February 24, 2021

Besabrlik Oqibati

Bir tabibning juda ziyrak , lekin besabr shogirdi bor ekan. Bir kuni tabibning oldiga bir ko'r odamni olib kelishibdi. Tabib shogirdiga malham tayyorlashni buyurib , qanday giyohlar solish kerakligini aytibdi. Shogirdi hamma ishni ustozi aytganidek bajaribdi. Malhamni bemorning ko'ziga qo'yishibdi. Ertasiga ko'r odamning ko'zlari ochilib , ko'ra boshlabdi. Bundan sevingan bemorning qarindoshlari tabibga minnatdorchilik bildirib , sovg'a - salomlar berishibdi.

Shogirdining bir qo'shnisi bo'lib , ancha yillardan beri ko'zining xiraligidan nolib yurar ekan. U ustozi kabi shuhrat qozonishni o'ylab , uni davolamoqchi bo'libdi va oldingi ko'rga tayyorlagani kabi malham tayyorlab , uning ko'ziga qo'yibdi. Lekin ertasiga qo'shnisining ko'zi umuman ko'rmay qolibdi. Buni eshitgan tabib:

- Har bir kasal egasining o'ziga xos kasallik sabablari bo'ladi. Ularni atroflicha o'rganib , keyin dori tayyorlanadi. Bu esa ancha tajribani talab qiladi. Senday shoshqaloqlar esa nonvoylikdan boshqa narsaga yaramaydi , - deb jo'natib yuboribdi.

Xulosa

Shon - shuhratga shoshqaloqlik bilan emas , balki mehnat va izlanish bilan erishiladi.