Zuluk “Beminnat Shifokor”
Tabiatdagi har bir jonzot yoki o'simlik bejizga yaratilmagan. Ularga Alloh taolo tomonidan ma'lum bir vazifa yuklangan. Ko'rinishidan nazarga ham kirmaydigan birgina oddiy zulukni olib ko'raylik: zuluk qariyb uch ming yil davomida ko'pgina o'lkalardagi xalqlar orasida tabiblar tomonidan bir necha xil kasalliklarga davo sifatida ishlatib kelingan. Faqih Abu Lays Samarqandiy bu to'g'rida shunday deydilar: "Zuluk qo'yib qon oldirish mustahab amal sanaladi". Payg'ambar alayhissalomning bir hadislarida: "Zuluk bilan qon oldirishda shifo va baraka bor. U aql va xotirani kuchaytiradi", deyilgan. U zot biror kishi xastaligidan shikoyat qilsa, faqat zuluk qo'ydirishni buyurganlari rivoyat qilingan.
Ikkinchi asrning ulug' hakimlaridan Jolinus va o'ninchi-o'n birinchi asrlarning atoqli tabibi Abu Ali ibn Sino ham zuluk bilan davolashga katta e'tibor berishgan. Abu Ali ibn Sino o'zining "Tib qonunlari" kitobida zuluk soldirishning afzalliklari, tartib-qoidalari haqida batafsil ma'lumot bergan.
Zulukning 270 ta tishi bo'lib, ana shu tishlar ostidagi girudin moddasini inson tanasiga yuborish orqali qonni suyultiradi, tomirlardagi qonni kislorod bilan to'yintirib, yurakning kislorodga bo'lgan ehtiyojini qondiradi va bu bilan inson tanasidagi limfa bezlarining quvvatini oshirib, immunitetni kuchaytiradi.
Zuluk so'lagida yuz xildan ortiq fermentativ modda bo'lib, inson tanasida qon aylanishini yaxshilash bilan bir qatorda tanada to'planib qolgan yog'larni tarqatib, terini mayin va go'zal qiladi, ortiqcha vaznni yo'qotadi.
Inson organizmida sakkizta bioenergetik markaz bor, ular tepa suyakda, qosh o'rtasida, bo'yin chuqurida, to'sh suyagida, qorataloqda, chap ko'krakda, qorin pastida va dumg'azada joylashgan. Zuluk qo'yish paytida ana shu bioenergetik markazlarga alohida e'tibor berish zarur bo'ladi. Bir yilda yoki olti oy davomida zuluk bilan profilaktika muolajasini olgan insonlarda hech qanday kasalliklar alomatlari kuzatilmaydi.