzal ishlab chiqarishda dunyoda yetakchiga aylandi.
Oregonda “Nike Jahon markazi” ochilgan. Mashhur sportchilar nomidagi yettita bino 53000 kvadrat metr maydonda joylashgan. Xuddi shu shtatda, Portlend shahrida birinchi “Nike City” chakana savdo do'koni ochilgandi. Bu yerda nafaqat sevimli brend kiyimlari va poyabzallarini sotib olish, balki sportdagi keyingi yutuqlar uchun ilhomlanish mumkin. Markazda ishlovchilar soni 4500 kishiga yetadi.
2000-yilda “imperiya”da falokat yuz berdi — Bill Bauerman vafot etdi. Biroq Bauerman asos solgan an'analar, raqobat ruhi va texnologiyalardagi innovatsiyalar hanuzgacha o'zgarmadi.
2010-yilda Nike futbolchilar uchun butunlay qayta ishlangan poyabzal to'plamini chiqardi. Butun futbol dunyosi uni sotib ola boshladi.
Kompaniyaning 2019-yildagi foydasi 24,2 mlrd. dollardan oshdi, Nike rekord darajada pul jamg’ardi va dunyoni egalladi.
Dunyoni o'zgartirish g'oyasi bilan boshlangan ishlar — bir necha o'nlab muvaffaqiyatli brendlarni o'z ichiga olgan yirik korporatsiya bilan yakunlandi. Fil va Bill orzulariga yetishdi, ular o’ylaganidek sportchilarga qulaylik yaratildi. Brendning sport an'analariga doimiy sodiqligi, texnologiyalarni doimiy ravishda takomillashtirib borishi, innovatsiyalarni sevishi va yengilmas ruhi “Nike”ni dunyoda yetakchi brend darajasiga olib chiqdi.