Limon
Shifobaxshligi va xushbo'yligi, rangi tovlanishi va tanaga rohat bag'ishlash xislatlari bilan mashhur rutadoshlar olilasiga mansub, tabiiy-iqlim sharoiti, tuproq tarkibiga qarab 2.5 - 4 metrgacha bo'lgan hamisha yashil bu daraxtni hamma biladi. Bargi qalin, tuxumsimon, uzunchoq, o'tkir uchli, yaltiroq bo'lib, qisqa bandi bilan poyalarda ketma-ket joylashgan bo'ladi. O'simlik gullari mayda, hidi yoqimli, mevasi tuxumsimon, g'o'ra paytida yashil, piship yetilgach, sariq ranga kiradi. Mazasi nordon, ko'p urug'li.
Keyingi vaqtlarda limon Markaziy Osiyo davlatlari, ayniqsa, O'zbekiston va Tojikistonda issiqxonalarda keng ko'lamda yetishtirilmoqda. Bizning tabiiy iqlim sharoitimizga mos serhosil va ta'mi yoqimli bir qator navlari ham yaratildi. Limonning faqat mevasi emas, xalq tabobati va ilmiy tibbiyotda, shuningdek, oziq-ovqat sanoati hamda parfyumeriya va farmaseftika bargi, navdalari, meva qobig'idan ham keng foydalaniladi.
Xalq tabobatida mevasi qon bosimi ko'tarilgan hollarda uni pasaytiruvchi vosita sifatida ishlatilsa, ilmiy tibbiyotda limon mevasidan vitaminlar yetishmasligi sababli kelib chiqadigan kasalliklarni davolashda foydalaniladi. Shuningdek, xalq tabobatida limon sariq, istisqo, siydik yo'llaridagi tosh, bavosir, o'pka sili, bot kasalliklariga tavsiya qilinsa, ilmiy tibbiyotda limon va uning sharbati me'da-ichak kasalliklari organizmda mineral tuzlar almashinuvi buzilganda, sharbati angina, faringit, bezgak bilan og'rigan bemorlar isitmasini tushurishda qo'llaniladi.
Bundan tashqari qator fazilatlarga ega bo'lgan limonning mizoji ikkinchi darajada sovuq va birinchi darajada quruq, ba'zilar ho'l deyishgan.
Uning shifobaxshlik xislatlari: uni yeyilsa, issiqdan bo'lgan bosh og'rig'i va boshga g'aliz moddalar hovuri bug'lanib chiqishidan sodir bo'lgan bosh aylanish dardlariga shifo baxshlaydi, xumorni bosadi va halqumning issiq shishlarini qaytaradi, savdo ko'paygani sababli sodir bo'lgan yurak o'ynashiga shifo bag'ishlaydi, safroning qaynashidan ko'tarilgan qon bosimini pasaytiradi, me'da haroratini tushiradi, safroli qayd qilish, yurakning behuzur bo'lishi, ovqatning hazm bo'lmay orqaga qaytishini bartaraf qiladi, issiq moddalarni jigardan tortib, me'da orqali tashqariga haydaydi, me'da va issiq mizojli jigarga kuch bag'ishlaydi, shuningdek, qon ko'payishidan sodir bo'lgan safroli isitmalarga, qonning badbo'yligi moddasiz va moddali kunora tutadigan isitmaga davo bo'ladi.
Limon iste'moli ichki asablar va sovuq mizoj yo'tali bor kishilarga zarar qiladi, agar me'da bo'shagan paytda yeyilsa, ichaklarni zaiflashtiradi va ushbu a'zolarda og'riq paydo qiladi. Ushbu zararlarning davosi asal va shakar yemoqdir. Shuni ham ogohlantirib qo'ymoqchimizki, limonning o'zini davomli yeyilsa, uyquni qochiradi. Shuning uchun uni oq qand yoki shakar bilan iste'mol qilmoq lozim.