Shotut
Shotut ham baliq tutga o'xshab tutdoshlar oilasiga mansub daraxt bo'lib, poyasi qizil-qo'ng'ir po'stloq bilan qoplangan. Barglari yuraksimon, zihi yirik tishli bo'lib, gullari bir jinsli. Baliq tut va oq tut bahorda pishib, yozning o'rtalariga yetmay xazon bo'lsa, shotut yozning oxiri va kuzning o'rtalarigacha pishaveradi. Mevasining rangi qora yoki binafsha rang bo'lib, shirasi mo'l, ta'mi shirin va shirinturush, yoqimli, ishtaha ochar. Mevasining tarkibida ko'p foydali moddalar va organik kislotalar mavjud.
Shotut chanqoq bostiruvchilik va burushtiruvchilik xislatlaridan tashqari, ko'ngil ochish, quvvat bag'ishlash, ishtaha qo'zg'atish fazilatlariga ham ega. Xalq tabobatida shotut mevasi chilonjiyda mevasi bilan qaynatilib, difteriya, skorlatina xastaliklariga qarshi qo'llanilgan bo'lsa, ibn Sino bargining shirasi bilan tomoq, og'iz va tish kasalliklarini davolagan. Mevasini dizenteriya, bosh og'rig'i, qon ketish oldini olishda tavsiya qilgan.
Baliq tutga o'xshab shotutning mevasidan tashqari boshqa qismlari ham shifobaxshlik xususiyatlariga ega. Ayniqsa, bargi ko'p dardlarga darmon.
Shotut mevasining mizoji ikkinchi darajada sovuq va birinchi darajada quruq. Quritilgan mevasi qabziyatli.
Uning shifobaxshlik xislatlari: agar shotutning pishgan mevasi yeyilsa, badandagi qotgan moddalarni yumshatadi, yuqori qon bosimini pasaytiradi, safro xiltini titib, tarqatib yuboradi, halqumdagi issiq mizojli shishlarni qaytaradi va bartaraf etadi, shuningdek, halqum, til va boshqa a'zolarga moddalarning yuqoridan oqib tushishiga yo'l qo'ymaydi, chanqoqni bosadi, ishtahani ochadi. Agar shotut mevasining suviga ga'rg'ara qilsa yoki o'sha suvni og'izga olib aylantirilsa, og'iz bo'shlig'idagi yaralar, og'iz qizishi va uning toshmalari, halqum, og'iz bo'shlig'i va til shishlarini daf qiladi. Agar tut suviga kashnich va achchiq giyoh suvini aralashtirib shu amal bajarilsa ta'siri kuchliroq bo'ladi.
Shotut mevasi yeyilsa, ichaklar yallig'lanishi, issiq va qonli ich ketishlariga shifo bo'ladi. Ayniqsa, uning quritilganini kashnich suviga ivitib, ermon suvi bilan yeyilsa, zararli moddalarning badanning boshqa a'zolaridan me'daga oqib tushishiga yo'l qo'ymaydi.
Biroq shotut mevasini ortiqcha yeyish ko'krak ostidagi a'zolarga, o'pka va asabga zarari bor. Bunday holatlarda asal va anor suvi iste'mol qilish zararini bartaraf etish imkonini beradi.