January 15, 2020

Rayhon

Rayhon asosan suvli yerlarda urug'idan unib chiqab, yil davomida barglari yashnab, gullari ko'zni qamashtiradigan rayhonning navlari juda ko'p. O'rta Osiyo xalqlari azal-azaldan rayhonni hovlining ko'rki, xonadon fazilati sifatida ekib, bargi va gullaridan ovqatga xushta'm bag'ishlovchi vosita sifatida foydalanib kelganlar. Bargi va gullarini quritib, qish oylarida ham ovqatga solishgan, choy o'rnida qaynatib ichishgan. Balki, uning shifobaxshlik fazilatlarini bilishganidan shunchalar e'zozlashib, bog' va hovlilarga ekishgan, hatto qish oylarida gultuvaklarda ko'kartirishib, iste'mol qilishgan.

Rayhonning mizoji birinchi darajada issiq va ikkinchi darajada quruq.

Uning shifobaxshlik xislatlari: buni yeyilsa, miyadagi tiqilmalarni ochadi, hamma a'zolardagi shishlarni bartaraf qiladi, yurak o'ynashi, me'da zaifligi va nochorligiga shifo bo'ladi, shuningdek, yomon bodlarni badandan haydaydi.

Agar rayhon bargining suvini shakar bilan shirin qilib iste'mol qilinsa, ko'krak osti a'zolari, nafas olishdagi qiyinchilik va yo'talga barham beradi. Agar rayhonni chaynasa yoki suvi bilan og'izni chayilsa, og'iz ichining achishishini, uni og'iz pishishi ham deyishadi, bartaraf etadi.

Rayhonni suvda bir kecha ivitib qo'yib, ertasi o'sha suv ichilsa, badanning issiq a'zolarini sovuqqa aylantiradi, kuch bag'ishlaydi. Rayhonni hidlansa, issiqdan bo'lgan bosh og'rig'iga, shuningdek, safar chog'ida bosh og'rig'i paydo bo'lsa, og'riqlarni bosadi, vabo illatini daf etadi. Uning hididan zararli jonzotlar qochadi.

Urug'i hamma mizojlar uchun yoqimli bo'lib, mizojda bu mo'tadildir.

Shuni alohida ogohlantirmoq joizki, rayhon urug'ini tuyib, boshqa shifobaxsh vositalarga aralashtirishni tabiblar va hakimlar mumkin emas, deb ta'kidlamishlar. Tabobatda uning tanasidan olingan suv ham shifo. Lekin rayhonni tuygan paytda ana shu qismi barham topadi.

"Kifoyai mansuriy" kitobining muallifi va boshqa hakimlar rayhon urug'ining tuyilgani tarkibida man qiluvchi va qabziyat hosil qiluvchi quvvat ko'pligini ta'kidlashgan. Uning tuyilganini bodomlar yelimi bilan birga iste'mol qilinsa, ichketarni to'xtatishga yaxshi davo bo'ladi. Shuningdek, suvda qaynatib, suvi ichilsa ham ketayotgan ichni to'xtatib, bemorning holatini yaxshilaydi.