Qalb Kasali
Qadim zamonda qattiqqo'l bir vazirning o'g'li betob bo'lib qolibdi. Tabiblar uning dardi nimada ekanini bila olishmabdi. O'zidan so'rashsa , javob bermabdi. Yigitning ahvoli kundan - kunga og'irlashibdi. Nihoyat , o'zga yurtlarga ham dong'i ketgan bir tabibni topib kelishibdi.
Tabib yigitning tomirini ushlab ko'rib , uning sevgi kasaliga mubtalo bo'lganini aniqlabdi. Yigitdan qizning kimligini so'rashsa , u lom - mim demabdi. Nima qilishlarini bilmay turganlarida tabib shahar mahallalarini yaxshi biladigan odamni chaqirishni so'rabdi. Shunday odamni topib kelishibdi.
Tabib unga shahar mahallalarining nomini birma - bir aytishni buyurib , o'zi yigitning tomirini ushlab turibdi. Qiz yashaydigan mahallaning nomi aytilganda yigitning yuragi tezroq ura boshlabdi. Shunday qilib , qiz yashaydigan mahallani aniqlashibdi. Endi shu mahallada yashaydigan va u yerdagi qizlarning ismini biladigan ayolni chaqirishibdi. U mahallasidagi qizlarning nomini birma - bir aytibdi , shunda yigit sevgan qizning nomini aniqlashibdi.
Bundan sevingan vazir qizning uyiga sovchilarni yuborib , uni o'g'liga to'y - tomosha qilib olib beribdi. Yigit kasalini unutib , sevgani bilan baxtli hayot kechira boshlabdi.
Xulosa
Tadbir bilan qilingan har bir ish , albatta , o'z natijasini beradi.