Bugungi ishni ertaga qo'yma
Bir odam hamma o'tadigan yo'lga tikan ekibdi. Tikanlar o'sib , yo'ldan o'tadigan odamlarga qiyinchilik tug'dira boshlabdi. Yo'lovchilar :
- Bu tikanlarni yulib tashla! Odamlarni qiynayapti , - deyishibdi.
U kishi bu gaplarni eshitibdi , ammo unchalik e'tibor bermabti.
Oradan bir oz vaqt o'tgach , o'sha joyning ulug'i , hamma hurmat qiladigan kishi tikan ekkan odamga :
- Qo'shni haqqi muhimdir. Bu haqqa hiyonat qilma va tikanlarni yulib tashla , - debdi.
Odam umuman e'tiroz bildirmay :
- Albatta. Sizni hafa qila olmayman. Ularni tez orada yulib tashlayman , - debdi.
Oradan kunlar o'tibdi. Odam o'ziga - o'zi : bugun , ertaga , deb yuraveribdi. Tikanlarni yulib tashlamabdi. Tikanlar ham o'sib kattalashib ketaveribdi. Har kuni ko'proq zarar beradigan darajada o'saveribdi.
Nuroniy chol yana kelibdi. Tikan ekkan kishiga :
- Ey gapida turmaydigan odam , tikanlarni yulib tashla. Bu ishni qachongacha cho'zib yurasan , - debdi.
- Otajon , xavotir olmang. Tikanlarni bugun bo'lmasa ertaga , albatta , yulib tashlayman.
- Yaxshilab quloq sol. Bugun - erta , deb bu ishni kechiktiryapsan. Har bir o'tgan kun hisobiga bu tikanlar kuchliroq tomir otyapti. Bu ketishda ular daraxtga o'xshab ketadi. Sen bo'lsang , aksincha , har kuni qariyapsan , kuchdan qolyapsan. Bu ishning oxiri nima bo'ladi , bilasanmi? Bugungi ishni ertaga qo'yma , keyin afsuslanasan , - debdi chol.
XULOSA
Haqiqatdan ham bugungi ishni ertaga qo'yib bo'lmaydi. Ertaning ham o'z ishi bor. Ertaning ishlari bugungi ishlarni bajarishingga xalal beradi , barchasini bajarishga ulgurmaysan. O'z vaqtida qilingan ish har tomonlama foydalidir.